Ukraina Rossiya bosqiniga uchragan taqdirda AQSh u yerga o‘z harbiylarini yuborishni rejalashtirmayapti. Bu haqda Amerika yetakchisi Jo Bayden 11-dekabr bo‘lib o‘tgan brifingda aytib o‘tdi.
Brifingda Vashington nega armiyaning bir qismini Ukrainaga joylashtirishdan bosh tortgani haqida jurnalist savoliga Oq uy rahbari: “Bunday imkoniyat hech qachon ko‘rib chiqilmagan”, deb javob berdi.
Shu bilan birga, Baydenning aniqlik kiritishicha, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan onlayn sammit chog‘ida Kreml rahbarini vaziyat keskinlashgan taqdirda Amerika qo‘shinlari NATOning sharqiy qanotida joylashgan Buxarest to‘qqizligi (B9 — Bolgariya, Vengriya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Chexiya va Estoniya) mamlakatlariga yuborishi haqida ogohlantirgan.
“Biz sharqiy qanotga Amerika va NATO qo‘shinlarini yanada ko‘proq yuborishimiz kerak bo‘ladi, B9 — ushbu NATO mamlakatlarining barchasini Rossiyaning har qanday hujumidan himoya qilish bo‘yicha muqaddas majburiyatimiz bor”, — dedi Amerika rahbari.
AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, “Putin ehtimoliy oqibatlarning jiddiyligini tushungan”.
Avvalroq NBC telekanalining manbalariga tayanib xabar berishicha, Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga 200 million dollarlik harbiy yordam paketini tayyorlagan edi, biroq uni jo‘natishni keyinga qoldirdi.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, hujjat uch-to‘rt hafta oldin tayyor bo‘lgan. Bu haqda o‘tgan hafta e’lon qilinishi kutilayotgandi. Ammo AQSh Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatning diplomatik usullar bilan yumshatilishiga ko‘proq vaqt berish, shuningdek, Rossiya bosqini yuz bergan taqdirda vaziyatga ta’sirini saqlab qolishga qaror qilgani sababli yordam kechiktirilgan.
Shu bilan birga, NBC’ning qayd etishicha, ziddiyat kuchaygan taqdirda AQSh harbiy yordamni sezilarli darajada oshirish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Tasdiqlangan 200 million dollarlik paket aynan nimalardan iborat ekani ochiqlanmagan. Avvalroq Ukraina AQShdan iloji boricha tezroq havo mudofaa tizimlari, kemaga qarshi va tankga qarshi raketalar, radar tizimlari, artilleriya o‘q-dorilari va dori-darmonlar yuborishni so‘ragan edi. NBC ta’kidlashicha, AQShning yordamni kechiktirish to‘g‘risidagi qarori Kiyevning xafsalasini pir qilgan.
Ukraina atrofidagi vaziyat 7-dekabr kuni Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Jo Bayden o‘rtasidagi onlayn muzokaralarda muhokama qilingan edi. Bayden Putinni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda “keskin iqtisodiy va boshqa choralar” haqida ogohlantirgan. Putin, o‘z navbatida, NATOni “Ukraina hududini bosib olishga bo‘lgan xavfli urinishlar”da ayblagan va alyansning sharqqa tomon kengayishi to‘xtatilishiga kafolat talab qilgan.
AQSh Rossiyaning Ukrainaga hujumi yuz beradigan bo‘lsa, Moskvaga qarshi sanksiyalar qo‘llashini, bu esa mamlakatning jahon moliyaviy tizimidan “to‘liq yakkalanib qolishiga” sabab bo‘lishini bildirdi. AQSh OAVlarining xabar berishicha, paket Rossiyani SWIFT banklararo o‘tkazma tizimidan uzib qo‘yish va rublni boshqa valyutalarga konvertatsiya qilish bo‘yicha cheklovlarni o‘z ichiga oladi.
Mavzuga doir:
- WSJ: AQSh Yevropadagi harbiy o‘quvlarini cheklashi yoki Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashi mumkin
- Bloomberg Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirmoqchiligi haqida AQSh razvedkasi bergan hisobot tafsilotlarini e’lon qildi
- AQSh Rossiyadan Ukraina chegarasidagi “provokatsiyalar”ga izoh berishini talab qildi