25-noyabrdan O‘zbekistonda “Zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashamiz” shiori ostida 16 kunlik kampaniya boshlanadi, deb xabar beradi Senat matbuot xizmati. Bu yil 30 yilligini nishonlayotgan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi ushbu global kampaniya jahonning 187 ta mamlakatida o‘tkazilib, 6 mingdan ziyod tashkilotlar hamda 300 million kishini qamrab olmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

“Gender zo‘ravonlik geografik, ijtimoiy yoki iqtisodiy chegaralarning bilmasligini ko‘rib turibmiz. Rivojlanayotgan, rivojlangan mamlakatlarda ham bu muammoga barham berish jiddiy choralar ko‘rishni talab qiladi.  Mamlakatimizda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, zo‘ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish bo‘yicha qator aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi. 8 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, shundan 2 tasi qonunlardir”, — deydi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu bilan birga, jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchrab turibdi, bunday holatlarni endi yashirib bo‘lmaydi. “Ammo ba’zi opa-singillarimiz o‘zlari bilan sodir bo‘lgan zo‘ravonlik holatlarini oshkor qilmaslikni afzal ko‘rishlarini ham yaxshi bilamiz. Ushbu yo‘nalishda dastlabki qadamlar qo‘yildi, ammo oldinda uzoq va mashaqqatli ishlar turibdi. Bu kurashda har birimizning ishtirokimiz muhim”, — deya qayd etadi Norboyeva.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 15 yoshdan oshgan har uchinchi ayol hayoti davomida kamida bir marta bo‘lsa ham, jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchramoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning mayida O‘zbekistonda ayollarni reabilitatsiya qilish respublika markazlari tashkil etildi. Markazlarning asosiy vazifalaridan biri tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish hisoblanadi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida 29 ta ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi tashkil etilgan. Shu vaqtgacha reabilitatsiya markazlari nodavlat notijorat tashkiloti sifatida faoliyat yuritib kelgan bo‘lsa, endilikda ularning faoliyati to‘liq davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki shunga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish va tezkor ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish maqsadida 1146 ishonch telefoni “Aziz-ayol.uz” yagona interaktiv milliy platformasi bilan muvofiqlashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida murojaat qilgan 74 mingdan ortiq xotin-qizga sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan huquqiy yordam ko‘rsatilgan. “Ayollar daftari”dagi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud 71 mingdan ziyod xotin-qizga malakali psixologik ko‘mak berilgan. Oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish va bundan jabr ko‘rganlarga amaliy ko‘mak berish bo‘yicha bosh prokuror o‘rinbosari rahbarligida vakolatli davlat idoralari rahbarlari darajasidagi ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bugungi kunda parlament tomonidan vakolatli davlat idoralari bilan hamkorlikda milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqilmoqda, deyiladi bayonotda.