Respublika maxsus komissiyasi 2022-yil 7-fevraldan umumta’lim maktablari, professional, kasb-hunar ta’lim va oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklga o‘tkazilishi bo‘yicha qaror chiqardi. Bu xabar eng avval ota-ona, o‘qituvchilarni quvontirgani aniq.
Biroq onlayn ta’limga yana qaytish ehtimoli yo‘q ham emas. Maxsus komissiyaning istalgan payt masofaviy ta’limga vaqtincha o‘tish haqidagi qarori yangrab qolish-qolmasligini oldindan bilish qiyin. “Daryo” onlayn ta’lim (to‘g‘rirog‘i, 24-yanvardagi qayta cheklovlar) sabab ta’lim sifati tobora pasayayotgani, o‘quvchilarning ta’lim jarayoniga to‘liq qamrab olinmayotgani, o‘g‘il-qizining o‘zlashtirishda ortda qolayotganidan xavotirga tushgan ota-onalar, hamma o‘quvchisiniyam baravar shug‘ullantira olma(yot)gan o‘qituvchilarning fikr-talabini bir yerga jamladi.
Shu yilning 24-yanvaridan boshlab “Koronavirus infeksiyasining yangi shtammi bolalar va yoshlar o‘rtasida tarqalish xavfining oldini olish hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining takliflaridan kelib chiqib” maktablardagi o‘qish bir oy davomida onlayn shaklga o‘tgani ota-onalarning aksarida norozilik uyg‘otgan bo‘lsa, o‘qituvchilarning ish-tashvishini ikki hissa oshirdi.
Xalq ta’limi vazirligining ma’lumot berishicha, bugun O‘zbekistonda 10130 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi mavjud va ularda 6 246 491 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Eng ko‘p maktablar esa Samarqand (1267 ta) va Qashqadaryo (1217 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘quvchilar soni bo‘yicha ham shu ikki hudud va Farg‘ona viloyati yetakchi. 2022-yil boshidan esa 6 milliondan ortiq o‘quvchi uchinchi chorak darslarini uyda – onlayn shaklda davom ettirishi e’lon qilingandi. Koronavirus xavfi, kasallik yuqtirish ehtimoli yuqoriligi Xalq ta’limi vazirligini shu chorani qo‘llashga majburlagani, boshqa ehtiyot chorasi yo‘qligiga e’tiroz yo‘q, biroq yutuqdan ko‘ra yutqiziq ko‘payayotgani xavotirlanarli.
Dastlabki cheklovlar
Maktablardagi ilk cheklov 2020-yil 16-martda o‘rnatilgandi. O‘quvchilar ta’til tugagach, 30-martdan telekanallar orqali namoyish etilgan televizion darslar orqali to‘rtinchi chorakni yakunlashi kerakligi e’lon qilindi. O‘qishning bunday shakliga o‘rganmagan, masofadan turib mavzuni o‘zlashtirish, uy vazifasini topshirishga moslashmagan o‘quvchilar va ularning ota-onasi uchun onlayn ta’lim chinakam sinov bo‘lgandi. O‘qituvchilar ham astoydil ter to‘kishi, vaziyatga moslashishi, qiynalishi va ko‘nikmalarini qaytadan rivojlantirishiga to‘g‘ri kelgandi. Biroq foydadan ko‘ra ziyoni ko‘p qarorlar ortidan keladigan fojialarni mas’ullar tan olishni xohlamayotgani yoki shunchaki ko‘z yumayotgani achinarli.Qat’iy cheklovlar tezda, hayallamay qabul qilindi-yu, internet tezligi, texnika va mobil qurilmalar yetarli yoki yo‘qligi, simsiz aloqa yetib bormagan hududlar haliyam mavjudligi negadir hisobga olinmadi. Hatto internet tezligi pastligidan Farg‘onadagi maktab o‘qituvchisi uyining tomida o‘tirib, onlayn dars o‘tayotgani videosi ham tarqaldi. Hozir ham vaziyat o‘nglangani, muammolar to‘la bartaraf etilgani yo‘q. Speedtest Global Index reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston bugun mobil internet tezligi bo‘yicha 138 davlat orasida 119 o‘rinda. Qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston (110-o‘rin) va Qozog‘iston (90-o‘rin) esa bu borada bizdan oldinda.
