O‘zbekiston 23-dekabr kuni Afg‘onistonga navbatdagi insonparvarlik yordamini yuborgani xabar qilingandi. Shu kunning o‘zidayoq insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
AOKAning Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasining xabar qilishicha, tadbirda ishtirok etuvchi O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov boshchiligidagi mamlakat rasmiylarini Hayraton shahrida Balx viloyati gubernatori Qudratillo Abu Hamza va provinsiyaning boshqa boshqaruv idoralari vakillari kutib olgan. O‘zbekiston delegatsiyasi avtomashinalarda shahar orqali viloyat markazi Mozori Sharif shahriga yo‘l olgan.
Tashqi ishlar vazirligi insonparvarlik yordamini topshirish marosimi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Unda aytilishicha, yordam karvonidan un, guruch, shakar va boshqa oziq-ovqatlar, birinchi navbatdagi zaruriy tovarlar, kiyim-kechaklar, to‘qimachilik mahsulotlari, umumiy og‘irligi 4 ming tonnadan ziyod ko‘mir o‘rin olgan.
Marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston Muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sher Abbos Stanakzay mamlakat uchun og‘ir damlarda ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor, qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun Shavkat Mirziyoyevga butun afg‘on xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildirgan.
Abbos Stanakzay afg‘on xalqi O‘zbekiston rahbarining birodarlik munosabatini doimo his qilib kelganini, shu bois mamlakatning yangi hokimiyat idoralari yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini bildirgan. Uning aytishicha, Afg‘oniston hududidan qo‘shni davlatlarga, jumladan, O‘zbekistonga hech qanday tahdidlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mavzuga doir:
Afg‘oniston jamoatchiligi vakillari so‘zga chiqib, bu yordam mamlakatda ommaviy ocharchilik, og‘ir gumanitar va oziq-ovqat inqirozining oldini olishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida o‘zbekistonlik oshpazlar tomonidan o‘zbek palovi pishirilib, barcha yig‘ilganlar, shuningdek, Afg‘oniston jamoatchiligining ko‘plab vakillariga tortiq qilingan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini ilk bor 14-sentabr kuni yuborgan. Un, turli oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur tovarlar, dori-darmonlar, kiyim-kechak va poyabzallardan iborat 1300 tonna og‘irlikdagi yordam butun mamlakat bo‘ylab kam ta’minlangan afg‘on oilalariga tarqatilgan.
Mavzuga doir:
- “Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas” — Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida Afg‘oniston muammosi haqida gapirdi
- Shavkat Mirziyoyev: “Afg‘on xalqiga zarur insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni davom ettirishga tayyormiz”
- Shavkat Mirziyoyev: “Eng katta muammo — Afg‘oniston shu qishni eson-omon, ocharchilikka duch kelmay, urushlarsiz o‘tkazib olishi”
Izoh (0)