Dunyo bo‘ylab pandemiya vaqtida yopilgan maktablardagi yuz millionlab bolalar ta’limda orqada qolmoqda. The Guardian nashri to‘rt mamlakatdagi o‘quvchilarning imkon qadar bilim olish, ortda qolgan ta’limini to‘ldirishga urinayotgani haqida material tayyorladi. “Daryo” ushbu maqolani o‘zbek tiliga tarjima qildi.

16 yoshli Anni Sabino Filippindagi oilaviy oziq-ovqat sotadigan do‘kon peshtaxtasi oldida turib uy vazifalarini tayyorlamoqda.

Foto: Reuters / Eloiza Lopez

Bugun yuz millionlab bolalar pandemiya paytida yopilgan maktablar sabab ortda qolmoqda. Biz 4 mamlakatdagi o‘quvchilarning ta’limdan ortda qolmaslikka intilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Filippin

Maktablar yopilgani uchun bolalar salomatligi yomonlashdi

O‘quvchilar oxirgi marta sinfxonaga qadam qo‘yganiga 18 oy bo‘ldi. UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Filippin koronavirus kasalligi boshlanganidan beri bolalarga nisbatan karantin cheklovlari qat’iy o‘rnatilgan, maktablari umuman ochilmagan 5 ta yirik davlatdan biridir.

Oilalar muttasil tartib-qoidalardan charchab ketmoqda. Manilaning shundoq biqinidagi qo‘shni Kogeodagi gavjum dahada yashaydigan Dorina Monsantoning 6 farzandidan 4 nafari maktabda o‘qiydi.

Bolalar onlayn darslar orqali fanlarni o‘zlashtirishga urinmoqda. Eng boshida Monsantoning rahbari bergan mobil telefon qizlari – 15 yashar Gizelle Mari va 12 yashar Julianna o‘rtasida bo‘lishilgandi. Ular navbati bilan dars mashg‘ulotlarini kuzatishar, ammo ikkisi ham bir vaqtda tizimga kirishga to‘g‘ri kelsa, o‘rtada bahs qo‘zg‘ardi. 8 nafar qarindosh va yana 2 yashar to‘polonchi, shumtaka bolakay yashaydigan mo‘jaz, ixcham xonadon dars tayyorlash uchun unchayam mos emas.

Telefon singach, qizlar Monsantonikini ishlatishiga to‘g‘ri kelgan. Agar ona ishga ketgudek bo‘lsa, qizlarda dars tayyorlash bo‘yicha boshqa vosita qolmasdi. Uyda bo‘lganida ham ahvol o‘zgarmasdi – qo‘shnilar ham internetga ulanishga urinaverganidan aloqa sifati yomonlashardi.

Baholari allaqachon pasaygan Gizel Meri yana 18 oy davomida o‘zlashtirishdan ortda qolishidan Monsanto juda tashvishlanyapti. “Ularda o‘qib-o‘rganishga ishtiyoq qolmayapti. O‘rganishni xohlagan taqdirlarida ham nimani o‘qiyotganlarini tushunishmasa, hammasi befoyda. Ularga o‘qituvchi kerak. Men esa ojizman. Chunki ular hozir o‘rganayotgan bilimlarni men o‘rganmaganman”, – deydi u.

Filippindagi bolalar huquqlari himoyachilari uzoq davom etgan maktablar yopilishi nafaqat ta’limda, yana o‘g‘il-qizlarning salomatligi, odob-axloqi, xavfsizligi borasida inqirozni chuqurlashtiradi.

Kamida 1,1 million o‘quvchi o‘tgan o‘quv yili davomida pandemiya zarbasi, masofaviy ta’lim sabab maktabga qamrab olinmadi. Ta’lim tizimidan kimki uzilsa, bolalar o‘rtasidagi nikoh va zo‘ravonliklarning turli ko‘rinishlari oshish xavfi yuqori, deydi xayriya tashkilotlari. O‘tgan yili Filippin adliya bo‘limi hisobotida bolalarning jinsiy ekspluatatsiyasi qat’iy karantinning dastlabki bir necha oyida 264 foizga oshganini keltiradi.