2020-yilning 14-sentabridan rasman aralash (gibrid) – ham an’anaviy, ham onlayn ta’lim shaklda o‘qish boshlangan maktablar keyinchalik koronavirus aniqlanganda karantinga olinib, so‘ng yana qayta faoliyati tiklanib, ishini davom ettiraverdi. Biroq bu ta’lim shakli ham o‘zini oqlamagandek.
Bir ochilib, bir yopilib, kimdir oddiy shamollasa, yo maktabiga tekshiruv kelsa, darrov karantin deyilaverganidan nevaramni oxiri o‘qishga yubormay qo‘ygandim, – deydi farg‘onalik Xolisxon aya. – Naq uch marta shunaqa holat bo‘ldi. Bolalar o‘qishga yengil qarashga o‘rganib qoldi. Ba’zan nevaram ham darsga borgisi kelmasa, o‘qituvchisiga yolg‘ondan kasalman, deydigan qiliq chiqardi. Bunaqada bular ertaga kim bo‘ladi, hozirdan o‘ylab qo‘rqaman.
Fikrlamaydigan avlod uchun onlayn ta’lim – maqbul yo‘l
Jahon iqtisodiy forumi ma’lumotiga ko‘ra, karantin cheklovlari ilk qo‘llangan paytda 186 mamlakatdagi 1,2 milliard bola an’anaviy ta’limdan uzilgan. Dunyo ahli uyida o‘tirib, hali qandayligi noma’lum kasallik bilan kurasharkan, ta’lim ham to‘laligicha uyga “qamaldi”. Ammo oradan bir necha oy o‘tib, bu chora xiyla noto‘g‘ri ekani oydinlashdi. “Agar ma’lumotlar-u faktlarni shunchaki yodlab oladigan talabalar va bo‘m-bo‘sh kelajakni istasangiz, onlayn ta’lim ayni muddao. Biroq bu o‘ta sun’iy ta’limdir, – degandi global ravishdagi tajribalardan so‘ng ismini oshkor etmasliklarini so‘ragan Oksford universiteti professori. – Ta’limdan maqsad – tanqidiy fikrlashni o‘rgatish, ma’lumot ustida bosh qotirish, bahs-munozaraga kirishish, faktlarga shubha bilan qarash, mustaqil fikrga ega bo‘lishdir. Internet orqali o‘zlashtirilgan bilim bu maqsadga erishish uchun mos vosita emas”.Nazarimda, fikrlamaydigan avlod yaratishni, nutqi yo‘q, mustaqil qaror nimaligini bilmaydigan farzandlar o‘stirishni istasak, maktab ta’limini qayta-qayta cheklovlarga solishdan maqbul yo‘l yo‘q. Diqqati susaygan, ongi yengil axborot va o‘yin bilan andarmon bolaning “yetuk kadr, professional xodim” bo‘lishiga umid bog‘lash mevasiz daraxtning hosil berishiga ko‘z tikkandek gap.
Moskvalik tarix fani o‘qituvchisi Leonid Kavsa “pravmir.ru” saytiga bergan intervyusida Zoom platformasida dars o‘tishni rad etgani, davlat ham, maktablar ham masofaviy ta’limga mutlaqo tayyor bo‘lmagani, onlayn darslar har doim ham o‘zini oqlamasligi haqida tajribasini bo‘lishadi: “10–11-sinflar uchun masofaviy ta’lim mos variant. Lekin o‘rta va boshlang‘ich sinflar uchun samarasiz. Sinfda bolaning nafaqat boshqa yumush qilayotganini, yana 30 soniya ichida nimaga chalg‘ishiniyam sezaman. Uning ko‘zlaridan o‘qiy olaman barini. Zoom’da buni bilolmaysiz. Mittigina rasmcha bor, xolos. Kimdir shuni o‘chirib ham qo‘yadi. Odam bor, yo‘qligi, sinfdoshlari bolani tinglayotgani yoki aksinchaligini anglolmaysiz. To‘g‘ri, ayrim hamkasblarim bundan mamnun. Lekin natijalarni sarhisob qilsangiz, oflayn darslardan ancha pastligi seziladi”.
