Moskvada joylashgan Katta teatr (“Bolshoy teatr”)da “Sadko” operasi chog‘ida dekoratsiya artistlardan birining ustiga qulab tushdi, u halok bo‘ldi, deb yozadi “RBK”.
“Sahnadagi dekoratsiya opera qo‘yilayotgan paytda qulab tushib, aktyorni bosib qoldi, bu uning o‘limiga olib keldi”, — deya ma’lum qildi shoshilinch xizmatlar xodimlaridan biri “TASS”ga.
Katta teatr matbuot xizmati nashrga xabar berishicha, hodisa dekoratsiyalarni almashtirish chog‘ida yuz bergan. Halok bo‘lgan artist mimika ansambli a’zosi bo‘lgan. “Spektakl shu zahoti to‘xtatilib, tomoshabinlar zaldan chiqarildi”, — deyiladi xabarda.
“Interfaks” manbasiga ko‘ra, dekoratsiyalarni almashtirish chog‘ida aktyor qandaydir sababga ko‘ra ushlanib qolgan va yuqoridan rampa (chiroq) tushayotganini ko‘rmay qolgan. Dekoratsiyani o‘zgartirish jarayoni odatdagidek kechgan, u qulab tushmagan, dedi manba.
Voqea joyiga tergovchilar yetib borgan, teatr ma’muriyati zarur hamkorlikni ko‘rsatmoqda.
Teatr saytidagi afishaga ko‘ra, spektakl 9-oktabr, shanba kuni 19:00 da (Toshkent vaqti bilan 21:00) boshlangan va tarixiy sahnada qo‘yilgan.
Tergov qo‘mitasi tekshiruv boshladi, shuningdek, shahar prokuraturasi ham voqeani tekshirmoqda.
Halok bo‘lgan artist 37 yoshli Yevgeniy Kulesh ekani ma’lum bo‘ldi, u 2002-yildan buyon teatrda ishlab kelgan.
Katta teatrda dekoratsiyani almashtirish jarayoni. Konstruksiya aktyorning boshiga kelib urilgan, oqibatda u vafot etgan.