Farg‘ona viloyatining Quva tumanida ikki ota farzandlarining alimenti o‘rniga xonadonlarni berdi. Bu haqda “Xabar.uz” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Majburiy ijro byurosining Quva tumani bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining qaroriga ko‘ra, qarzdor Z.Ro‘zmatovdan undiruvchi M.Botirova foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun 1/4 qism miqdorda aliment undirish belgilangan.
14-yanvar kuni qarzdor va undiruvchining o‘zaro kelishuviga asosan Z.Ro‘zmatov voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun u 18 yoshga to‘lguniga qadar to‘lashi lozim bo‘lgan 86,8 million so‘m aliment mablag‘lari o‘rniga o‘z nomida bo‘lgan xonadonni sobiq turmush o‘rtog‘i M.Botirova nomiga notarius orqali rasmiylashtirib topshirgan.
Shuningdek, byuroning Quva tumani bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining qaroriga ko‘ra, qarzdor O.Ashurovdan undiruvchi D.Ashurova foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun 1/3 qism miqdorda aliment undirish belgilangan. 13-yanvarda o‘zaro kelishuvga asosan O.Ashurov voyaga yetmagan 2 nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun ular 18 yoshga to‘lguniga qadar to‘lashi lozim bo‘lgan 88 million so‘m aliment mablag‘lari o‘rniga o‘z nomidagi xonadonni notarius orqali rasmiylashtirib bergan.
Avvalroq qo‘qonlik ota ikki farzandi uchun aliment o‘rniga xonadon va Nexia bergani, Namanganda qidiruv e’lon qilingan qarzdorlardan 33 million so‘mdan ortiq aliment undirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)