Uy hayvonlari, ayniqsa, it va mushuklar odamlarning yaqin hamda mehribon do‘sti, degan jumla ko‘pchilikka tanish. Shu bois ham o‘zbek oilalarining aksariyati o‘z xonadonida kuchuk yoki mushuk boqishga odatlangan. Biroq so‘nggi vaqtlarda ayrim kishilarning bu jonzotlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishlari jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Boshpanasiz jonivorlarning ko‘payib borayotgani va ularga yetarlicha e’tibor berilmayotgani yanada achinarli. “Daryo” muxbiri O‘zbekistonda qarovsiz qolgan jonivorlarga bo‘lgan munosabat aslida qanday holatda ekanligini aniqlashga harakat qildi.
“Ularga suv ham, non ham berilmaydi”
Nargis Qosimova, ekojurnalist:— O‘zbekistonda qarovsiz hayvonlarga nisbatan munosabat juda ham dahshatli va bu haligacha katta muammo bo‘lib qolmoqda. It va mushuklar yiliga ikki martadan tug‘ishi sabab tez ko‘payadi. Lekin bizda ularning sonini kamaytirish faqat o‘ldirish orqali hal qilishga qaratilgan.
Hukumat qarovsiz it, mushuklarga jonivor sifatida emas, balki chiqindi sifatida qaraydi. Chunki aynan daydi hayvonlar taqdiri bilan shug‘ullanish hukumatning 2011-yildagi qarori bilan shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish brigadalariga yuklatilgan. Bu vazifa strukturaviy tashkilot hisoblangan Veterinariya yoki Ekologiya qo‘mitalariga emas, chiqindi bilan shug‘ullanuvchi obodonlashtirish boshqarmalariga topshirilgani noto‘g‘ri va juda katta xato.
Brigada vakillari aholi murojaati asosida, aytilgan joyga borib, hayvonlarni tutadi. It, mushuklarni vahshiylik bilan tutishadi: sop, tayoqlar, armatura bilan urishadi, ba’zan o‘sha joyda o‘ldirib, olib ketishadi. Nihoyasiz shafqatsizlik ko‘pincha bolalar va keksa fuqarolarning ko‘z o‘ngida sodir etilmoqda. Bunday jirkanch manzaralar aks etgan videolar Telegram’dagi kanalim kuzatuvchilari tomonidan ko‘p keladi.
Obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari tutilgan hayvonlarni Vazirlar Mahkamasi qarori bo‘yicha besh kun ushlab turishadi. Ularga suv ham, non ham berilmaydi. Bu muddat ichida it, mushuk kabi jonzotlar veterinariya ko‘rigidan o‘tishi kerak, bu qarorda yozilgan. Ammo hech qanday tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmaydi, emlanmaydi.
Masalan, Turkiyada qarovsiz jonzotlar davlat nazoratiga olingan. Aniqrog‘i, it va mushuklarning tug‘ib, ko‘payishini oldini olish maqsadida ular sterillanadi, emlanadi hamda hammasining qulog‘iga chip qo‘yiladi. Buning uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratiladi. Bizda esa ommaviy sterillash va emlash yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, holat juda achinarli.
“Uch yildan beri NNT ochish uchun yuguramiz”
Qosimova bir necha yildan buyon daydi hayvonlarga yordam ko‘rsatuvchi nodavlat-notijorat tashkiloti (NNT) ochish harakatida vaqt o‘tkazayotgani, ruxsatnoma ololmayotgani haqida gapirdi.— Bugungi kunda O‘zbekistonda qarovsiz hayvonlarga boshpana tashkil qilib, o‘z hisobi va xayriya pullar evaziga jonzotlarni boqib kelayotgan odamlar bor. Jonivorlarga mehri baland bunday yurtdoshlarimiz juda ham ozchilikni tashkil qiladi. Ularga davlat tomonidan emlash, sterillash ishlariga hech qanday ko‘mak ko‘rsatilmaydi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan tashqari boshqa hududlarda bunday boshpanalar borligini eshitmaganman.
