O‘zbekistonda har o‘quv yili boshlansa, talabalar turar joyi muammosi tarmoqlarda muhokama qilinadi. 2021-yilning fevralida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida besh nafar talabaning o‘lik holda topilgani ham bahs-munozaralarni yuzaga keltirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda respublikadagi 127 ta oliy ta’lim muassasalarining 88 tasida talabalar uchun yotoqxonalar mavjud. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovga ko‘ra, 2025-yilgacha mamlakatda 4,4 trillion so‘m mablag‘ evaziga 96 ming o‘rinli yotoqxona quriladi. “Daryo” dunyoning turli davlatlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlarning talabalar turar joyidagi sharoiti va narx-navosiga qiziqdi.
“Uch mahal ovqat beriladi”
Ozodbek Nurmamatov, Istanbul universiteti 2-bosqich talabasi:Turkiyada talabalar uchun mo‘ljallangan uch xil: davlat, xususiy va “Vaqf” fondiga qarashli yotoqxonalar bor. Ularning narxi ham bir-biridan, albatta, farq qiladi. Eng arzoni va yaxshisi “Vaqf” yotoqxonasi hisoblanadi.
Istanbulga kelgan paytimda bir yil ijara uyda yashab, o‘qisholdi tayyorlanganman. Birinchi bosqichda o‘qigan davrimda davlat yotoqxonasida turganman. Oyiga 50 dollardan faqat yotoqxona uchun to‘lardim. Ovqatni o‘zimiz qilardik.
Karantin sababli “Vaqf” yotoqxonasiga o‘tdim va 2021-yilning may oyidan buyon shu yerda yashayapman. Yotoqxona ma’muriyati bilan bir yilga shartnoma tuzganman. 12 oy uchun 250 dollar to‘layman. Shu pul ichida uch mahal ovqat ham beriladi.
Xususiy yotoqxonalar narxi talaba uchun qimmat, ya’ni yiliga 2 ming dollar atrofida bo‘ladi. Universitetga yaqinroq bir xonali ijara uyning oylik narxi 150 dollarga yaqin.
To‘rt qavatli yotoqxonamiz yuz o‘rinli bo‘lib, to‘rt va olti kishili xonalardan iborat. Kutubxona, oshxona, kichikroq masjid va sport zal ham bor. Men olti kishilik xonada turaman. Xonadoshlarimning bir nafari jazoirlik, qolganlari esa turkiyalik.
Barcha talabalarni “Vaqf” fondiga qarashli avtobuslar universitetga har kuni olib borib keladi. Oradagi masofa avtobusda 20 daqiqalik yo‘l.
Oliy o‘quv yurtidagi mashg‘ulotlar tugagach, “Vaqf”ning turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari va darslarida ham qatnashamiz.
“Har bir xonada Wi-Fi bor”
Mushtariy Qosimova, Varshavadagi Oliy bank maktabi 1-bosqich magistranti:Andijon davlat universitetining xorijiy tillar fakultetini bitirgach, Polshaga magistraturaga o‘qishga kirdim. Bizning universitet xususiy bo‘lgani bois boshqa oliy o‘quv yurtlari yotoqxonalari bilan shartnoma imzolagan ekan. Men hozir Varshava davlat universiteti yotoqxonasida yashayman.
Bu davlatga yaqinda keldim. Bir kishilik xonada turaman. Istish tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, chiroq o‘chmaydi. Xonamda muzlatkich, shkaf va hatto Wi-Fi ham bor. Oshxona ko‘pchilik uchun bo‘lib, gaz pechlari ham yetarlicha.
Yotoqxonada o‘ziga xos tartib mavjud. Talaba kechqurun soat 23:00 dan keyin binoga kiritilmaydi. Ungacha ko‘chadagi barcha ishlarini qilishga ulgurishi kerak. Bir oylik to‘lov narxi 100 dollar, olti oylik yoki bir yillik to‘lovni oldindan amalga oshirish mumkin.
O‘n qavatli yotoqxonada lift mavjud. Men turadigan qavatda Hindiston va afrikalik qizlar ham yashaydi.
Ijara uylar narxini surishtirsam, bir kishilik xonalar oyiga 150 dollar ekan. Bu, albatta, talaba uchun biroz qimmat. Shuning uchun talabalar yotoqxonasida turishga qaror qildim.
