Vadim Abramov O‘zbekiston milliy terma jamoasidan iste’foga chiqarilganidan bir yarim oy o‘tib, uning o‘rniga yangi murabbiy tayinlanishi haqida rasmiy xabar chiqdi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiya Sloveniya terma jamoasini 2000-yilgi Yevropa chempionati va 2002-yilgi Jahon Chempionatiga olib chiqqan mutaxassis Srechko Katanes bilan kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Terma jamoaning yaqin orada rasmiy o‘yinlar o‘tkazmasligi inobatga olinsa, milliy jamoani shu paytgacha boshqargan taniqli murabbiylar haqida mulohaza yuritishning ayni vaqti.

Rustam Akromov, 1992—1994-yillar

Foto: Google Images

O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi yagona yirik g‘alaba Rustam Akromov davriga to‘g‘ri keladi. Mustaqillikning ilk yillarida tuzilgan terma Akromov qo‘l ostida Xirosimada (Yaponiya) o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Futbol professori Rustam Akromov boshchiligida O‘zbekiston 11 uchrashuv o‘tkazib, 10 ta g‘alaba va 1 ta durang qayd etgan.

Ubirajara da Silva, 1997—1998-yillar

Foto: Google Images

Akromovdan so‘ng terma jamoa boshqaruviga bir qator mahalliy murabbiylar keladi. Shundan so‘ng terma jamoaga Braziliyadan Ubirajara da Silva taklif qilinadi. U bungacha “Paxtakor”da faoliyat yuritayotgandi. O‘zbekiston milliy terma jamoasining birinchi xorijlik bosh murabbiyi sifatida tarixga kirgan Ubirajara 1997-yilning oktabr oyida terma jamoani qabul qilib olgan. Uning qo‘l ostidagi ilk o‘yinda terma jamoa Qozog‘iston ustidan 4:0 hisobida g‘alabaga erishadi. Umumiy hisobda da Silva terma boshqaruvida 9 uchrashuv (4 g‘alaba, 3 durang va 2 mag‘lubiyat) o‘tkazadi. Shuningdek, aynan Silva davriga terma jamoaning eng yirik g‘alabasi to‘g‘ri keladi – 15:0 hisobida Mo‘g‘uliston mag‘lub etilgan. Ubirajara 2021-yilning mart oyida koronavirus oqibatida 66 yoshida vafot etdi.

Yuriy Sarkisyan, 2000-yil

Foto: “Championat.asia”

2000-yilda terma jamoa boshqaruviga “Neftchi” klubining afsonaviy murabbiyi tayinlanadi (unga qadar Mahmud Rahimov, Viktor Borisov va Pavel Sadirin (Rossiya) terma jamoaga ustozlik qiladi). Biroq Sarkisyan qo‘l ostidagi O‘zbekiston Osiyo Kubogi—2000 da muvaffaqiyatsiz ishtirok etadi. Terma jamoa tarixidagi eng yirik mag‘lubiyat (Yaponiya 1:8) ham Sarkisyan davriga to‘g‘ri keladi.

Sarkisyanning terma jamoadagi statistikasi: 5 o‘yin, 1 g‘alaba, 1 durang, 3 mag‘lubiyat.

Ravshan Haydarov, 2002—2004-yillar

Foto: “Championat.asia”

Sarkisyandan so‘ng Vladimir Salkov va Leonid Ostroushko qisqa vaqt davomida bosh jamoaga ustozlik qiladi. 2002-yildan 2004-yilgacha esa Haydarov termani boshqaradi. Haydarov qo‘l ostida o‘zbekistonlik futbolchilar umumiy hisobda 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta g‘alaba, 6 tadan durang va mag‘lubiyat qayd etadi. Haydarov terma jamoa bilan 2004-yilda Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogida chorak finalga qadar yetib borgan.

Hans Yurgen Gyode, 2005-yil

Hans Yurgen Gyode o‘ngdan birinchi

Foto: Google Images

Dastavval Ravshan Haydarovga yordamchilik qilgan germaniyalik mutaxassis keyinchalik bosh murabbiylik lavozimiga tayinlanadi. JCh—2006 saralashida ishtirok etgan O‘zbekiston Gyode qo‘l ostida 3 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta durang va 2 ta mag‘lubiyat qayd etadi. Natijada, rahbariyat chet ellik mutaxassisni iste’foga chiqargan. Yurgen Gyode o‘shanda hatto so‘nggi matbuot anjumanida ham ishtirok etmay ketib qolgandi.

Valeriy Nepomnyashiy, 2006-yil

Foto: Google Images

Yurgen Gyodedan keyin qisqa vaqt davomida Bob Hafton jamoa boshqaruvini o‘z qo‘liga oladi. Ammo angliyalik mutaxassis kutilmaganda terma jamoadan ketadi, uning o‘rniga esa Rossiyadan Valeriy Nepomnyashiy taklif qilinadi. Bungacha u “Paxtakor”ni boshqarib kelayotgandi. Shu tariqa u ikkala joyda faoliyat yuritishni boshlaydi.