Onlayn ta’lim uzoq davom etgan O‘zbekistonda ham vaziyat bundan yaxshi bo‘lmadi, chamamda.
Umumiy olganda, 10–20 foiz iqtidorli va onlayn ta’lim imkoniyatiga ega o‘quvchi uchun hech narsa o‘zgarmadi, – deydi Oltinsoy tumanidagi 63-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tarix-huquqshunoslik fanlari o‘qituvchisi Normamat Eshonqulov. – Ular odatdagidek sifatli, hatto yaxshiroq ta’lim olishda davom etmoqda. Lekin 80–90 foiz o‘quvchida obyektiv va subyektiv sabab ortidan sifat ko‘rsatkichlari tushib, bo‘shliqlar paydo bo‘lmoqda. Bu, ayniqsa, boshlang‘ich sinflarda yaqqol sezilmoqda. Teledarslar sifati haminqadar, dastur (jadval) ahmoqona tuzilgan.Ikki o‘g‘ilning onasi Munojot Odilova esa bolalarining kitobdan uzilib, kundan kun kompyuter, telefonga o‘rganib qolayotgani, mashg‘ulotlari sabab ko‘proq texnik vositalarga murojaat qilayotganidan noroziligini aytadi:
Avvalgi taqiqlar endi befoyda. Chunki dars-u vazifamiz shu qurilmalardan beriladi. Chilonzor tumanidagi 163-maktabning 2-B sinf matematika darsi bilan televizordagi dars bir-biriga mos kelmaydi. Masalan, televizorda bolaga sonlarni ikkiga bo‘lishni o‘rgatib, bitta dars bilan cheklansa, o‘g‘limning o‘qituvchisi ikkiga bo‘lishniyam, to‘rtga bo‘lishniyam va kamiga qo‘shimcha mavzularni ham o‘rgatib, tushuntirib ketadi. 4 ta uy vazifasi beradi. Uy vazifani qilib, ’kundalik.com’ga yuklab qo‘yishimizni ham tayinlaydi. Shunisiga tushunmayman. Bola hali mavzuni to‘liq o‘zlashtirmay, nima o‘tilganini tuzukroq anglamay, qanday qilib uy vazifasini topshirishi mumkin?Ikki farzandi xususiy maktab o‘quvchisi bo‘lgan Sevara Nishonova maktab ma’muriyatining onlayn mashg‘ulotlarni sifatli tashkil etganidan mamnunligini, biroq bolalarning kamharakat bo‘lib borayotganini aytadi:
Afsuski, bolalar vaqtining asosiy qismini kompyuter qarshisida, onlayn darslarda o‘tkazyapti. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘rnini o‘qituvchi hech qanaqasiga to‘ldirib bera olmaydi. Ular vazifa berishyapti, vazifani bajarib, o‘qituvchisiga jo‘natganidan keyin bolalar bekor. Bu vaqtda ular, asosan, telefon o‘yinlarini o‘ynaydi yoki televizor ko‘radi.Zarafshon shahridagi 13-AFCHO‘IM fizika fani o‘qituvchisi Erkinjon Yarashev ham onlayn ta’limning samarasizligini ta’kidlaydi:
Fikrimcha, onlayn ta’lim an’anaviy ta’limning 10 foiz o‘rnini ham bosolmaydi. To‘g‘ri, astoydil o‘qiydigan, bilimga chanqoq, ilm uchun joy, vaqt ham talab qilmaydigan o‘quvchilarimiz uchun onlayn ta’limning zarari yo‘q. Ammo bevosita shug‘ullanmasa bo‘lmaydigan o‘quvchilar borligini ham unutmaylik. Ular anchagina qiynalishadi. To‘g‘ri, sog‘liq baridan muhim. Ammo ta’lim onlayn bo‘ldi, deb ota-ona, o‘quvchi mas’uliyatni birdan unutsa, bundan yomoni yo‘q.Ish quroli soz bo‘lmasa-yu, natija talab qilinaversa...
