Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda davlat rahbari maktablardagi ta’lim sifati va mazmuniga keskin baho berdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Qayd etilishicha, foydalanib kelinayotgan ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari faqatgina nazariy bilim berishga yo‘naltirilgan bo‘lib, o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashga, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, bir so‘z bilan aytganda, ularni hayotga tayyorlashga o‘rgatmaydi.
Bugungi kunda 504 ming pedagogdan 12 foizi o‘rta maxsus ma’lumotli, 38 foizida esa umuman malaka toifasi yo‘q hisoblanadi.
“Bu pedagoglarning dars o‘tish mahorati yetarli emas. Ular o‘quvchilarga faqatgina o‘zi chala bilgan narsalarni o‘rgata oladi, xolos. Sababi o‘qituvchilarning o‘zining ustida mustaqil ishlash va rag‘batlantirishning samarali tizimi yaratilmagan. O‘qituvchi sifatli dars o‘tishga emas, ko‘proq soat olishga intiladi”, — degan prezident.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, maktablarda hanuzgacha 200 dan ortiq hisobot mavjud, o‘qitish, tadbirlar o‘tkazish kabi barcha jarayonlar haddan tashqari qolipga solingan.
Izoh (0)