Samvel Babayan “Navbahor” bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqida jamoa matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: “Navbahor”

Samvel Babayan 2022-yilgi mavsumni “Navbahor” bosh murabbiyligida boshlaydi. Bunga qadar 50 yoshli mutaxassis “lochinlar” jamoasida maslahatchi murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgandi.

Ma’lumot uchun, Babayan murabbiylik faoliyatidagi ilk qadamlarini aynan “Navbahor” klubida qo‘ygan. 1995—2001-yillar davomida Babayan namanganliklar klubi murabbiylar shtabida faoliyat olib borgan. Ushbu davr mobaynida “Navbahor” bir marta mamlakat chempionligini (1996-yili), 4 marta bronza medallari (1995, 1997—1999-yillar),  2 marta O‘zbekiston kubogi (1995, 1998-yillar), bir marta O‘zbekiston Superkubogini (1999-yil) qo‘lga kiritgan.

Samvel Babayan 2001—2002-yillari O‘zbekiston terma jamoasida menejer sifatida faoliyat olib bordi. 2002-yildan Toshkentning “Paxtakor” jamoasida vitse-prezident sifatida ish boshlagan Samvel Babayan mazkur lavozimda 2014-yilgacha faoliyat olib bordi. Babayan 2014—2015-yillarda “Paxtakor” bosh murabbiyi lavozimida faoliyat olib bordi. Mutaxassis 2015—2017-yillarda O‘zbekiston milliy, 2016-yili esa parallel ravishda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasida bosh murabbiy bo‘lib ishladi.

Samvel Babayan 2018—2019-yillarda Latviyaning “Spartak” (Yurmala) jamoasida faoliyat olib bordi. 2019-yilda esa Toshkentning “Lokomotiv” jamoasini boshqardi. 2020-yilda Babayan Xitoyning “Chanchun Yatay” jamoasida bosh murabbiy sifatida ishladi. 2021-yilning 10-iyul sanasidan boshlab “Navbahor”da maslahatchi murabbiy sifatida ish boshlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, Samvel Babayan O‘FF (hozir O‘FA) ijroqo‘mining 2018-yil 15-yanvardagi 3-sonli qaroriga muvofiq futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan umrbod chetlashtirilgan edi. Keyinroq mutaxassis Latviyada ish boshlagach, tashkilot bu qarorning faqat O‘zbekistonda amal qilishini ma’lum qilgandi.

Ammo oradan bir yil o‘tib, Babayanning diskvalifikatsiyasi chetlatishdan ikki hafta o‘tiboq “Bunyodkor” klubi kafilligi ostida bekor qilingani ma’lum bo‘ldi.