Futbol bo‘yicha Fransiya chempionatining 15-turida “PSJ” 28-noyabr, yakshanba kuni “Sent-Etyen” maydonida mehmon bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Uchrashuvning 23-daqiqasida Deni Buanga maydon egalarini oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida “Sent-Etyen” bir o‘yinchi kam bo‘lib qoldi: Timote Kolozeychak to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochkaga loyiq ko‘rildi.

Dastlabki bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda Markinyos muvozanatni tikladi. 79-daqiqada Anxel di Mariya Parij klubining ikkinchi golini urdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Markinyos dublni rasmiylashtirgan holda, yakuniy hisobni o‘rnatdi — 1:3.

Qayd etish kerak, ushbu bahsda “PSJ” himoyachisi Serxio Ramos klub safida debyutini o‘tkazdi. “Real”dan erkin agent maqomida kelgan Ramos uzoq vaqt jarohatini tiklash bilan band bo‘ldi.

Ushbu g‘alabadan keyin “PSJ” ochkolarini 40 taga yetkazib olgan holda peshqadamlikni mustahkamladi. Parijliklar eng yaqin ta’qibchidan 14 ochkoga o‘zib ketdi.

Liga 1

15-tur bahsi

28-noyabr, yakshanba

“Sent-Etyen” — “PSJ” 1:3

Gollar: 1:0 – 23 Buanga, 1:1 – 45 Markinyos, 1:2 – 79 Di Mariya, 1:3 – 90+1 Markinyos.

“Sent-Etyen”: Grin, Sissoko (Mukudi, 46), Kolozeychak, Nade, Trauko, Mason (Krasso, 87), Budebuz (Gurna-Duat, 72), Kamara (Kalodat, 87), Aushish (Yussuf, 46), Hazri, Buanga.

“PSJ”: Donnarumma, Hakimi, Ramos, Markinyos, Bernat, Di Mariya, Guye (Paredes, 75), Danilu Pereyra, Messi, Neymar (Ebimbe, 88), Mbappe.

Ogohlantirishlar: Sissoko (18), Budebuz (32), Bernat (33), Kamara (35).

Chetlatish: Kolozeychak (45).