Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga prezident boradigan yerlarni alohida tayyorlashga urinmasliklarini aytdi. Bu haqda davlat rahbari 18-fevral kuni Toshkent shahrida faollar bilan yig‘ilishda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
“Kecha televizordagi lavhani ko‘rib, kechasiyoq bu masalani o‘rgandim. Ochig‘i, ko‘rganlarim Yangihayot tumaniga munosib emas. Tuman hokimining ismi ham Hayot. Menga faqat chiroyli joylarni ko‘rsataman, deb urinmanglar. Hech qachon men uchun biror yerni tayyorlanglar demayman. Bahoni o‘sha joylardagi xalq bersin”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev unga “yaxshini ko‘rsatish shart emasligini” aytgan. U “yaxshisi o‘zimizning yutug‘imizligini” ta’kidlagan.
“Yomonini ko‘rsataylik va buning ustida ishlaylik. Hokim va sektor rahbarlari bu masalada ishlasin, unday uyatli joylar tarixda qolishi kerak”, — dedi davlat rahbari.
Hududiy rahbarlar prezidentga bu manzaralar Toshkent viloyatidan shaharga qo‘shilgan hududlar ekani, tez orada bu yerda obodonlashtirish ishlari olib borilishini bildirgan.
Izoh (0)