Terma jamoa uning qo‘l ostida Osiyo Kubogi—2007 saralash bosqichida ishtirok etadi va 6 o‘yinda 3 g‘alaba, 2 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etadi.

Rauf Inileyev, 2007—2008-yillar

Foto: Getty Images

Nepomnyashiydan keyin yana mahalliy murabbiyga murojaat qilinadi. 2007-yilgacha Ineleyev O‘zbekiston yoshlar terma jamoasini boshqarib kelayotgandi. Uning oldiga 2007-yilgi Osiyo Kubogida munosib ishtirok etish talabi qo‘yiladi. Malayziya, Tailand, Indoneziya va Vyetnam maydonlari mezbonlik qilgan musobaqada terma jamoa chorak finalga qadar yetib boradi. 1/4 finalda Saudiya Arabistoniga 1:2 hisobida imkoniyat boy berib qo‘yiladi. Shunga qaramay mutaxassis o‘sha yili Osiyo va O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deb topiladi. 2008-yilga kelib esa bir qator muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan so‘ng Ineleyev lavozimidan ozod etiladi.

Mirjalol Qosimov, 2008—2010 va 2012—2015-yillar

Foto: Google Images

“O‘zbek Maradonasi” deb nom berilgan Mirjalol Qosimov hozirgacha ikki marta terma jamoani boshqarib, har ikkalasida ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Dastlab, 2008-yilda Rauf Ineleyevning o‘rnini egallaydi. Qosimovning oldiga jamoani Braziliyada bo‘lib o‘tadigan mundialga olib chiqish vazifasi qo‘yiladi. Ammo endigina “Bunyodkor” (“Quruvchi”) bilan ma’lum bir yutuqlarga erishayotgan yosh murabbiydan ko‘p narsa kutishning o‘zi noto‘g‘ri qaror edi. Buning ustiga u Ineleyevning qator mag‘lubiyatlaridan keyin jamoa boshqaruviga kelgandi. Shu tariqa Qosimovning termadagi ilk faoliyati 2010-yilga kelib o‘z nihoyasiga yetadi. Uning o‘rniga Vadim Abramov taklif etiladi.

Mirjalolning ikkinchi urinishi 2012-yilga to‘g‘ri keladi. Bu safar ham unga “tishlagan non” taqdim etiladi: 2014-yilgi Jahon Chempionati saralashi doirasida Toshkentda Erondan uchralgan alamli mag‘lubiyatdan so‘ng (0:1) Vadim Abramov iste’foga chiqariladi va yana “Bunyodkor”da tuppa-tuzuk ishlab turgan Qosimov olib kelinadi. Shu tariqa u parallel ravishda ham terma jamoa, ham “Bunyodkor”ga ustozlik qiladi. “Bunyodkor”da O‘zbekiston Kubogida zafar quchadi, Osiyo Chempionlar Ligasida esa yarim finalga qadar yetib boradi. Afsuski, O‘zbekiston bilan 3-saralash bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritadi, Iordaniyaga qarshi o‘tish o‘yinida esa penaltilar seriyasiga ko‘ra mag‘lub bo‘ladi va JCh—2014 ga chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. 2015-yilning yozida terma jamoani tark etadi.

Qosimovning terma jamoadagi umumiy statistikasi quyidagicha: 54 o‘yin, 22 g‘alaba, 15 durang, 17 mag‘lubiyat.

Vadim Abramov, 2010—2012-yillar

Foto: Getty Images

2010-yilda terma jamoa boshqaruviga kutilmaganda hali hech qanday jiddiy yutuqlarga erishmagan Abramov tayinlanadi. Abramov bor e’tiborini terma jamoaga qaratish uchun “Lokomotiv”dagi ishidan ketadi. Shu tariqa mutaxassis terma jamoani Osiyo Kubogi—2011 ga tayyorlaydi va musobaqada yarim finalga qadar yetib boradi. Yarim final bahsida Avstraliyaga 0:6 hisobida mag‘lub bo‘lgan Abramov shogirdlari uchinchi o‘rin uchun kechgan o‘yinda Janubiy Koreyaga imkoniyatni boy berib qo‘yadi (2:3). Yirik va sharmandali mag‘lubiyatlarga qaramay, Abramovning bu natijasi ijobiy baholanadi. Boisi O‘zbekiston terma jamoasi bunga qadar Osiyo Kuboklarida yarim finalga qadar yetib bormagandi.

Abramovning jamoasi JCh—2014 saralash o‘yinlaridagi ishtirokini boshlaydi. Ikkinchi bosqichning so‘nggi o‘yini oldidan Abramov o‘z oyog‘iga o‘zi “bolta uradi”. Keyingi bosqich masalasini hal qilgan jamoa 5-turda Tojikistonga qarshi o‘ynaydi. Unda avvalgi o‘yinlarda sariq kartochka olgan olti nafar o‘yinchi so‘nggi tur o‘yinini o‘tkazib yuborgan holda hal qiluvchi bosqichga “toza” bo‘lib borish uchun qayta sariq kartochka oladi. FIFA esa bu masalani bee’tibor qoldirmaydi va o‘yinchilarni bir emas ikkita o‘yinga chetlatadi. Natijada uchinchi saralash bosqichining ilk o‘yinida, yuqorida tilga olingan Eronga qarshi bir qator asosiy tarkib o‘yinchilarisiz tushadi va so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, alamli mag‘lubiyatni qabul qiladi. Shundan keyin Abramovga chiqish eshiklari ko‘rsatiladi.

