Joriy yilning 21-noyabr kuni One Million Uzbek Coders (“Bir million o‘zbek dasturchilari”) bepul onlayn kurslari ochiladi. Bu haqda “Daryo”ga IT-park vakillari ma’lum qildi.

Kurslar Birlashgan Arab Amirliklari hukumati, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahridagi Inha universiteti va IT-Park qoshidagi IT-akademiya ko‘magida tashkil etilmoqda.

Foto: “Daryo”

One Million Uzbek Coders loyihasi birinchi navbatda, mahalliy aholiga, asosan, yoshlarga AT mutaxassisliklarida arzon va sifatli ta’lim olish imkoniyatini beradi. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Moskva shahrida o‘tkazilgan “Ochiq innovatsiyalar” VIII xalqaro forum doirasida ushbu loyiha haqida xabar bergan edi.

Barcha loyiha ishga tushirilgandan so‘ng ishtirok etish uchun ariza topshirishi mumkin.

Ta’lim 4 ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi:

  • Ma’lumotlar tahlili
  • Android dasturlash
  • Full-Stack Development
  • Frontend Development

Dastur ommaviy ochiq onlayn kurslarni o‘tkazadigan ta’lim platformasi hisoblanadi va u Amerikaning Udacity kompaniyasi ko‘magida tashkillashtirilmoqda. Udacity 2012-yilda Stenford universitetining informatika dasturining kengayishi natijasida tashkil etilgan. Dastur o‘zbek tilida amalga oshiriladi.

Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar grantlar uchun raqobatlasha olishadi va Udacity platformasidagi 100 dan ortiq Nanodegree dasturlarining birida o‘qishni davom ettirishlari mumkin. Buning uchun siz yakuniy imtihonni muvaffaqiyatli topshirishingiz va eng yuqori ball bilan to‘plagan 150 ta talaba ro‘yhatiga kirishingiz kerak. Shuni ta’kidlash joizki, Nanodegree diplomlari Google, AT&T, Autodesk, Salesforce va boshqa ko‘plab AT gigantlari tomonidan tan olinadi.