Toshkentda dars vaqti qarta o‘ynagan maktab o‘quvchilarining ota-onalari va sinf rahbari jazolandi. Bu haqda Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoq sahifalarida “Maktabmi bu yoki qimorxona?” sarlavhasi ostida video tarqalgandi. Unda bir necha o‘quvchilar dars paytida orqa partada qarta o‘ynab o‘tirgani aks etgan.
Rasmiy ma’lumotda bildirilishicha, video 2024-yil 23-aprel kuni Yunusobod tumanidagi 235-sonli maktabda tarix fani darsida olingan. To‘rt nafar 8-“B” sinf o‘quvchilari dars jarayoniga xalaqit qilib, “qartabozlik” qilgan.
Ushbu o‘quvchilarning ota-onalari maktabga chaqirtirilib, Milliy gvardiya, IIB xodimlari, psixolog hamda maktab ma’muriyati ishtirokida profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
O‘quvchilarning ota-onalariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan jarima qo‘llangan. Sinf rahbari N.B.ga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgan.
Izoh (0)