Abramovning 2010—2012-yillardagi statistikasi: 28 o‘yin, 11 g‘alaba, 5 durang, 12 mag‘lubiyat.

Samvel Babayan, 2015—2017-yillar

Foto: O‘FA

2015-yilning iyun oyida Qosimovning iste’fosi qabul qilinadi, uning o‘rniga esa “Paxtakor”da vitse-prezidentlikdan to murabbiylikkacha bo‘lgan lavozimlarda ishlagan Samvel Babayan tayinlanadi. Babayan, shuningdek, o‘sha yilning noyabr oyida parallel ravishda olimpiya terma jamoasi boshqaruvini ham o‘z qo‘liga oladi. Biroq u na olimpiya va na milliy terma jamoa bilan o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajara oladi. Olimpiyachilar Qatardagi Osiyo Chempionatida guruhda qolib ketib, Rio Olimpiadasi yo‘llanmasidan quruq qolgan bo‘lsa, terma jamoa JCh—2018 ning hal qiluvchi saralash bosqichida guruhda 4-o‘rinni egallaydi. Babayan terma jamoada boshqaruvida 24 o‘yin o‘tkazib, 16 g‘alaba, 2 durang va 6 mag‘lubiyat qayd etgan.

Ektor Kuper, 2018—2019-yillar

Foto: O‘FA

Babayan “haydalish kuyi”ni chalganidan keyin Ro‘ziqul Berdiyev (2017-yil, 1 ta o‘rtoqlik o‘yini) va Timur Kapadze (2018-yil, 4 ta o‘rtoqlik o‘yini) qisqa vaqtdan termaga ustozlik qiladi. Shundan so‘ng milliy jamoa boshqaruviga Misrni 22 yillik tanaffusdan so‘ng Jahon Chempionatiga olib chiqqan argentinalik Ektor Kuper taklif qilinadi. Kuper bilan 3+1 ko‘rinishida shartnoma imzolanadi. O‘z vaqtida “Valensiya”, “Inter” kabi nomdor klublarni boshqargan mutaxassisning oldiga Osiyo Kubogi—2019 da munosib ishtirok etish va jamoani 2022-yilgi Jahon Chempionatiga olib chiqish vazifasi topshiriladi. BAA maydonlarida bo‘lib o‘tgan qit’a birinchiligida Kuper boshchiligidagi jamoa 1/8 finalda Avstraliya terma jamoasiga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berib qo‘yadi. Jahon chempionati saralashida esa Falastindan uchralgan mag‘lubiyat Kuperning O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruvidagi taqdirini hal qiladi. Kuper bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinadi va unga 7 (ayrim manbalarda 5) million yevro miqdorida kompensatsiya to‘lab beriladi. Ko‘plab mutaxassis va muxlislar Kuperning himoyaviy uslubini tanqid qilardi va O‘zbekistonning har doim hujumkor o‘yin ko‘rsatganini ta’kidlardi. Shuningdek, Kuperning terma jamoadan ketishi haqida turli-tuman uzunquloq gaplarning mavjudligini ham unutmaslik lozim. Ektor Kuperning O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruvidagi umumiy statistikasi: 17 ta o‘yin, 7 g‘alaba, 4 ta durang, 6 ta mag‘lubiyat.

Vadim Abramov, 2019—2021-yillar

Vadim Abramov

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ektor Kuper iste’fosidan keyin terma jamoa yana Abramovga topshiriladi. Abramov kelishi bilan jamoa yana ko‘tarinki kayfiyatda o‘ynay boshlaydi va dastlabki ikki o‘yinda Yaman va Singapur mag‘lub etiladi. Biroq shundan so‘ng terma o‘yinida pasayish kuzatiladi. Buning ustiga koronavirus pandemiyasi sababli 2-saralash bosqichi markazlashgan holda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi. Saudiyada nimalar bo‘lganini esa hamma ko‘rdi... Mundial bilan sharmandalarcha xayrlashildi. O‘zbekiston bungacha biror marta ham Jahon Chempionatlari saralashida 2-bosqichda qolib ketmagandi. Terma jamoa Toshkentga qaytgach, O‘FA rahbariyati Vadim Abramovning shartnomasi yakunlaganini aytib, u bilan hamkorlik tugaganini e’lon qildi. 2019—2021-yillarda milliy jamoa Abramov bilan 10 ta o‘yin o‘tkazib, 6 ta g‘alabaga erishdi. Yana 4 ta o‘yin esa mag‘lubiyat bilan yakunlangan.

Muallif:Bilol Erkin