Toshkent shahrida joylashgan korxonalarning biriga tegishli yotoqxonada sodir bo‘lgan havo-gaz aralashmasining chaqnashi oqibatida yong‘in yuzaga kelgani va 18 kishi jarohat olgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mazkur voqeaga munosabat bildirib, hozirda ko‘ngilsiz hodisa bo‘yicha tekshirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, baxtsiz hodisa oqibatida 18 nafar ishchi bilan sodir bo‘lgan holatni maxsus tekshirish to‘g‘risida Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasining 2021-yil 2-dekabrdagi 265-sonli buyrug‘i qabul qilingan.

Hozirda tekshirish va rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

“Uning kelib chiqish sabablari va yakuni to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur yong‘indan jabrlangan shaxslarning barchasi erkak kishi bo‘lib, ularning 10 nafari reanimatsiya bo‘limida davo muolajalarini olayotganini ma’lum qilgandi. Birlamchi ma’lumotga ko‘ra, havo-gaz aralashmasining chaqnashiga gaz quvurlarining nosozligi sabab bo‘lgan.