Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Nurobod tumanida yashovchi o‘quvchi “Bir million dasturchi” loyihasida birinchi o‘rin olgani va unga ishlatilgan noutbuk sovg‘a qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Nurobod tumani hokimining farmoyishi bilan mazkur holatda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan hokim o‘rinbosariga hayfsan berildi, deb xabar beradi “Daryo” muxbiri.
“ ‘Bir million o‘zbek dasturchilari’ loyihasi doirasida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan IT-tanlovida g‘olib bo‘lgan yoshlarni taqdirlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Navro‘zbek Jaloliddinovga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasi (intizomiy jazolar) 1-bandiga asosan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilsin”, — deyiladi farmoyishda.
Tumanning 41-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Sardor Sattorov “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasining viloyat bosqichida 1-o‘rinni olishiga qaramay unga 3-darajali diplom hamda ishlatilgan (eski) noutbuk sovg‘a qilingan. “Bu nomardlar eskini berguncha bitta kitob bilan diplom bersa bo‘lmasmidi? Changini ham artmagan buni, kim bilan necha yildan beri chang bosib yotgan. Shunchalik ham nomardlik bo‘ladimi?”, — deydi o‘quvchining bobosi.
Ma’lumot uchun, 2019-yilning 21-noyabrida O‘zbekistonda dasturchilarni bepul tayyorlovchi One Million Uzbek Coders loyihasi ishga tushirilgandi. Loyiha birinchi navbatda mahalliy aholiga, asosan, yoshlarga axborot texnologiyalari mutaxassisliklarida arzon va sifatli ta’lim olish imkoniyatini beradi. Loyiha Birlashgan Arab Amirliklari hukumati, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahridagi Inha universiteti va IT-Park qoshidagi IT-akademiya ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)