Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-fevral kuni Toshkentning Sergeli va Yangihayot tumanlarida bo‘ldi. Davlat rahbari kun davomida qandolat korxonasini borib ko‘rdi, mahalla faollari bilan gaplashdi, yangi qurilayotgan savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasiga tashrif buyurdi, Sergeli va Yangihayot tumani faollari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Tashrifni bevosita joyidan yoritib borgan “Daryo” muxbirlari o‘z taassurotlari va reportajini havola qiladi.
Dastlabki manzil – qandolat korxonasi. Prezident pechenye qadog‘ini ko‘zdan kechirib, uni ochib ko‘rdi
Shavkat Mirziyoyev dastlab Yangihayot tumanidagi “Almerro grupp” MChJning qandolat korxonasiga tashrif buyurdi.Davlat rahbari korxonaga kirar ekan Prezident faoliyatini bevosita yorituvchi OAV guruhi tarkibidagi jurnalistlar turgan tomonga qarab samimiy tabassum bilan salomlashdi. Bu jarayon jurnalistlarga anchagina zavq ulashdi.
Korxona haqidagi ma’lumotlarga ko‘ra, uning umumiy qiymati 70 milliard so‘mni tashkil qiladi. O‘tgan yili noyabrda birinchi bosqichi ishga tushirilgan ushbu korxona ikki bosqichdan iborat. Yangi bino qurilib, Turkiyadan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan. Bugungi kunda korxona yiliga ikki ming tonnaga yaqin qandolat mahsulotlari tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda shokolad, konfet, pechenye, vafli kabi 95 turdagi mahsulot ishlab chiqariladi.
Tashrif davomida prezident hech bir detalni e’tibordan chetda qoldirmadi, bir pechenyening qadog‘ini ko‘zdan kechirib, uni ochib ko‘rdi.
“Sifati yaxshi, chet elniki bilan bemalol raqobatlasha oladi. Faqat narxni tushirish bo‘yicha yana imkoniyat bor. Masalan, import qilinayotgan qo‘shimchalarni xomashyo shaklida olib, shu yerning o‘zida tayyorlash yo‘lga qo‘yilsa, tannarxni 10-15 foiz arzonlashtirish mumkin. Shunda mahsulotlar yaxshi sotilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari ochish imkoniyati paydo bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Korxonaning eksport bo‘yicha menejeri Doniyor Uzakov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda korxona 2009-yili tashkil topganini ta’kidladi.
“Mazkur korxona esa 2021-yilning noyabr oyida ishga tushirilgan. Hozirgi kunda “A” blokda zamon talablariga javob beradigan liniyalar ishlayapti. Yana ikkita blokni ishga tushirish arafasidamiz. Bizda 50 dan oshiq mahsulotlarimiz bor. Biz bu mahsulotlarni ichki bozorga sotish bilan birgalikda, tashqi bozorga ham eksport qilamiz.
Hozirgi kunda 13 ta davlatga mahsulotlarimizni eksport qilamiz. Bular Mongoliya, Rossiya, BAA, Misr va boshqa mamlakatlar. Mahsulotimizning sifatini nazorat qilish uchun laboratoriyalar tashkil qilingan. Texnologlar mahsulotning sifat nazoratini tekshirib boradi. Bugungi kunda bizning korxonamizda 125 kishidan ortiq xodimlar faoliyat olib boradi. Kelajakda bizning “B” hamda “C” blok ishga tushadi va ular qo‘shimcha ishchi kuchini oshirishga imkoniyat beradi”, — deydi u.
“Toshkentda yer tanqis, kelgusida bunday maydonlar topilmaydi” — prezident Yangihayotdagi texnopark maydonini borib ko‘rdi
Tashrifning navbatdagi manzili yangi texnopark maydonida bo‘ldi. Majmua uchun 210 gektar maydon ajratilgan. Shundan 150 gektari ikki bosqichda auksion savdolariga chiqariladi. Tadbirkorlar sotib olingan yerning mulkdori bo‘ladi va korxonalarni o‘zlari quradi.“Toshkentda yer tanqis, kelgusida bunday maydonlar topilmaydi. Har bir qarich yerdan unumli foydalanish kerak. Shuning uchun korxonalar ko‘p qavatli qilib qurilgani ma’qul”, — deydi prezident.