“Jiddiy va faol kurashsiz juda ko‘p bola (o‘qishni tashlab yuborganlar) ta’limga hecham qaytmaydi”, – deydi Bolalar yuridik huquqlari va taraqqiyot markazi ijrochi direktori Rovena Legaspi. “Bu bolalar-u oilalar uchun ham individual, ham ijtimoiy darajadagi yo‘qotishdir”.

Karantinning eng yuqori cho‘qqisida – qat’iy cheklovlar ichida yashayotgan Manilaning va yana qo‘shni viloyatdagilarning bolalari iyulgacha parklar-u o‘yingohlarda o‘ynashi mutlaqo taqiqlangan. Ayni kunlarda poytaxt hududida delta shtammi tez tarqalayotgani uchun eng qattiq lokdaun qaytadan joriy etilmoqda.

Politsiya va qishloq nozirlari (barangay tanods) o‘ta og‘ir qoidalarni o‘rnatib, hatto uyidan tashqarida yurgan bolalarni qamoqqa olib, juda shafqatsiz, inson sha’nini tahqirlaydigan jazolarni qo‘llagan. Uy-joysiz, ish izlamasa kuni o‘tmaydigan, ko‘chada yurmaslikdan boshqa chorasi yo‘q bolalarga ayniqsa, jabr.

Uyda qolgan bolalar ham ruhiy salomatlik bobida barqaror holatda emas. “Bir yarim yil uyga qamalishni shunchaki tasavvur qiling-a!”, – deydi Educo Philippines bolalar huquqlari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkiloti a’zosi Shiyena Beyz.

Beyzning aytishicha, hukumat doimiy tartib o‘rnatilgan, kasallikka chalinish xavfi past, bolalar kerakli asbob-anjom, qurilmalar bilan yetarlicha ta’minlanmagan hududlarda maktablarni qaytadan ochish zarur.

Hukumat ayni damda kasallanish kam hududlarda yuzma-yuz mashg‘ulotlarni tiklash uchun taxminan 120 ta maktabda tajriba sinovlarini o‘tkazmoqda.

Bolalar xayriya tashkilotlari esa bugungi inqiroz kelajak avlod taqdiriga salbiy ta’sir etishidan xavotirda. “O‘qishimni tamomlolmadim. Lekin bolalarimning kelajagi menikidan yaxshiroq bo‘lishini xohlayman”, – deydi Monsanto.

Hindiston

Qashshoq talabalar raqamli ta’lim bo‘shlig‘iga duch kelishmoqda

Mumbay xarobalaridagi bir xonali kulbada yashaydigan Ambrin Varsi tik narvonlarga chiqib internetga ulanadi. Aloqa sifati yaxshiroq bo‘lgan yo‘lakda o‘tirib, kollej talabasi sifatida bir yilini o‘tkazdi.

Foto: Kavita Iyer

Mumbayning bir chetidagi Bandraning Nargis Dutt Nagar xarobalarida yashaydigan 12 yoshli Sonali Keyt 3-sinfini to‘lig‘icha pishir-kuydir, uy tozalash bilan o‘tkazdi. U har kuni ertalab 7 da turib, 19 kvadrat metr chiqadigan hovlisini supuradi, ukalari boshqa bolalar bilan kriket o‘ynayotganda, tang-tor yo‘lakda o‘tirib, kecha qolib ketgan idish-tovoqlarni yuvadi.

Mumbayda joylashgan Maharashtra hukumati COVID-19 ning uchinchi to‘lqinidan qo‘rqib, ushbu chorakda o‘qishni tiklashni kechiktirdi. Endi Sonali mahalliy xayriya jamg‘armasi sovg‘a qilgan smartfonni onlayn mashg‘ulotlar payti ishlatadi. Ammo u o‘qishga qaytishni o‘ylasa, asabiylashadi. “Hammasi notanish”, – deydi u o‘quv materiallari haqida. “Tarix, geografiya, matematika – deyarli barcha fan bo‘yicha bo‘shman. Boshqa mashg‘ulotlardan ancha uzoqlashib ketdim”.

2017-yildan beri Maharashtra hukumati shahar bo‘ylab bepul Wi-Fi nuqtalarini tashkil etdi, biroq Sonalining qishloqdoshlari bu imkoniyatdan yoki temiryo‘l bekatlarida taklif etiladigan xizmatlardan foydalana olmaydi.