Uysiz hayvonlarga Respublika bo‘ylab yordam ko‘rsatish maqsadida “Rahmdil bo‘l” NNT ochish harakatidamiz. Ammo bu loyiha ortidan uch yildan beri Adliya vazirligiga yuguramiz. Chunki shuncha vaqtdan beri hujjatlardan kamchiliklar topilaveradi, biz xatolarni to‘g‘rilab, yana hujjat topshiramiz, ular yana kamchilik topaveradi. Shu tariqa uch yil o‘tib ketdi. Vazirlikning biror xodimi kamchiliklarni birdaniga, to‘liq ko‘rsatib, tushuntirmaydi.
Jahon tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, ekologik lokal muammolarni aynan NNT va volontyorlar hal qiladi. Ular masalani ko‘taradi, jamoatchilik e’tiborini qaratadi va shu orqali qonunchilik hujjatlari shakllanadi.
“Xususiy boshpanalarni ko‘paytirish kerak”
Ekojurnalistning ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2011-yilda qabul qilingan “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tardbirlari to‘g‘risida”gi 202-sonli qarorini qaytadan ko‘rib chiqish zarur.— Hukumat qarorini qayta ko‘rib chiqish kerak va davlat bu masalaga jiddiy e’tibor berishi lozim. Obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi brigadalarni tugatib, hayvonlarni boqishga qiziquvchilarni qo‘llab-quvvatlab, xususiy boshpanalar sonini ko‘paytirish kerak. Shundagina muammoga qisman yechim topiladi.
Xususan, boshpana tashkil qilganlar qarovsiz jonzotlarni veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib, davolaydi, sterillaydi, emlaydi. Jarohati og‘ir yoki kasalligi jiddiy bo‘lgan it, mushuklarni vaxshiylarcha munosabatda emas, balki ukol orqali uxlatib o‘ldirishi mumkin. Sog‘lomlarini esa yuvib, tarab, emlab, biror sayt yaratib yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali boqish istagidagi odamlarga berib yuboriladi. Aholi bozordan pulga xarid qilgandan ko‘ra, internet orqali tekinga bajonidil oladi va ishonchli. Bu jonivorlarni ham Xudo yaratgan, chiqindi emas. Ular bejizga odamlarni kichik do‘sti deyilmaydi.
“Ular ham ranjiydi, qiynaladi”
Aziz Tojiyev, “Mehr va oqibat” NNT direktori:— Jamiyatimiz 2010-yilning dekabrida faoliyatini boshlagan bo‘lib, hayvonlarni himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Qarovsiz jonzotlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lmaslik bo‘yicha ham yoshlarga tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib boramiz, qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan mutasaddilarga o‘z takliflarimizni bildiramiz.
Odamlar orasida jonzotlar taqdiriga befarq bo‘lmaganlar ko‘payib bormoqda. Ichki ishlar vazirligi, Ekopartiya singari bir qancha tashkilotlar bilan hamkorligimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ular bizga kelgan murojaatlarni o‘rganib, amaliy chora ko‘rishda doim yordamlashadi.
Ammo bu borada o‘ziga xos kamchilik va muammolar ham yo‘q emas. Bilasiz, o‘zbek xalqi azaldan mehr-oqibatli millat sifatida ham tanilgan. Lekin hayvonlarga bo‘lgan munosabatimiz buning aksini ko‘rsatadi. Jonzotlarga ozor berilsa, ular ham ranjishi, qiynalishini ko‘p odamlar his qilmaydi, bu boradagi mas’uliyatimiz maqtagulik darajada emas.
Aksariyat kishilar hayvonlarni parvarish qilishda mas’uliyat bilan yondashmaydi. Farzandiga “o‘yinchoq” sifatida olib bergach, boqish jarayonida qiyinchilikka duch kelsa, ko‘chaga keraksiz matohdek tashlab ketadi. Hayvonlarga bo‘lgan vahshiy munosabatlar tasvirlangan videolar esa o‘sib kelayotgan avlod tarbiyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shubhasiz.
