Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (ICC) Ukraina hududida sodir etilgan ehtimoliy harbiy jinoyatlar yuzasidan tergovni boshladi. Bu haqda ICC saytida xabar berildi.
Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori Karim Xonning ma’lum qilishicha, hozirda Ukrainadagi voqealarga bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha keng ko‘lamli tergovni boshlash uchun barcha rasmiy asoslar mavjud va dalillar to‘plash ishlari boshlangan.
“Men Xalqaro jinoiy sud prezidiumini zudlik bilan yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha faol tergovga kirishish borasidagi qarorim haqida xabardor qildim. Dalillarni to‘plash bo‘yicha ishlarimiz boshlangan”, — deyiladi prokuror bayonotida.
28-fevral kuni Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori Karim Xon Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha “imkon boricha tezkor” tergov boshlash niyatini e’lon qilgandi. U dastlabki ma’lumotlar bilan tanishib chiqqan va tergov boshlash uchun asos borligiga ishonch hosil qilgan.
“O‘sha bayonotimda agar Rim statutining (nizom) har qanday ishtirokchi—davlati idoraga statutning 14-moddasida ko‘rsatilganidek, tegishli vakillik taqdim etsa, tergovlar ancha tezlashishini ta’kidladim”, — deydi Xon.
Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng ular Xalqaro jinoiy sudga a’zo davlatlardan Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha taqdimnomalar olgan. Karim Xonning ta’kidlashicha, u o‘z vazifalarini bajarishga kirishar ekan, bir-birini to‘ldirish tamoyiliga to‘liq rioya qilgan holda, xolis va mustaqil tergovni ta’minlab, nizoning barcha manfaatdor tomonlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishga intiladi.
Ukraina Xalqaro jinoiy sudga a’zo emas, lekin avvalroq 2013-yil 21-noyabrdan buyon mamlakat hududida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar bo‘yicha sudning yurisdiksiyasini tan olish to‘g‘risida ikkita ariza topshirgan.
Avvalroq Gaagadagi Xalqaro sudda 7—8-mart kunlari Ukrainaning Rossiyaga qarshi shikoyati bo‘yicha tinglovlar bo‘lib o‘tishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Rossiya 24-fevraldan beri Ukrainada “harbiy maxsus operatsiya” o‘tkazmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi jangovar harakatlar haqida xabar berib, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar haqida ma’lumot bermayapti. Rossiya armiyasi yo‘qotishlari to‘g‘risida urushning to‘rtinchi kunida tan oldi, ammo qurbonlar sonini aytmadi va ukrainaliklarnikidan “bir necha baravar” kam ekanini ta’kidladi. Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Ukrainada harbiy operatsiyalar boshlanganidan beri 498 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgan, 1597 nafar askar yaralangan.
Rossiya—Ukraina urushiga oid tezkor, ishonchli yangiliklar va ma’lumotlarni “Daryo”ning Live sahifasi orqali kuzatib boring → @Daryo_Live