O‘zbekistonda 2022-yildan 2 ta yangi yengil avtomobil modelini ishlab chiqarish boshlanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida“gi farmonida belgilab qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, 2022-yildan avtomobil sanoatida kooperatsiyani yanada rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini 1,4 barobarga, eksport hajmini 2 barobarga ko‘paytirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish ko‘zlangan. Sohadagi mavjud korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarni oshirish maqsadida:
- yangi birlashgan global platformasiga (“GEM”) o‘tish orqali yillik quvvati 190 ming dona bo‘lgan 2 ta yangi yengil avtomobil modelini ishlab chiqarishni boshlash;
- UzAuto Motors Xorazm viloyati filialining avtomobil ishlab chiqarish quvvatini 70 mingdan 100 mingtaga oshirish rejalashtirilgan.
Bunda Andijon viloyatida tashkil qilingan “Mashinasozlik va elektrotexnika maxsus sanoat xabi” maxsus sanoat zonasi va boshqa hududlarda avtomobillarga butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 151,3 million dollarlik 8 ta yangi loyihalar 2022—2024-yillarda ishga tushiriladi.
Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors’ning Ozarbayjonning Hajigabul shahridagi zavodida 28-dekabrdan Chevrolet Damas, Labo, Lacetti, Tracker va Malibu avtomobillarini yig‘ish yo‘lga qo‘yildi. Korxonada 2022-yil oxiriga kelib, yiliga kamida 5 mingta avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga erishish ko‘zda tutilgan.