2020-yili Qozog‘istonda ham karantin sabab barcha maktablar yopilib, o‘qish onlayn shaklga o‘tkazilgach, oradan bir oycha o‘tib fan va ta’lim vaziri Asxat Aymagambetov internet bilan bog‘liq muammolar sabab onlayn ta’limning boshqacha shakliga o‘tish kerakligini e’lon qiladi. “Bu yerda juda ko‘p muammolar borligini ko‘rdik. Plyuslari qatori minuslari bilindi, – deydi vazir. – Turfa sistemalar: Zoom, ‘Kundalik’, boshqa messenjer va resurslarni ham qo‘llab ko‘rdik: foydasiz. Butun mamlakatni onlayn-striming orqali ta’minlash shunchaki xomxayol. Aloqa bilan bog‘liq muammolarni yechish – samarasiz. Ko‘p ota-onalar tarmoqqa ulana olmaydi. 2,5 million o‘quvchi bir vaqtning o‘zida to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga chiqishining-ku imkoni yo‘q”.
O‘zbekistonda ham masofaviy ta’limga o‘tilgach, eng avval internetga ulanish bilan bog‘liq muammo, aloqa sifatining pastligi, hammaning ham bir vaqtda internetga ulana olmasligi, oilada ikki yo uch bola o‘qisa, texnika, vositaning yetishmasligi kabilar kuzatildi.
Biz tomonlarda-ku internetdan muammo yo‘q. Ba’zan “qotib qolishi”ni hisobga olmasa, deyarli yaxshi. Ammo shuyam qiyinchilik tug‘diradi goho, – deydi Erkinjon Yarashev. – Tasavvur qiling, bitta maktabda bir vaqtda o‘rtacha 30–40 nafar o‘qituvchining darsi bo‘lsa (aslida shunday ham) ’kundalik.com’ orqali baholash qanday bo‘ladi? Hamma kamiga bitta Wi-Fi tizimiga ulangan bo‘lsa-chi… O‘quvchi berilgan topshiriqlarni bajargan taqdirda ham vazifalarni uning o‘zi bajarganiga ishonish qiyin. O‘qituvchi esa uni kuzatolmaydi.Eng qiyini internet tezligi past, svet tez-tez o‘chadigan hududdagi o‘quvchilarga oson bo‘lmadi. Ammo ular ham jim turishmadi – onlayn darsdan voz kechib, o‘z yumushlari, oilaviy tashvishlarga ko‘milib qo‘ya qolishdi.
Maktabi onlayn bo‘lgach, o‘g‘limni majbur novvoyga yordamchilikka berdik. Qarasam, bekor yuribdi, – deydi ismi noma’lum qolishini istagan qashqadaryolik ona. – Darslarini ham o‘lda-jo‘lda o‘qiydigan bo‘ldi. Men-ku internetni umuman tushunmayman. Telefonim ham eng oddiysidan. Svet ham soatbay beriladi. O‘qituvchisi darsini qildiring, deydi. Tushunmasam, bilmasam, qanday qildiraman”.Munojot Odilova ham pedagogdek mahorat bilan mavzuni tushuntirolmasligi va bundan o‘g‘li qiynalishini tan oladi: “Eng yomoni, bolalarga o‘qituvchidek mavzuni tushuntira olmayman. Pedagogik mahorat hammadayam bo‘lmaydi. O‘qituvchilarning ham talabi g‘alati – vazifani amallab bajarib, messenjerdan yuborsak: “Nega xato?”, deydi. “Ha, avval o‘zingiz o‘rgating bo‘lmasa!”, desam, o‘rtada tushunmovchilik boshlanadi”.
