Qashqadaryo tumani Qamashi tumanida markaziy ichimlik suvi quvuriga o‘zboshimchalik bilan ulanish holati fosh etildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Ma’lum qilinishicha, departamentning Qamashi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro X.B. Shahrisabz–Qarshi markaziy ichimlik suvi quvuriga o‘zboshimchalik bilan ulanib, aholiga ichimlik suvi tarqatish shoxobchasi tashkil qilib, ichimlik suvini sotish orqali “Qashqadaryo suv ta’minoti” MChJ manfaatlariga 174,9 million so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan avval Andijonda yog‘ochdan ko‘prik yasab, odamlarni soydan pul evaziga o‘tkazgan shaxs 7 sutkaga qamalgani, Jizzaxda gaz tarmog‘idan noqonuniy foydalangan avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi aniqlangani hamda Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini qimmat narxda sotishga uringan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.