Hukumat qarori bilan Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali.
Nizomga ko‘ra, xalqaro pochta jo‘natmalariga ishlov berish, ularni bojxona organlari tomonidan nazorat qilish xalqaro pochta almashinuvi joylarida amalga oshiriladi.
Xalqaro kuryerlik jo‘natmalariga ishlov berish, ularni bojxona organlari tomonidan nazorat qilish:
- temiryo‘l va avtomobil transporti orqali yetkazishda – maxsus belgilangan bojxona postlarida;
- havo transporti orqali yetkazishda – xalqaro aeroportlar yoki ularga yaqin hududlarda joylashgan bojxona postlarida amalga oshiriladi.
Keltirilgan jo‘natmalar pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan bojxona organining mansabdor shaxsi ishtirokida ochiladi. Jo‘natmalar orqali yuborilgan tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari vakolatli shaxs tomonidan to‘lanadi.
Mazkur nizom qoidalari yozma xat-xabarlarga (mayda paketlardan tashqari) nisbatan tatbiq etilmaydi.
Avvalroq O‘zbekistonda bosma nashrlar manzilga skuter va velosipedlarda yetkazilishi va amerikalik ayol O‘zbekistondan yuborilgan “posilka”dagi sovg‘a o‘g‘irlanganini aytganidan so‘ng “O‘zbekiston pochtasi” bunga munosabat bildirgani haqida xabar qilingandi.
Izoh (0)