Onlayn mashg‘ulotlar davlatga qarashli aksar maktablarda qoniqarli tashkil etilgani yo‘q, rosti. Teledarslar ham o‘zini to‘laligicha oqlamaganini ham ota-onalarning ko‘pi dalillaydi.
Hozir o‘g‘illarim xususiy maktabda o‘qishadi. O‘tgan yili davlat maktabidaligida o‘qituvchilarimiz televizordagi onlayn darslarni ko‘rib, o‘sha yerda berilayotgan vazifalarni bajarib, Telegram orqali ularga yuborishimizni so‘rardi, – deb eslaydi Sevara Nishonova. – Bola televizordagi o‘zi tanimagan, bilmagan o‘qituvchisining darsini qabul qilishi juda qiyin. Bundan tashqari, nimanidir tushunmasa, televizordagi o‘qituvchiga savol bera olmaydi. Yana televizordagi dars ayrim maktablardagi darslar dasturiga to‘g‘ri kelmasdi. Mana shunday muammolar tufayli farzandlarim televizordagi darslardan bezillardi. Shuning uchun onlayn dars deyishsa, o‘sha manzara ko‘z oldimda namoyon bo‘lardi. Biroq o‘qituvchilarimiz hozirda darslarni sifatli tarzda o‘tib berayotganini ko‘rib, ulardan minnatdor bo‘lyapman. Kichkinam soat 9:00 dan 12:00 gacha “maktabda”, katta o‘g‘lim esa soat 13:00 dan 16:10 gacha vaqtini gadjetlarga emas, onlayn darslarga sarflayapti. Xususiy maktab o‘qituvchilari bolani darsga qiziqtira olyapti.
Onlayn ta’lim – bu ta’til(mi?)
2018-yili Times gazetasi dunyodagi 200 ta yetakchi universitetning onlayn ta’lim befoydaligi haqidagi xulosasini e’lon qilgandi. London universiteti esa 2020-yil iyun oyida karantin paytida 2 million uyidan o‘qiyotgan britan o‘quvchilari amalda hech bir vazifa, ish qilmayotgani xususidagi tadqiqot natijalarini ommaga taqdim etadi. Ushbu kuzatuvda o‘quvchilar internet orqali berilgan topshiriq-vazifalarni kuniga bor-yo‘g‘i ikki–ikki yarim soatgina bajarishi aniqlanadi.O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash manzara kuzatildi, ochig‘i.
Onlayn ta’lim payti o‘g‘limning savodi mubolag‘a demang-u, nolga tushdi, – deydi Munojot Odilova. – Avval ko‘paytirish-bo‘lish jadvalini tezda o‘rgangan, she’r yodlagan bo‘lsak, hozir tinmay daftar to‘ldirish, yozish va yana yozish bilan kunimiz o‘tadi. An’anaviy ta’lim payti aniq tartibimiz bor edi. Hamma rejalashtirgan ishlarimizga ulgurardik.Teledarsga tushunmay, messenjerlar orqali xabar yuborgan o‘qituvchisining topshiriqlarini bajarmay, ko‘chada to‘p tepadigan yoki ro‘zg‘orga qarashish uchun ishlaydigan bolalar soni oxirgi ikki yilda sezilarli darajada ko‘paydi. Onlayn mashg‘ulotlardan ko‘ra kimgadir shogird tushib yoki yollanib ishlaydigan, biror hunar etagini tutgan o‘quvchilar qishloqlarda ortdi-yu, shaharlarda sal boshqacha vaziyat kuzatildi. To‘g‘ri, ayrim ota-onalar imkon qadar bolasini nazorat qilishga, ta’limdan uzilmasligi va ortda qolmasligiga e’tibor berdi, biroq hamma ham emas. Bu masalada ishlaydigan, yumushini masofaviy shaklga o‘tkazolmaydigan onalar ko‘proq qiynaldi.