2020-yil avgustida Mumbayning qashshoq maskanlaridagi bolalarni o‘qitadigan 1100 munisipal maktabdagi 250 ming o‘quvchi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilganda, har uch nafardan biri onlayn darslarga qatnasholmasligi ma’lum bo‘lgan. So‘rovnomada ishtirok etganlarning 76 foizida smartfon, 43 foizining internetga bog‘lanish imkoni yo‘qligi aniqlangan.

Hindistonning u-bu hududlaridagi ayrim maktablar qaytadan sekin-asta ochilmoqda, biroq Mumbaydagi minglab qashshoq, oz sonli jamoadan chiqqan o‘quvchilar oylab o‘qishga qatnamagani yoki internet, qurilmalarga kirishda qiynalgani uchun ta’limda bo‘shliqqa duch kelmoqda.

2020-yil fevralida Pratam xayriya tashkiloti nashr etgan yillik ta’lim hisoboti raqamli o‘qitish texnologiyasini Hindiston uchun “ta’sirli emas” deb topdi. Bor-yo‘g‘i 62 foiz xo‘jalikda smartfon bor, xolos. Hisobotda keltirilishicha, Hindistonning o‘ta qashshoq o‘quvchilari maktablarning uzoq vaqt yopilishidan og‘ir ahvolga tushishi, keng miqyosda bilim olishdan mahrum bo‘lishi, shuningdek, barcha davlat maktablarida bepul beriladigan tushlikdan bebahra qolib, och qolishlari mumkin.

Hindistonning kamida beshta shtati, poytaxt Dehlidagi maktablarni ham qo‘shganda xavfsizlik choralarini kuchaytirdilar: bosqichma-bosqich tushlik tanaffusi, darsga ixtiyoriy qatnashish, sinfxonalarda cheklangan o‘rinlar kabilar joriy etildi.

Shunga qaramay, hamma o‘quvchiyam bu hududlardagi maktabga qaytmadi. Poytaxtdagilar 9–12 oralig‘idagi mashg‘ulotlarni tanlab, qatnasha oladilar. Katta janubiy shtat Tamil Naduda ham shunga o‘xshash model amalda.

Nargis Dutt Nagar xarobasidagi Sonalining qo‘shnisi, 14 yashar Almana Shayx ikki ukasi maktabni tashlab ketishgach, oilada yagona o‘quvchi bo‘lib qoldi. “Telefon uchun ma’lumotlar paketini sotib olish qiyin”, deydi 10-sinf o‘quvchisi. Riksha haydab, ro‘zg‘or tebratadigan otasi hozir uyda o‘tirib, narkotikka o‘rganib qolgan. Aka-ukalari esa garajda maosh olmaydigan shogird bo‘lib ishlaydilar. Onasining maoshi zarur ehtiyojlarni qondirishga uchma-uch yetadi. “Qo‘limda xayriya tashkilotlari bergan telefon bo‘lsayam, ba’zan yetishmovchilik sabab haftalab darslardan qolaman”, deydi Almana.

Raqamli o‘quv yilining natijalari ham noma’lum – na Almana, na Sonali imtihon topshirib, keyingi o‘quv yiliga o‘tganlari ma’lum qilingan bo‘lsa-da, yakuniy ball yoki baholarini ko‘rmadilar.

Zimbabve

Ota-onalar oshayotgan maktab to‘lovlarini to‘lashga urinmoqdalar

9 yoshli Tanaka Maunganidze do‘stlari bilan Zimbabvening eng ko‘hna maskani — Mbareda futbol o‘ynamoqda.

Foto: Nyasha Chingono

Sentabrning kishining tinkasini quritadigan issig‘ida bir guruh bolalar Zimbabvening eng ko‘hna shaharchasi Mbarening kir-chang ko‘chalarida plastik koptok ustida mushtlashib, jiqqalashishmoqda.

9 yoshli Tanaka Maunganidze raqiblarini aldab o‘tib, qo‘lbola darvozaga gol uradi. Natijaga hissa qo‘shganidan o‘rtoqlari quvonchdan irg‘ishlaydi.