Shuningdek, davlat rahbari ushbu loyihani tezlashtirish masalasi bo‘yicha fikrlarini bildirdi. Taqdimot davomida mazkur loyiha 2024—2025-yillargacha qurilishi aytildi, ammo davlat rahbari tezroq ishga tushirish zarurligini aytdi.
Bu yerda joylashtiriladigan korxonalarda 20 ming ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan. Texnopark ishlab chiqarishni kengaytirish, sanoat tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shu asosda aholini ish bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
“Yaqinroqqa kelinglar, sizlar ham eshitinglar”. Prezident “Do‘stlik” mahallasida bo‘ldi, uzoqroqda turgan jurnalistlarni yaqinroqqa chorladi
Tashrifning uchinchi manzili Yangihayot tumanidagi “Do‘stlik” mahallasi bo‘ldi. Davlat rahbari mazkur hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektori bilan suhbatlashdi.“Men nima uchun Yangihayot tumaniga ko‘p tashrif buyuryapman? Avvalo, shu yerni obod qilib olishimiz kerak. Avvallari shahar markazidan Sergeliga taksi kelishi qiyin edi. Endi bu yerlarni rivojlantirishimiz kerak”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev yoshlar yetakchisi bilan suhbatda undan qancha fuqaroning ishsizligi va amalga oshirgan ishlari haqida so‘radi. Uning bergan javobiga ko‘ra, “Do‘stlik” mahallasining harbiy xizmatga borishni niyat qilgan yoshlari mart oyida bir hafta davomida poligonga borishni rejalashtirgan.
Shuningdek, mahallada 40 nafar yoshlar IT-sohasiga qiziqish bildirayotgani aytildi. Shavkat Mirziyoyev uyushmagan yoshlarni sportga va kasblarga qiziqtirish bo‘yicha topshiriqlarini berdi.
Suhbat davomida Shavkat Mirziyoyev uzoqroqda turgan jurnalistlarni yaqinroqqa chorladi. “Yaqinroqqa kelinglar, sizlar ham eshitinglar. Sizlarni ko‘rmaganimga ham ancha bo‘ldi”, — dedi prezident jurnalistlarga.
Davlat rahbari mahallani ko‘zdan kechirish vaqtida ko‘p qavatli uyning devoriga chizilgan “Do‘stlik ramzi” muraliga e’tibor qaratdi.
“Nega hammayoqqa shunday qilmaysizlar? Bu mural ham odamning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qiladi”, — dedi prezident mas’ullarga.
Shavkat Mirziyoyev mas’ullardan bu kabi murallar qachondan boshlanganini so‘radi. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bu turdagi devoriy murallar 2021-yilning bahoridan chizila boshlanganini ta’kidladi.
“Bir rassom chizib berishini aytdi va bu muralni chizdi”, — deydi hokim.
Davlat rahbari mahallada joylashgan oziq-ovqat do‘koniga kirdi, mahallani aylana turib, mas’ullarga “barcha mahallalarda hammomlar bo‘lishi kerakligini” aytdi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosida mahalla faollari, nuroniylar bilan muloqot bo‘ldi.
Prezident “boks park” loyihasi hamda poytaxtda harakatlanayotgan elektrobusni ko‘zdan kechirdi
Shavkat Mirziyoyev Toshkent aylanma yo‘li bo‘yidagi “boks strit” loyihasi bilan ham tanishdi. Yo‘l bo‘yida tashkil etiladigan majmuada kecha-yu kunduz ishlaydigan savdo, ovqatlanish va maishiy xizmat shoxobchalari bo‘ladi.Mazkur loyihaning umumiy qiymati 21 milliard so‘m. Bu yerni qurishda arzon va tez qurish uchun yuk konteynerlaridan foydalanilmoqda. Buning uchun yetti gektar yer ajratilishi rejalashtirilgan. 24 soat ishlaydigan “boks park”dagi obyektlar tadbirkorlarga elektron-onlayn auksion orqali sotiladi.