O‘tgan yillar davomida uch bolamning hadeb maktabi karantinga yopilaverishidan zada bo‘lgandim. Ishimni uydan turib qilolmayman. Ish joyimda o‘tirib, mijozlar bilan ishlashim shart, – deydi Dilfuza Husanboyeva. – Bu yoqda esa onlayn darslar, bolalarning uyda yolg‘iz qolishini o‘ylasam, ich-etimni yeyman. Qarashadigan yaqinim, biror yordamchim ham yo‘q. Keyin darsi boshlansa, telefon talash bo‘ladi. Ikki bolamniki bir paytga qo‘yilgan. Uchovigayam telefon olib berishga hozircha qurbim yetmaydi. O‘tgan yillar-ku amalladim, baholari pasaysa ham chidadim. Endi buyog‘iga karantin bo‘lmas, desam, shu yilgisi yana aro yo‘lda qoldirdi meni. Ishlamasam ham bo‘lmaydi. Yolg‘iz onaman.Sevara Nishonova ham onlayn ta’lim ish faoliyatiga katta ta’sir o‘tkazganini ta’kidlaydi:
Endi to cheklov olinmaguncha ofisga chiqib ishlay olmayman. Farzandlarim o‘z vaqtida Zoom orqali onlayn darslarda ishtirok etishini ta’minlashim uchun ularning yonida, uyda bo‘lishim kerak. Yolg‘iz qoldirib ketolmayman. Chiroq yoki Wi-Fi o‘chib qolishi mumkin, shunday paytda telefonimdan internet tarqatib, ularni darsga kirishini ta’minlab turaman. Bundan tashqari, farzandlarim kun bo‘yi uyda bo‘lgani uchun nonushta, tushlik va kechki ovqatni vaqtida tayyorlab berishim kerak. Shunday ekan, ular maktabga qaytmagunicha men uydan ko‘chaga chiqa olmayman. Ishimni uyga ko‘chirishga majburman.“Ilgari ishdan kelib, uyda bolalarimga qarab, bo‘sh vaqtimizni birga o‘tkazgan, qo‘shimcha mashg‘ulotlar bilan shug‘ullangan bo‘lsak, onlayn ta’lim vaqti hammasi yig‘ishtiriladi, – deydi Munojot Odilova. – Hozir ‘Kundalik’ platformasiga kirishimiz, vazifalarni yuklashimiz, ‘zagruzka’ bo‘lishini kutamiz... sanasam tugamaydi. 24 soat bolaning darsi bilan shug‘ullanishga majbursan-u, qaniydi bularning bolaga foydasi bo‘lsa! Kechqurun allamahalda – soat 23:00 dayam, 24 dan o‘tgandayam o‘qituvchisidan topshiriq kelaveradi. Ularni ham tushunaman. Lekin bu qadar bosim o‘tkazilishi ham xato. Xullas, asosiy ishimniyam, uy ishiniyam do‘ndirmayapman”.
Onlayn darslar befoydaligi va zararga ishlashini ayrim davlatlar avval boshdan payqab, imkon qadar an’anaviy ta’lim shaklida qolishni afzal bilgan. Isroilda kasallik ilk tarqagan kezlari barcha o‘quv muassasalari yopiladi-yu, oradan hech qancha o‘tmay – ikki oydan keyin yana eski, doimgidek tizimga qaytiladi. Sinfda o‘rtacha 40 nafar bola kundalik mashg‘ulotlarini o‘qib-o‘rganib yuraveradi. Mabodo kasallik aniqlansa, hamma test topshirib, ehtiyot chorasi kuchaytirilib, sanitariya qoidalariga rioya etilgan holda darslar davom etaveradi. Shu paytgacha Isroilda koronavirus infeksiyasidan bir nafar o‘qituvchi vafot etgani ma’lum qilingan.
Germaniyada ham cheklovlar qisqa vaqtdan keyin olib tashlangan. Maktablar maxsus vositalar – niqob, harorat o‘lchagich, antiseptiklar bilan ta’minlanib, oraliq masofaga qat’iy rioya etilgan va haligacha bu qoidalar amalda.