Andijonda o‘qib yurgan davrimda yotoqxonada yashamaganman. Lekin kursdosh qizlarning yotoqxonasiga kirardik. Ularning yashashi qishda og‘ir kechardi. Isitish va chiroq masalasi haqida ko‘p gapirishardi. Bu yerda hozircha bunday muammolarga duch kelganim yo‘q.
“Yotoqxona barcha talabaga ham berilmaydi”
Jahongir Saydaliyev, Italiyadagi Turin politexnika universiteti 3-bosqich talabasi:Italiyada yotoqxona hamma talabaga ham berilmaydi. Men tahsil olayotgan universitetda ikki xil yotoqxona mavjud. Birinchi turdagi yotoqxona davlat stipendiyasini qo‘lga kiritgan talabalar uchun bo‘lib, ular 5 ming yevro stipendiya oladi. Yotoqxonada turish niyati borlarga stipendiyaning yarmi beriladi va bepul yotoqxona bilan ta’minlanadi.
Davlat stipendiyasini olish uchun talaba oilaviy holati, oila a’zolarining yillik daromadi va o‘zlarining nomida bo‘lgan mol-mulk haqida ma’lumot taqdim etishi talab qilinadi. Ikkinchi turdagi yotoqxona universitet stipendiyasini olganlarga beriladi. O‘zim ikki yildan beri shu xususiy yotoqxonada turaman.
Har ikki turdagi yotoqxonani olmoqchi bo‘lgan talabalar ham oliy o‘quv yurti ma’muriyatiga kerakli hujjatlarni topshiradi, ham yotoqxona veb-saytiga kirib ariza to‘ldiradi. Bakalavriat talabasining kollej yoki litseydagi bahosiga, albatta, e’tibor qaratiladi. Magistrlarga esa bakalavr diplomidagi baholariga qarab, boshpana beriladi. Xullas, talabaning avvalgi ta’lim jarayonida qanday baholarga o‘qigani yotoqxona olishda katta ahamiyatga ega.
Xususiy yotoqxonadagilar har oyda to‘lov amalga oshiradi. Aslida bir yil uchun 7 ming yevro to‘lashimiz kerak. Lekin men oilaviy va moliyaviy holatimdan kelib chiqib, 2 ming yevro to‘layman. Bu mablag‘ 3-4 qismga bo‘lib beriladi. Talabalar bir kishiga mo‘ljallangan xonada turadi. Biz yashaydigan qavatda 30 ta xona bo‘lib, o‘sha qavatda bitta oshxona tashkil qilingan.
Universitetga yaqinroq joylarda bir xonali ijara uyning oylik to‘lovi 350 yevro. Bu talaba uchun qimmat bo‘lgani tufayli aksariyat yigit-qizlar yotoqxona olishga harakat qiladi.
“Talabani hech kim nazorat qilmaydi”
Asror Arabjonov, AQShdagi Stenford universiteti magistranti:Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidanman. Ta’limning bakalavriat bosqichini Toshkentdagi Vesminister universitetida o‘qiganman. U paytlarda yotoqxonada turmaganman.
Stenford Amerikada ham, dunyo bo‘yicha ham eng qimmat shaharlardan biri hisoblanadi. Universitet yotoqxonasida birorta ham adminstrator yo‘q. Hech kim talabaning ustidan nazorat qilib, mana shu vaqtda kirasan yoki ketasan, degan gaplarni aytmaydi. Oliy o‘quv yurti talabasiga aylangan odam o‘zining xatti-harakatiga o‘zi javob bera oladi, uni birov nazorat qilishi shart emas.
Universitet yotoqxonasida talabalarning turli muammolarini hal qilish yoki maslahatlar berish uchun oliygoh ma’muriyati tomonidan o‘sha yotoqxonada yashovchi ikki, uch nafar talaba biriktiriladi. Ular bizni nazorat qilmaydi. Misol uchun, talabalarning umumiy tadbirlarini tashkil qilishda, savollariga javob berishda va boshqa holatlarda ko‘maklashadi. Bunday yordamchi talabalarga oylik maosh to‘lanadi yoki yotoqxona to‘lovidan ozod qilinadi.
Yotoqxonaning to‘lov narxi ijara uylarnikiga nisbatan ancha arzon. Universitet rahbariyati talabalar qiynalmasligi uchun yordam ko‘rsatadi. Yotoqxona ichida sharoitlar ko‘pligi uchun bozor narxidan biroz arzon tushadi. Bakalavriat talabalari oyiga, taxminan, 1050 dollardan to‘lov qiladi.