Qop-qora futbolka, kulrang sport kiyimidagi Tanaka jamoa yulduzi. O‘ynayotgan bolalarga bosh bo‘lib, o‘tkinchilarning hayratini oshiradi.

Shu yil martida COVID-19 ning Zimbabveda dahshatli, qattol uchinchi to‘lqini boshlangach, maktab yana yopiladi-yu, o‘yin ularning kundalik hayotiga aylanib qoladi. Pandemiya e’lon qilinganidan beri maktablar 12 oyga taqa-taq yopildi.

Unicef bergan ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus Zimbabveda 4,6 million bolaning o‘qishiga ta’sir qilgan. Futbol Tanaka va do‘stlarini shaharcha markazi – Hararedagi giyohvandlik va jinoyatchilikdan asrab qoldi.

O‘yingohdan xiyla olisda o‘tirgan, kiyim-kechak sotuvchisi, 42 yoshli Virjiniya Chitakunya maktabning qayta ochilishiga hozirdan tayyorlanib, o‘g‘illarining poyabzalini qurityapti.

Hukumat ota-onalarga maktab qayta ochiladi, deb bir haftadan kamroq muddatni aytgan, biroq o‘quv xarajatlarining oshgani – bolalarni maktabga qayta jo‘natmaslik deganidir.

“Maktablarning qayta ochilishiga umuman tayyor emasdim. Yig‘ib-terib qo‘yganlarim ham 3 o‘quvchi bolamning to‘loviga yetmasligi aniq. Maktab direktoriga uchrab, yalinib-yolvorib to‘lov rejasini men uchun qayta ko‘rib berishini iltimos qilishdan bo‘lak choram qolmayapti”, – deydi Chitakunya.

Omad kulgan kunlari besh bolaning onasi 10 dollarcha pul topa oladi. Garchi birining to‘loviga yetsa-da, oilani ta’minlashga umuman yetmaydi.

“Bu yerda hecham pul yetmaydi bizga. Bolalarim maktabga qaytishi kerakligiga ishonaman. Nima bo‘lsa ham ularni maktabiga jo‘natishim shart. Bo‘lmasa, uyda qolish kelajaklarini barbod qiladi. To‘lovlar oshirilgan bo‘lsa ham, bu chorakdan o‘tib olishim kerak”, deydi u.

Mbaredagi ota-onalarning ko‘pi bu o‘quv yilida bolalarini qayta maktabga jo‘natolmasa-da, o‘qishning boshlanishi qashshoqlikdan o‘lar holatga kelayotgan shaharchada farzandlarini giyohvand moddalardan asrashiga ishonadilar.

Qashshoqlikdan tashqari, metamfetamin nomli oq, shaffof psixotrop dorilar juda ko‘p oila uchun haqiqiy xavf, mamlakatda ruhiy xastalar sonini oshirishda “ko‘makchi”.

Maktablar yopilganining uzoqqa cho‘zilgani minglab o‘smir qizlarning homilador bo‘lib qolishiga olib keldi. Hukumatning aytishicha, ularning ko‘pi barvaqt turmushga chiqib ham ketgan.

Chitakunyaning 9 yashar o‘g‘li Kelvinning aytishicha, bolakay 6-sentabrdan maktab ochilishini astoydil kutgan. Bolalar bilan ko‘chada shataloq otib, futbol o‘ynashni yaxshi ko‘rsa-da, kitoblaridan sira ajralmaydi.

“Onamning xususiy darslarga berishga qurbi yetmaydi. Shuning uchun kitoblarni o‘zim uyda o‘qiyapman. Kelajakda huquqshunos bo‘lmoqchiman. Buning uchun juda qattiq o‘qishim, harakat qilishimga to‘g‘ri keladi”, – deydi u jilmayib.

Ota-onalar farzandlari uchun munosib ta’lim bo‘lishiga urinayotgan bir paytda, boshqa tarafdan o‘qituvchilar ishga qaytishdan avval maoshlari oshirilishini talab etishmoqda.