Daydi jonivorlarni aholi murojaati bo‘yicha tutib, olib ketish bilan obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi brigadalar shug‘ullanadi. Lekin mazkur brigadalar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish kerak, deb o‘ylayman. Ulardan qarovsiz hayvonlarni faqat tutish talab qilinadi, xolos. Jonzotlarni tutgandan keyin parvarishlab, davolab, emlash ishlari olib borilmaydi. Bizda bu tizimli muammo. Ko‘p mamalakatlarda esa yechimini topgan.
“Maktablarda ekologiyaga oid dasturlarni ko‘paytirish kerak”
Tojiyevning qayd etishicha, it va mushuklarni sterillash jarayonini tizimli yo‘lga qo‘yish zarur.— Hayvonlarni tutish vazifasi qaysi tashkilotga yuklatilishidan qat’i nazar, muhimi jonivorlarni saqlash uchun joylar, davolashga ketadigan resurslar yaratilishi va mutaxassis xodimlar jalb qilinishi zarur. Shu orqali muammoga kompleks yechim topiladi. Keyinchalik hayvon boqish istagidagi odamlarga pokiza, emlangan jonivorlar berish imkoni ham yo‘lga qo‘yiladi.
Asosiy muammo shundaki, odamlar hayvonlarni boqish uchun uyiga olib ketgach, vaqtida yoki umuman, sterillamaydi. Ko‘chaga uloqtirilganidan so‘ng it, mushuklar tug‘averadi. Natijada qarovsiz hayvonlar soni ko‘payib boradi. Sterillash jarayonini ham tizimli yo‘lga qo‘yish zarur. Masalaning bir yechimi mana shu.
Shuningdek, Xalq ta’limi tizimida ekologiyaga oid dasturlarni joriy qilish kerak. O‘quvchilarga uy hayvonlarini mas’uliyat bilan boqish, ularga mehribon bo‘lishni chuqur tushuntirish kerak.
Shu o‘rinda aytmoqchimanki, fuqarolar hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan odamlarni bilishsa yoki shunday holat guvohiga aylanishsa, o‘z hududidagi ichki ishlar xodimlariga murojaat qilishlarini so‘rab qolaman.
Yuzlab itlarga boshpana bergan Andrey
Andrey Dudnikov 2018-yilda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Sheralisoy qishlog‘ida “To‘rt oyoqli” itlar boshpanasini tashkil qilgan. 6 sotixli joyda ayni paytda o‘limdan qutqarilgan yuzlab itlar boqilmoqda. Ular orasida Sardoba fojiasidan omon qolgan itlar ham bor.
— Farzandlarim qiziqishi va turtkisi sabab uch yil oldin shu boshpanani yo‘lga qo‘ydik. Hozir bu yerda 400 bosh atrofida it va kuchuklar bor. Sardobadagi fojiadan tirik qolgan itlarni ham boqamiz. Namangan, Farg‘ona, Buxoro kabi viloyatlardan keltirilgan qarovsiz hayvonlarga ham boshpana berganmiz. Har bir itni, albatta, emlatamiz va sterillaymiz. Qattiq jarohat olganlarini ham o‘zimiz davolatamiz.
Bu jonzotlarning hammasini oziqlantirish uchun bir kunda 300 ming so‘mlik yemak xarid qilamiz. Ijtimoiy tarmoqlar orqali tirik jonivorlar taqdiriga befarq bo‘lmagan insonlar plastik kartamizga yordam pullari o‘tkazishadi. Kimdir 10 ming so‘m, yana kimdir 50 ming so‘m beradi. Bundan tashqari, turli yemaklar va dori-darmon olib keladiganlar ham bor.
Biz bu itlarni hech kimga sotmaymiz, ularga daromad manbayi sifatida qaramaymiz. Shunchaki saxovat ko‘rsatishga harakat qilamiz. xolos. Agar kimdir boqib olish niyatida kelsa, hujjat asosida bepul berib yuboramiz. Qarovsiz hayvonlarga yordam ko‘rsatuvchi va saqlovchi boshpanalardan faqat uchtasini bilaman. Ular ham xuddi biz kabi holatda, ya’ni itlarni xayriya pullar evaziga boqib, parvarishlaydi.