“O‘zbekiston 24” telekanalining “Axborot” ko‘rsatuvida ta’kidlanishicha, bu yerda 800 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Prezident shu hududda yashovchi aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu “boks park”da 500 dan ortiq daraxt-ko‘chatlari ekiladi va ular uchun maxsus sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida harakatlanayotgan elektrobusni ham ko‘zdan kechirdi. “Yashil” transport tizimini rivojlantirish, metropolitenning keyingi bosqichlari va tramvay yo‘nalishini belgilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Tashrifning navbatdagi manzili – 72 gektarlik, 1 trillion 300 milliard so‘m evaziga qurilayotgan “Toshkent indeks” majmuasi
Shavkat Mirziyoyev Yangihayot tumanidagi “Toshkent indeks” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasini ham borib ko‘rdi. Majmua hududi 72 gektar, bino-inshootlar maydoni 369,5 ming kvadrat metrni tashkil etadi.Bu yerda qariyb 1 trillion 300 milliard so‘m evaziga savdo do‘konlari, logistika va ekspomarkazlari, mehmonxona, oshxona qurilmoqda. Ularda jami 13 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Loyihaning birinchi bosqichi joriy yil Navro‘z bayrami arafasida ishga tushiriladi.
Mahalla raislariga murojaat, tanqid qilingan hokimlar, jamoat transporti masalasi – prezident tashrif yakunida tuman faollari bilan yig‘ilish o‘tkazdi
Shavkat Mirziyoyev tashrif so‘nggida Sergeli va Yangihayot faollari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Prezident Yangihayot tumanining tashkil etilgan vaqtlarini eslab o‘tdi.“Bir paytlari biz Yangihayot tumanini tashkil qilganimizda bu yerda hayot bo‘larmikin, degan shubxalar bor edi. Agar biz Sergeli bilan Yangihayotni ajratmaganimizda 360 ming aholini boshqarish og‘ir bo‘lar edi va bugungi natijalarga erisha olmasdik. Bundan besh yil avval Sergelida yangi tuman, yangi hayot, ko‘p imoratlar bo‘ladi deganimizda ko‘p do‘stlarimiz ishonishmagan edi. Mana, qilsa bo‘lar ekan”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari tadbikorlar haqida ham fikrlarini bildirib o‘tdi. “Besh yil avvalgi tadbirkor bilan bugungi tadbikorni tenglashtirib bo‘ladimi? Bir tadbikor menga “Shavkat Miromonovich, biz erkinmiz, qo‘rqmayapmiz. Besh yil ichida meni hech kim tekshirmadi”, dedi. Bu gaplarni nega aytapmiz? Bu ham bizning o‘z tajribamiz”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Yaponiyada va boshqa rivojlangan mamlakatlarda mahallalarga beriladigan grantlar haqida aytib o‘tdi.
“Mahallaga besh, o‘n, yigirma million dollar grant beradi. Hozir mahallalarda iqtisodchisi ham, siyosatchisi ham bor. Samolyotga minib, Yaponiyaga borib, u yerning tajribasini o‘rganib kelishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovdan mahallaga grant berish mumkinligi haqida so‘radi. Vazir esa bu savolga “mumkin”, deya javob berdi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev metroning qurilayotgan qismini Mustaqillik bayramigacha bitirish, tramvayning poytaxtga qaytishi haqida ham fikr bildirdi. Davlat rahbari mahalla raislariga murojaat qildi, shuningdek, Sergeli tumanidagi eski yog‘och uylarning buzilishi haqida gapirib o‘tdi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga prezident boradigan yerlarni alohida tayyorlashga urinmasliklarini aytdi.
Shunday qilib O‘zbekiston Prezidentining Yangihayotga tashrifi yakunlandi.
Izoh (0)