Mashhur Kembrij universiteti ikki yil oldin to‘liq onlayn shaklga o‘tishni, “kelajakka tik qarash” zarurligini ovoza qilgandi. Barcha resurs va texnik vositalar oldindan puxta tayyorlanganiga qaramay, bu qaror o‘zini oqlamaydi – ta’limda xaos boshlanadi. To‘g‘ri, pandemiyagacha onlayn mashg‘ulotlar an’anasi mavjud edi. Biroq faniga ehtiromi baland professorlar qimmatli vaqtini sun’iy vosita orqali emas, yuzma-yuz turib, auditoriyada ma’ruza o‘qish orqali sarflashni afzal biladi. “Odam – bu ijtimoiy mavjudot. U kompyuter qarshisida emas, shunchaki jo‘n muloqotda nimanidir o‘rganadi, tafakkur qiladi, – deydi ismini keltirishlarini istamagan Oksford universiteti professori. – Ijtimoiy muhit esa auditoriyada, muayyan joyda tabiiy ravishda yaratiladi. Internetning bunga qurbi yetmaydi”.
Professor yana: “Agar sen ma’ruzangni virtual tarzda o‘qisang, qanday qilib faningga auditoriya muhabbatini uyg‘otish mumkin?, – deydi. – Qop-qora ekran qarshisida nimadir o‘qiyotganda notiqlik mahoratiga hech qanday rag‘bat bo‘lmaydi”. Karantin boshlangan payti birinchilar qatorida onlayn ta’limga o‘tgan Oksford universiteti talabalari ham hech qancha o‘tmay avvalgi ishtiyoq, faollik, o‘ziga ishonch, muhokamalarda qatnashishda sustlashib, o‘zini chetga olish holatlari kuzatilgani o‘rganilgan.
Maqolani tugatishga ulgurmay Respublika maxsus komissiyasi 2022-yil 7-fevraldan umumta’lim maktablari, professional, kasb-hunar ta’lim va oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklga o‘tkazilishini e’lon qildi. Bunga Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi kunlarda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati kamayayotgani haqidagi xulosasi sabab bo‘lgan. Xushxabarni eshitib, ochig‘i, quvongan bo‘lsam, qarorlarimizdan mantiq yo‘qolib borayotganidan hayron ham qolmadim.
Qaror chiqqanidan keyin “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sahifasida “An’anaviy ta’limga qaytish, sizningcha, to‘g‘ri qarormi?” degan so‘rovnoma o‘tkazildi. Ushbu savolga jami 83189 foydalanuvchi javob berdi.
Ovoz beruvchilarning 24458 nafari yoki 29 foizi “Nega birdan onlayn ta’lim haqida qaror chiqariladi-yu, nega yana hammasi to‘satdan bekor qilinadi?” degan bandni tanlagan bo‘lsa, 25839 nafar yoki 31 foiziga qarorning ayni muddaoligi, o‘zi ham shuni kutayotganini ifodalovchi javob ma’qul kelgan. 19443 nafar yoki 23 foizi “Kasal bo‘lishdan qo‘rqaman. Onlayn ta’lim xavfsizroqmidi...” degan qismda to‘xtalgan. 7235 nafar yoki 9 foiz ovoz beruvchi bu qarorda mantiq ko‘rmayotgani, 6214 nafar yoki 8 foizi esa o‘zi uchun ahamiyatsiz ekanini bildirgan.
Eng og‘riqli muammolar aynan umumiy o‘rta ta’lim bosqichida to‘planib, ko‘payib borayotganini hammamiz yaxshi bilamiz. Biroq muammoga yechim topishga ulgurmay, turfa cheklov, mantiqsiz qarorlar sabab o‘z oyog‘imizga o‘zimiz bolta urayotganimiz yomon. Afsuski, bularning bari kun kelib faqat zararimizga, tanazzulimizga ishlashini kelajak avlod amalda isbotlab beradi. Unda allaqachon kech bo‘ladi.
Izoh (0)