Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bog‘cha mudirasi va yordamchi tarbiyachi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan janjal tuman IIB nazoratiga olingani ma’lum bo‘ldi.
“2021-yilning 1-noyabr kuni Nishon tumanidagi 1-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi I.F. va mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotida yordamchi tarbiyachi bo‘lib ishlovchi G.D. o‘rtasida avvaldan bo‘lib kelgan nizo tufayli tortishuv yuzaga kelgan. Shu kuni G.D. soat 10:30 larda oila a’zolarini boshlab kelgan. Oqibatda maktabgacha ta’lim tashkiloti hovlisida, kirish eshigi yonida mudira va G.D.ning oila a’zolari o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Videolavhadagi holat tan jarohati va jinoyat alomatlari bilan bog‘liqligi sababli hozirda tuman ichki ishlar bo‘limi nazoratida. Ushbu yuzasidan to‘liq ma’lumotlar surishtiruv jarayonlaridan so‘ng ma’lum qilinadi”, — deyiladi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmati xabarida.
Qayd etilishicha, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh ham holatni o‘rganishda davom etmoqda.
“Ushbu holatning yuzaga kelish sabablari, maktabgacha ta’lim tashkilotidagi muhit va boshqalar xususida ishchi guruh xulosasiga ko‘ra ma’lum qilinadi”, — deydi boshqarma axborot xizmati rahbari Bahodir Musayev.
Qo‘shimcha qilinishicha, taraflarning aybdorligi tuman IIB surishtiruv natijalari va ishchi guruh xulosasiga ko‘ra belgilanadi.
Bundan avval Toshkentdagi Magic City’da qo‘riqlash xodimlari va bir guruh shaxslar o‘rtasida janjal sodir bo‘lgani, Toshkentda bir guruh shaxslar o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal videosi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilgani hamda Toshkentda ayol Instagram’dan kelgan xabar sabab janjal ko‘targan erini pichoqlab qo‘ygani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)