“Talabalar ta’lim olish huquqidan mahrum bo‘lish arafasida. Chunki hukumat o‘qituvchilarning yashash xarajatini to‘la qoplab berishga tayyor emas”, – deydi Qishloq o‘qituvchilari uyushmasi prezidenti Obert Masaraure.

Karantin payti xususiy ta’limga qurbi yetganlar uchragan bo‘lsa-da, internet narxining oshishi tufayli masofaviy ta’lim sifati tushib ketdi. Juda ko‘p bolalar, masalan, Mbaredagilardek maktablar qayta ochilib, darslar yana boshlanganda tengdoshlaridan ancha orqada qolgani seziladi.

Bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hukumat muddatni bir oyga cho‘zdi. Ammo Tanaka bilan do‘stlarini futbol maydonidan sinfxonaga kiritish uchun ota-onalari maktab to‘lovlarini to‘lashga astoydil ter to‘kishlari kerak bo‘ladi.

Burkina Faso

Radio darslar jonga ora kirganda...

Pandemiya davrida Burkina Fasodagi bolalar mashg‘ulotlarga qatnashishmoqda. Hatto Covid-19 tarqalishidan oldin ham harbiy guruhlarning ayrim hududlardagi maktab, o‘quvchi va o‘qituvchilarga qayta va qayta hujumi ta’lim jarayoniga ta’sir qilmay qolmagandi.

Foto: UNICEF / Kalidu Sy

Burkina Fasoning Markaziy Nord tumanida yashaydigan 14 yashar Maryam o‘tgan yili ko‘klamda g‘arbiy Afrikani changaliga olgan COVID-19 paydo bo‘lguncha maktabga borishdan chinakamiga huzurlanardi. Qizning maktabi yopildi, o‘zi esa bundan keyin nima bo‘lishi, o‘qishi aro yo‘lda qolib ketmasligiga qiziqadi. Burkina Fasoda mahalliy uy-joysiz bolalar soni oshib borayotgani ham yomon. Maryam esa yarim qurg‘oqchil Sahelda, eng qashshoq va o‘ta muhtoj insonlar orasida yashaydi.

Hartugul, radio orqali eshittirilayotgan masofaviy ta’lim dasturlari orqali o‘qishini davom ettiryapti. Uagadugudagi hukumat mamlakat bo‘ylab ko‘proq bolani qamrab olish maqsadida radio-darslar ko‘lamini kengaytirishni rejalashtiryapti. “Ular juda yaxshi odamlar. O‘qishdagi darajasizni saqlab qolishga ruxsat berganlari hammasidan yaxshi”, – deydi Maryam. Qizginaning sevimli fani – matematika.

Mamlakat 1-oktabrdan ko‘plab maktablarni qaytadan ochishga hozirlanyapti. Maryam esa radio mashg‘ulotlar maktabiga barvaqtroq qaytishiga ko‘maklashishiga umid bog‘lamoqda. “Shu dastur sharofati bilan oktabrdan maktabimizga qaytamiz deb o‘ylayapmiz”, – deydi u.

Muallim Armandning aytishicha, radio darslar Maryamga o‘xshagan qizlarning – jihodchilar zo‘ravonligiga uchraganlarning hayotini asrab qoldi, ta’limdan butkul uzilishga yo‘l qo‘ymadi. “Bu juda yaxshi imkoniyat”, – deydi u. “Ushbu dastur sabab ko‘cha bolalari ham (cheklovlar payti) nimanidir o‘rgandi”.

Ayrim hududlar haligacha mudofaachilar nazorati ostida. Juda ko‘p talabalar u yerda ta’limning biror shaklisiz qolib ketmoqda.

Radio dasturlari orqali tashkil etilgan mashg‘ulotlar o‘tgan yildan oldin butun Burkina Fasoni qamrab olgandi: mamlakatning radio-mashg‘ulot bilan bog‘liq qiziq, boy tarixi bor. Buning uchun 1970-yillardagi “qishloq radiosi”ga – dehqonlar qishloq xo‘jaligiga oid eng so‘nggi yangilik va metodlarni havo to‘lqinlari orqali bilib olgan davrga qaytish kerak.

