AQShning Arkanzas, Illinoys, Kentukki va Tennesi shtatlari hududlarida tornado kuzatildi. Tabiiy ofat oqibatida bir nechta binolarga zarar yetgan, rasman besh nafar odamning halok bo‘lgani haqida axborot berilgan. Kentukki gubernatori Endryu Grem Beshir favqulodda holat oqibatida halok bo‘lganlar soni 50 nafardan ko‘p bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan, deya xabar berdi “Kommersant”.
Tennesida tornado tufayli uch kishi halok bo‘lgan: Obion okrugida bir nafar, Leyk okrugida ikki nafar inson hayotdan ko‘z yumgan. Shuningdek, quyunning xiyobon hududiga kirishi oqibatida bir necha kishi jiddiy jarohatlar olgan, deya xabar bergan mahalliy “kfvs12” telekanali.
Arkanzasda tornado qariyalar uyi joylashgan hududni vayron qildi va oqibatda ikki kishi halok bo‘ldi, besh nafar odam turli darajadagi tan jarohatlari oldi. AP ma’lumotlariga ko‘ra, binolar vayronalari ostida 20 ga yaqin odam qolib ketgan bo‘lishi mumkin.
Illinoysda Amazon kompaniyasining ombori binosi vayron bo‘lgan va vayronalar ostida odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkin, deya xabar qilgan Fox News.
Kentukkida quyun kamida 50 nafar odamni halok qilgani haqida taxminlar mavjud. Shtat gubernatori matbuot anjumanida qurbonlar soni taxmin qilinganidan ko‘proq ekanligi haqida gapirgan.
https://www.instagram.com/p/CXV7gLDlWT9/
“Kentukkida 50 dan ziyod odam halok bo‘lgan... Katta ehtimol bilan ularning soni 70 nafardan 100 nafargacha bo‘lsa kerak — bu dahshat”, degan Beshir matbuot anjumanida.
Oktabr oyida AQSh sharqiga yopirilgan bo‘ronli shamol sabab yuz minglab uylar elektrsiz qolgan, martda AQShda sodir bo‘lgan tornado yuzlab uylarga zarar yetkazgandi.