O‘zbekistonda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining faoliyati xalqaro tashkilotlarning so‘z va matbuot erkinligi sohasidagi tavsiyalari asosida qayta tashkil etiladi. Bu 2022—2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida qayd etilgan.
Ma’lum qilinishicha, AOKA mavjud shtat birliklari va mehnatga haq to‘lash shartlari va miqdorini saqlab qoladi. Tashkilot boshqa davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil hamda Oliy Majlis palatalari oldida hisobdor shaklda qayta tashkil qilinadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universititeti agentlik tarkibiga o‘tkaziladi.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi hamda matbuot kotiblari faoliyati samaradorligi reytingi tuziladi. Bu orqali sohada yuqori natijalarga erishgan tashkilotlar matbuot kotiblarini rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi.
Bundan tashqari, axborot sohasini tartibga soluvchi yagona tizimlashtirilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bunda zamon talablari asosida axborot sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish nazarda tutilgan. Qolaversa, sohani tartibga solishga qaratilgan qonunlar Axborot kodeksi shaklida unifikatsiya qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Taraqqiyot strategiyasi loyihasida O‘zbekistonda 2022-yildan 2 turdagi yangi avtomobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi, O‘zbekistonning kiberxavfsizlik strategiyasi ishlab chiqilishi, to‘qqizta shaharda yangi bosh konsulxona ochilishi kabi bir qator takliflar ilgari surilgan.
Izoh (0)