Endilikda qarovsiz itlarni ushbu boshpanaga qabul qilmaymiz. Chunki joy yo‘q, 6 sotix joy 400 ta itga torlik qilyapti. Siz ko‘rib turgan, mana bu oldimizdagi yerga qo‘shimcha boshpana qurishni rejalashtiryapmiz. Ammo qurilish materiallari uchun yordam zarur.
“Hayvonlarga nisbatan munosabatimizni o‘zgartirishimiz kerak”
Ekojurnalist Nargis Qosimova O‘zbekistonda ekologik telekanal ochish kerakligini qayd etdi.— Agar kuzatsak, it va mushuklar ko‘pincha odamlardan o‘zini olib qochadi. Bolalarni ham kichkinaligidan “Qoch, it tishlaydi yoki mushuk tirnab oladi”, degan gaplarni aytib, tabriyalaymiz. Aslida bolalar hayvonlarga tosh otsa, quvlasa, kaltak bilan urishga urinsa, jonzotlar ham o‘zini himoyalash maqsadida tishlaydi yoki tirnaydi.
O‘zbeklar aslida mehribon xalq. Lekin hayvonlarga nisbatan munosabatimizni, ekologik tarbiyani o‘zgartirish, ekologik madaniyatni oshirish kerak. Shu maqsadda bog‘cha, maktablarda ekologik soatlarni ko‘paytirish lozim. Farzandlarimiz qalbida tabiatga, hayvonlarga bo‘lgan mehrni oshirish uchun har bir ta’lim muassasasida jonli burchaklarni tashkil etish kerak.
Biz maktabda o‘qigan davrda shunday burchaklar bo‘lardi. O‘zimiz hayvonlarni boqib, o‘simliklarni parvarishlardik. Har bir sinfga burchaklar bo‘lib berilardi va hamma sinf o‘z burchagiga javobgar hisoblanardi. Bundan tashqari, alohida ekologik telekanal ochish ham yaxshi samara beradi deb o‘ylayman. Bizdagi “Dunyo bo‘ylab” telekanali esa turizm, sayohatga yo‘naltirilgan telekanal, lekin ekologiyaga oid emas.
Yana bir muammo sifatida aytishim kerakki, bizda it, mushuk va boshqa hayvonlarni urib ketgan haydovchilar hech qanday javobgarlikka tortilmaydi. Vaholanki, bunday huquqbuzarlarni YPX bilan hamkorlikda kameralar orqali topish qiyin emas.
Har safar Turkiyaga borganimda, it va mushuklarning ko‘chalarda bemalol yurganini ko‘raman, hech kim ularga teginmaydi. Odamlar ovqat beradi, bolalar birga o‘ynaydi, silaydi. Bu kichkintoylar kelajakda ota-onasiga, jamiyatga nisbatan mehribon bo‘lib ulg‘ayadi”, dedi Qosimova.
“Havas uchun o‘q uzmaymiz”
Erkin Islomov, Jizzax shahar obodonlashtirish boshqarmasi huzuridagi it ovlov brigadasi brigadiri:— Olti yildan beri shu lavozimda faoliyat yuritaman. Qo‘l ostimda ikki nafar malakali ovchi ishlaydi, bitta Damas avtomashinasi, ov qurollari va boshqa kerakli anjomlar bilan ta’minlanganmiz, davlat budjetidan 1 million 200 ming so‘mdan maosh olamiz.
Shaharda jami 35 ta mahalla bor. Yil davomida jadval bo‘yicha barcha mahallani aylanamiz, aholi murojaat qilmasa ham har bir hududni, albatta, nazoratdan o‘tkazamiz. Odamlar “Ko‘chadagi daydi it, mushuk kechasi uxlatmayapti”, “Farzandimni tishlab oldi”, “Ko‘chada bemalol yura olmayapmiz”, mazmunida qo‘ng‘iroq qilib, shikoyatini aytadi.
Kuniga 6-7 ta murojaat tushishi sabab ish rejamiz ham o‘zgarib ketadi. Fuqarolar arz qilganidan keyin o‘sha mahallaga borishga majburmiz. Lekin ish vaqtidan tashqari paytlarda hududlarga chiqmaymiz. Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, faoliyat olib boramiz.