Oila qurgan talabalar ham yotoqxona olishi mumkin. Faqat turmush o‘rtog‘ingiz bilan borsangiz, bir xonali, farzandlaringiz bilan bo‘lsangiz, ikki xonali yotoqxona olasiz. Oilali talabalar qo‘llab-quvvatlanib, ularga to‘lov narxi sal arzonlashtirib beriladi. O‘zim rafiqam bilan birga yashaganim uchun oyiga 1500 dollar atrofida pul to‘layman. Agar ijara uyda yashasak, bir oyda 2000 dollardan ko‘proq to‘lov qilishimga to‘g‘ri keladi.
Yotoqxonaga ID-karta va shaxsiy kalit orqali kirib chiqiladi. Xonalar to‘liq jihozlangan. Har bir xonada oshxona va kir yuvish mashinalari mavjud.
“Talaba xonadoshini o‘zi tanlamaydi”
Oybek Xolmatov, Janubiy Koreyadagi Kangvon milliy universiteti 2-bosqich magistranti:2020-yili Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning grant loyihasida g‘olib bo‘lib, magistraturaga o‘qishga qabul qilindim. Bir yildan beri universitetning xalqaro talabalar uchun qurilgan yotoqxonasida turaman.
Shuni alohida aytishim kerakki, yotoqxonada birga turadigan xonadoshingizni o‘zingiz tanlamaysiz. Buni yotoqxona rahbariyati hal qiladi, ya’ni dini va millatidan qat’iy nazar, kim bilan yashashingiz ma’muriyatga bog‘liq. Ikki xil din vakilining birga yashash ehtimoli ham mavjud. Bu esa ovqat qilishda va ayrim paytlarda noqulaylik tug‘diradi. O‘zim Tanzaniyadan kelgan talaba bilan birga istiqomat qilaman.
Har bir xonada yuvinish va ovqat qilish uchun sharoit yaratilgan, muzlatkich va bepul Wi-Fi bilan ta’minlangan. Yotoqxona binosining yerto‘la qismida o‘nlab kir yuvish mashinalari bor. Ulardan xohlagan vaqtda bemalol foydalanish mumkin. Sport zal hamda dars qilish uchun alohida katta xona ham mavjud.
Yotoqxonaga bir semestr uchun, ya’ni to‘rt oyga 500 ming von (465 dollar — izoh “Daryo”niki) dan ko‘proq pul to‘lanadi.
Universitet atrofidagi bir xonali ijara uylarning bir oylik to‘lovi 200 ming von, ya’ni 170 dollarni tashkil qiladi.
“Yotoqxonada ham erkinlik bor”
Ozodbek Ozodov, Germaniyadagi Bonn universiteti 2-bosqich magistranti:
Men o‘qiydigan shaharda talabalar yotoqxonalari oliy o‘quv yurtlariga emas, balki talabalarga turli masalalarda yordam beruvchi nodavlat-notijorat tashkilotlariga tegishli. O‘zim yashaydigan yotoqxona ham ana shunday tashkilotlardan birining tasarrufida.
Bizning yotoqxona to‘rtta blokdan iborat bo‘lib, yetti qavatli qilib qurilgan. Men to‘rtinchi qavatda yashayman. Bu yerda ikkita universitet talabalari turadi. Asosan, Hindiston, Xitoy, Pokiston, Fillipindan kelgan yoshlarni uchratish mumkin. O‘zbekistonlik talabalar uch nafar, xolos.
900 o‘rinli yotoqxona binosida uch xil ko‘rinishdagi xona bor. Birinchi tipdagi xona turmush qurgan, farzandli talabalar uchun beriladi. Lekin bu kabi boshpana juda ham oz. Ikkinchi turdagi xonaning ichida barcha sharoitlar bor, ya’ni oshxona ham, yuvinish xonasi ham bo‘ladi. Uchinchi ko‘rinishdagi xonada yashovchilarning besh nafari bitta oshxona va bitta yuvinish xonasidan foydalanadi. Masalan, men turadigan qavatda alohida-alohida xonada yashovchi besh nafar talabaga bitta oshxona va hammom ajratilgan.
Bu uch turdagi xonalarning oylik to‘lovi narxi ham bir-biridan farq qiladi.