Ushbu dastur pandemiya davomida sezilarli ravishda keng tomir otdi va bugun ta’lim vazirligining 11 million funt sterling rejasining bir bo‘lagiga aylanib, “ta’lim bardavomligi”ni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Loyiha quchoq ochib kutib olindi. Bu faqatgina COVID-19 ning tashvish-xavotirini aritishga emas, balki zo‘ravonlik va qo‘poruvchiliklar sabab oxirgi 6 yilda muntazam yopilib kelayotgan maktablar o‘rnini to‘ldirish uchun ham keng joriy etilmoqda.

UNICEF ’ning ta’lim bo‘yicha mutaxassisi Dabla Tour mashg‘ulot-darslarni tarqatish orqali vazirlikka yaqindan ko‘mak bermoqda va buning davom etishi o‘ta muhimligini aytadi. “Yangi o‘quv yilining boshlanishi – bu yana sinfxonalarga qaytish demak. Boshqa tomondan, ayni paytda maktabga qatnamaydigan juda ko‘p o‘quvchi bor... va ular shu holicha qolsa kerak. Mamlakatning boshqa hududlar bilan xavfsizlik holatini kuzatganimda, raqamlar o‘sha hududlarda o‘sib borishi mumkinligini fahmladim.

Pandemiyadan oldin ham Burkina Fasoning ayrim qismlari harbiy guruhlarning maktab, o‘quvchi va o‘qituvchilarga qayta va qayta hujumi sabab bolalarni maktabga qaytarish, ta’limga jalb etish bilan kurashib kelardi. Ta’lim vazirligining xabar berishicha, 2020-yilning yanvar–fevralida 330,000 dan ortiq o‘quvchi maktabni tark etgan. Sonlar o‘shandan beri kamayish o‘rniga muttasil oshib bormoqda. May oyining oxirida 2244 maktabning yopilishi 300,000 o‘quvchi va qariyb 12,500 o‘quvchi taqdiriga ta’sir qildi.

Ushbu tartibsizliklar ssenariysiga qarshi radio-mashg‘ulotlar bo‘lishi “shart”, deydi Issufu Uedraogo. “Bolalarni asrang” xalqaro xayriya tashkilotida ishlaydigan bir mutaxassis Burkina Fasoning ta’lim vaziriga o‘rinbosar etib tayinlanib, bolalarni o‘qishga jalb etish bo‘yicha maslahat beradi.

Masofaviy ta’lim yuzma-yuz o‘qitishning o‘rnini bosa olmaydi, albatta, deydi u. “Eng yaxshisi, ta’lim olishga qurbi yetmaydigan insonlar yashayotgan hududlarda buning muqobil variantini qo‘llaymiz. Xuddi COVID-19 cheklovlari paytidagidek”, deya rejasini bildiradi u. “Ayrim hududlarimiz qurolli guruhlar nazorati ostida qolmoqda. O‘sha yerlarda maktablar butunlay yopilgan, o‘qituvchilar ishsiz. Ko‘plab talabalar ta’limning biror shaklisiz qolmoqda”.

Uedraogo dasturning kamchiliklarini tan olib, o‘ta qashshoq oilalar, Burkina Fasoning 1,3 million boshpanasiz aholisi orasida shaxsiy radiosi yo‘qlar talay. Mamlakatdagi eng ko‘p yopilgan maktablar asov, bo‘ysunmas Sahel hududiga to‘g‘ri keladi. “Bolalarni asrang” xalqaro xayriya tashkiloti qo‘llab-quvvatlaydigan jamoat birlashmalari oilalar orasida radiolarni taqsimlab, ularga maktabdan tashqari eng yaxshi ta’lim olish yo‘llari bo‘yicha maslahat bermoqda.

Touri va Uedraogoning mukammal bo‘lmagan tizimni ta’kidlashiga qaramay, hechdan ko‘ra mashg‘ulotlarning borligi ham yaxshi: maktablar darvozasi qayta ochilguncha “o‘rganish odati” bardavom bo‘lib turadi. Bu borada Maryam bilan Armandning tajribasi bor. Biroq ikkisining ko‘zi kelajakka qattiq tikilgan. “Ushbu yangi o‘quv yilida bolalar xuddi avvalgidek o‘z maktabiga qaytishini umid qilib qolaman”, – deydi Armand.