Boshpanasiz it va mushuklarni ushlash oson ish emas. Bizda uxlatib qo‘yadigan dorilar yo‘q. Ilojsiz miltiqda otib, yarador qilamiz yoki falaj holatga keltirib, ushlab olamiz. Ayrim paytlarda o‘sha joyning o‘zida o‘lib ham qoladi. Buni yashirishning hojati yo‘q. Xavfsizlikni hisobga olgan holda otamiz. Havas uchun qo‘lga qurol olib, o‘q uzmaymiz. Agar o‘q kimgadir tegib ketsa, javobgarligi bizning bo‘ynimizda qolib ketadi.
“Hukumat qarori mukammal ishlab chiqilmagan”
Erkin Islomovning ma’lum qilishicha, uning rahbarligidagi brigada bir oyda o‘rtacha 120 ta itni belgilangan tartibda yo‘q qiladi.— Itlarni ushlaganimizdan keyin qafasga solamiz. Mavjud uchta qafasning har biriga 15 tadan it sig‘adi. U bechora jonivor uch kundan keyin ochlikdan o‘ladi. Boshida rahmimiz kelib, non, suv va boshqa mahsulotlar berib ko‘rdik. Qarasak, cho‘ntagimizdan mablag‘imiz ketyapti. Daydi jonzotlarni olib ketadigan odamlar yo‘q. Olti yildan beri birorta kishi oldimga it so‘rab kelmagan.
Boshqa davlatlarda daydi hayvonlar uchun boshpanalar tashkil etilib, ularga yaxshi e’tibor beriladi, saqlanadi. Lekin O‘zbekistonda itga ko‘chada yurgan oddiy bir narsa sifatida qaraladi.
Bilasizmi, ayrim paytlarda o‘zim ham tushunmay qolaman. Quturishga qarshi kurashish maqsadida daydi hayvonlarni otib, o‘ldirish bo‘yicha topshiriq olamiz. Itlarni otsak, aholi videoga olib, internetga chiqarib yuboradi, ustimizdan shikoyat qiladi. Agar otib o‘ldirmasak, mas’uliyatsizlikda ayblanib, maoshimizdan jazo sifatida jarima to‘lashimizga to‘g‘ri keladi. Bir oyda o‘rtacha 120 ta it belgilangan tartibda yo‘q qilinadi. Jasadlarni shahardan 15 kilometr uzoqlikdagi maxsus joyga ko‘mib kelamiz.
Aholining ekologik va hayvon boqish madaniyati qoniqarsiz. Aksariyat odamlar, ayniqsa, qishloqdagilar uyidagi it, mushukni vaksinatsiya qildirmaydi, veterinariya ko‘rigidan o‘tkazmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yilda qabul qilingan 202-sonli qarori mukammal ishlab chiqilmagan, uni puxta holatga keltirish uchun qayta ko‘rib chiqish zarur.
It, mushugini nazoratsiz qoldirgan fuqarolarga nisbatan jazoni kuchaytirish kerak. Kimningdir iti biror odamni tishlab olsa, arzimagan jarima bilan qutulib qolyapti.
“Boshpana bilan ta’minlashni davlat nazoratga olishi kerak”
Habibullo Hamdamov, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish bosharmasi boshlig‘i:— Yurtimizda qarovsiz hayvonlarning ko‘payishi sabablaridan biri shuki, odamlar qiziqishi yoki farzandini ovutish niyatida it, mushukni uyiga olib boradi. Mabodo bu jonivorlar yoqmay qolsa, ko‘chaga tashlab ketadi, biror joyga adashtirib keladi. Bu borada aholining ko‘p qismini juda mas’uliyatsiz deyish mumkin.
Ko‘chaga tashlab yuborilgan jonzotlarning to‘da-to‘da bo‘lib yurishi va tashqi muhitda ko‘payishi ham ular sonini oshirmoqda. Ayniqsa, chekka hududlarda, qishloq joylarida daydi hayvonlarni ko‘p uchratish mumkin. Kengliklarda nosog‘lom jonivorlar bilan aloqada bo‘lib, turli kasalliklarni tarqalish xavf-xatarini oshiradi.
Obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari daydi jonzotlarni nazoratga olishi kerak. Ularni ushlagach, boshpana bilan ta’minlashi va saqlashi, shafqatsiz munosabatda bo‘lmasligi lozim. Bizning hozirgi eng muhim vazifamiz, it, mushuklarni quturish kasalligiga qarshi vaksinatsiyalashdir.
Qarovsiz qolgan it, mushuklarni boshpana bilan ta’minlash, oziqlantirish davlat tomonidan nazoratga olinishi kerak deb o‘ylayman. Xususiy boshpanalar juda kam. Ularga ham xayriya mablag‘lari muntazam ravishda kelib turmaydi. Shu bois birinchi o‘rinda O‘zbekistonning katta shaharlarida davlat budjeti hisobidan boshpanalar qurilishi lozim. Bundan tashqari, tumanlarda ham bittadan katta boshpanalar tashkil etilishi kerak. Chunki qishloqlarda ham ba’zan daydi itlar ko‘payib ketadi.
“Sterillash O‘zbekiston uchun yangi amaliyot”
— Mamlakatimizda uy hayvonlarini, asosan, qarovsiz it va mushuklarni sterillash jarayoni joriy yildan boshlab amalga oshirilmoqda. Bu O‘zbekiston uchun yangi amaliyot. Sinov tariqasida Toshkent viloyati tanlangan. Mazkur tashabbus “Mehr va oqibat” nodavlat jamiyati rahbariyatiga tegishli bo‘lib, xususiy veterinariya klinikalari bilan kelishgan holda bajarilyapti. Jarayonda “Mehr va oqibat”ning volontyorlari ham faol qatnashmoqda.Shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalaridagi veterinar vrachlari tutib kelingan it, mushuklarni doimiy tarzda quturishga qarshi vaksina bilan emlaydi. Ular tashqi va ichki parazitlarga qarshi dorilar bilan ham ta’minlab boriladi.
Ba’zi obodonlashtirish boshqarmalarida veterinar vrachlar yetmay qoladi. Ammo shu yildan ko‘payishni boshladi, veterinar, albatta, bo‘lishi kerakligi talab qilinmoqda.
Habibullo Hamdamovning ta’kidlashicha, bir necha yil avval qo‘mita mutaxassislari tomonidan hayvonalarga qarshi shafqatsiz munosabatni oldini olish hamda “Hayvonlarni indifikatsiyalash to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalari tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan.
Statistika ortidan quvib...
Maqolani tayyorlash jarayonida bir oy yoxud yiliga qancha boshpanasiz it, mushuklar tutib olinishi va o‘ldirilishi haqida statistik ma’lumotlar olish maqsadida qator davlat tashkilotlariga murojaat qildik. Xususan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish hamda Statistika qo‘mitalari vakillari daydi jonzotlar taqdiri bilan shug‘ullanmasligi bois ma’lumot yo‘qligini qayd etdi.Qarovsiz it, mushuklarni tutish shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari zimmasiga yuklatilganini bilganimizdan keyin ham mamlakat bo‘ylab satistik raqamlar olishning iloji bo‘lmadi. Chunki shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari faqat shahar, tuman hokimliklariga bo‘ysunadi. Ular bu bo‘yicha na viloyat, na Respublikadagi biror tashkilotga hisob beradi.
Yuqorida mutaxassislar aytib o‘tgan muammolar va ularning yechimiga qaratilgan takliflar Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senat rahbariyatiga yetib borishi, ushbu jiddiy masalaga ahamiyat qaratilishiga umid bildirib qolamiz.
Muallif: Mirolim Isajonov
Mavzuga doir:
- Senat O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilashni ma’qulladi
- Samarqandda itning ustiga mashina haydagan 2 haydovchiga nisbatan sud hukmi o‘qildi
- O‘zbekistonda mushuklarning qulog‘i nima uchun kesilayotganiga izoh berildi
- Hayvonlar himoyachilari: “Hukumat insonlar mas’uliyatsizligi oqibatlari bilan kurashmoqda”
Izoh (0)