Armaniston parlamenti 3-mart kuni bo‘lib o‘tgan yashirin ovoz berish jarayonlarining ikkinchi turida yuqori texnologiyalar sanoati vaziri Vaagn Xachatryanni respublika prezidenti etib sayladi, deb xabar beradi “TASS”.
“Vaagn Xachaturyan nomzodiga 71 nafar deputat ovoz bergan, u Armaniston prezidenti etib saylandi”, — deydi parlament spikeri vazifasini bajaruvchi Akop Arshakyan.
Armaniston konstitutsiyasiga ko‘ra, ikkinchi turda prezident etib saylanish uchun jami 107 nafar deputatning kamida beshdan uch qismi ovoz berishi kerak.
Vaagn Xachaturyan Armanistonni 1991—1998-yillarda boshqargan Levon Ter-Petrosyan siyosiy ittifoqchisi hisoblanadi.
Xachaturyan 1992—1992-yillarda Yerevan meri, 1996—1998-yillarda prezident maslahatchisi bo‘lgan. 2019-yildan 2021-yilga qadar armanistonlik yirik tadbirkor, hukmron partiyadan parlamentga deputat sifatida saylangan Xachatur Sukiasyanning oilasiga tegishli “Armekonbank” boshqaruv a’zosi bo‘lgan. 2021-yilning avgustida Xachaturyan yuqori texnologiyalar sanoati vaziri etib tayinlangandi.
Mahalliy ekspertlarning taxminicha, Pashinyan uning nomzodini faqatgina sodiqligi uchun tanlagan. Tahliliy doiralar ta’kidlashicha, hukumat rahbariga bu lavozimda “o‘z odami” kerak, chunki u yaqin orada Anqara va Boku bilan kelishishi mumkin.
Armen Sarkisyan iste’foga chiqishini 23-yanvar kuni e’lon qilgandi, parlament 1-fevral kuni uning qarorini tasdiqlagan. U davlat rahbarligidan ketayotganini mamlakat siyosati, urush va tinchlik masalalariga ta’sir o‘tkaza olmayotgani bilan izohlagan edi.