BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali Ukrainaning qancha tinch aholisi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainada 24-fevral kuni boshlangan harbiy harakatlar davomida kamida 227 nafar fuqaro halok bo‘lgan va 525 kishi jarohat olgan.
“24-fevral kuni soat tonggi 04:00 da Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni boshlaganidan 1-mart yarim tungacha BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Ukrainada 752 nafar tinch aholi halok bo‘lgani yoki yaralanganini qayd etdi: ularning 227 nafari halok bo‘lgan (31 nafar erkak, 25 nafar ayol, 6 nafar o‘gil bola va 3 nafar qizcha, shuningdek, 6 nafar bola va 156 nafar katta yoshdagi insonlarning jinsini hozircha aniqlashning imkoni bo‘lmagan) va 525 nafari jarohat olgan (42 nafar erkak, 33 nafar ayol, 7 nafar qiz va 2 nafar bola, shuningdek, 19 nafar bola va 422 nafar katta yoshdagi insonlarning jinsini hozircha aniqlashning imkoni bo‘lmagan)”, — deyiladi hujjatda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tinch aholining o‘limi yoki jarohalanishiga keng ta’sir doirasiga ega portlovchi qurilmalar, jumladan, og‘ir artilleriya, reaktiv o‘t ochish tizimlari va aviahujumlar sabab bo‘lgan.
Boshqarma haqiqiy raqamlar bundan sezilarli darajada yuqori va qo‘shimcha tasdiqlanishlar lozim deb hisoblaydi. Chunki jangovar harakatlar davom etayotgan ayrim hududlardan ma’lumotlarning kelishi kechikmoqda.
24-fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbass aholisini himoya qilish, Ukrainani “demilitarizatsiya” va “denasifikatsiya qilish” uchun “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qildi. Kreml gap “harbiy salohiyatni zararsizlantirish” va “Ukrainani natsistlardan tozalash” haqida ketayotganini tushuntirdi. Putinning bayonotidan keyin Ukraina shaharlari bir necha bor o‘qqa tutildi. 1-mart kuni ertalab Xarkovdagi viloyat ma’muriyati binosi joylashgan Ozodlik maydoniga raketa hujumiga uchragan. Portlash oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq odam jarohatlandi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy raketa zarbasini “ochiqdan ochiq terror” deb atadi.
2-mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi harbiy operatsiyalardagi yo‘qotishlar haqida ma’lumot berib, urushda Rossiya tomonidan 500 ga yaqin askar halok bo‘lgani ma’lum qildi. Shuningde, Ramzan Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urushda ikki nafar chechenistonlik askar halok bo‘lgan, yana olti nafari turli og‘irlikdagi jarohatlar olgan.