Shu o‘rinda alohida aytishim kerakki, Germaniya hukumati talabalarga yordam sifatida yotoqxonaga mas’ul tashkilotlarga subsidiya ajratadi. Subsidiya miqdorini biz bilmaymiz. Shundan keyin tashkilotlar talabalardan har oyda to‘lov pulini arzonroq oladi. O‘zim uchinchi tipdagi xonada yolg‘iz turaman. Har oyda 260 yevro to‘layman.
Yotoqxonamiz universitetdan to‘rt kilometr uzoqlikda joylashgan. O‘qishga jamoat transporti — avtobus, metro, tramvayda borib kelamiz, bu bo‘yicha muammo yo‘q. Har bir talabaga ID-karta beriladi va u orqali shahar ichida bepul harakatlanish mumkin. Shu bois yo‘lkiraga pul sarflamayman.
Universitet shahar markazida bo‘lib, uning atrofidagi ijara uylar narxi oyiga 350–400 yevroni tashkil qiladi. Shahar chekkasidan, ya’ni oliy o‘quv yurtidan sal uzoqroqdan esa 300 yevro atrofida ijaraga uy topish mumkin.
Urganch davlat universitetining talabalar yotoqxonasida ham ma’lum muddat istiqomat qilganman. U yerning xonalari juda tor bo‘lib, to‘rt yigit bir xonada yashardik. Butun qavatga bitta oshxona bo‘lardi, hojatxona va hammom ham juda kichkina edi.
Germaniyada yotoqxona o‘zizga tegishli va uni xohlaganingizdek jihozlashingiz mumkin. Chiroqni istagan paytingiz yoqasiz, o‘chirasiz hatto yarim kechasi ham. Umumiy tartib va talablarga rioya qilsangiz bo‘ldi. Qisqasi, erkinlik bor.
O‘zbekistondagi narx-navo qanday?
O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, bugungi kunda respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida 256 tadan ziyod talabalar turar joyi mavjud. Ular 91 ming nafar talabani sig‘dira oladi. Ammo shunga qaramasdan, oliy ta’lim muassasalarida 132 mingta qo‘shimcha yotoq o‘ringa ehtiyoj bor.“Mamlakatdagi davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalar yotoqxonalari narxi vazirlik tomonidan belgilanmaydi. Narxlar universitet va institutlarning xarajatlaridan kelib chiqib, oliy o‘quv yurtlarining ilmiy kengashlari xulosasi asosida belgilanadi.
Qayd etish kerakki, yotoqxonalarda bir nafar talabaga sarflanadigan xarajat unda yaratilgan sharoitlardan kelib chiqib, o‘rtacha 400 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Ammo OTM muassasalari o‘z moliyaviy imkoniyati va talabalarning to‘lov qobiliyatini hisobga olgan holda narxni mustaqil belgilaydi.
Iqtisodiy ko‘rsatkichi pastroq bo‘lgan viloyatlar, masalan, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida bir oylik narx o‘rtacha 80 ming so‘m, Samarqand, Buxoro, Xorazm kabi turizm rivojlangan hududlarda 100–150 ming so‘m, Toshkent shahrida esa 150–250 ming so‘m atrofida etib belgilangan”, — deyiladi vazirlik axborotida.
“Daryo” muxbiri O‘zbekistondagi qator oliy o‘quv yurtlari matbuot kotiblari bilan bog‘lanib, bir oylik yotoqxona narxlari bo‘yicha izoh oldi. Qarshi davlat universiteti talabalar turar joyidagi narx 100 ming so‘m, Toshkent davlat pedagogika universitetida 250 ming so‘m, Samarqand davlat chet tillar institutida bazaviy hisoblash miqdori (270 ming so‘m)ning yarmi, ya’ni 135 ming so‘m etib belgilangani ma’lum bo‘ldi. Andijon davlat universitetida yotoqxonaning bir kunlik narxi 3 500 so‘mni tashkil etadi.
Mirolim Isajonov yozib oldi
Mavzuga doir:
- Oliy ta’lim vazirligi Toshkent yotoqxonalarida joy yetishmasligi muammosini ikki qavatli karavotlar orqali hal qilish yo‘lini taklif qildi
- “Talaba o‘qisinmi yoki ijaraga pul topsinmi?!”. Maqsuda Vorisova — talabalar yotoqxonasi tanqisligi haqida
- O‘zbekistonda talabalarga ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibi belgilandi
Izoh (0)