20:48, 03.10.2021 28027

Haqiqiy kemani o‘rganish uchun suv ostiga sho‘ng‘igan rejissor, ayollar turganda qutqarilishni o‘ziga ep bilmagan qariya. “Titanik” filmi haqida 15 fakt

1997-yilda ekran yuzini ko‘rgan “Titanik” o‘z davrining eng qimmat kino loyihalari sanalishidan tashqari, bugungi qadar ham eng kassabop filmlar uchtaligidan o‘rin oladi. Undagi “My heart will go on” qo‘shig‘ini bilmaydigan, yakuniga yetganida ko‘z yoshlarini tiya oladigan tomoshabin bo‘lmasa kerak. Oradan shuncha yil o‘tganiga qaramay, hali hamon muxlislarni ekran qarshisiga mixlab qo‘yadigan film bilan bog‘liq turli, shu bilan birga, biri-biridan qiziq faktlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Filmdagi keksa juftlikning xonasidan chiqmasdan halokatni yotog‘ida qarshi olgani – real odamlar hikoyasi

Foto: Cosmopolitan

Film sujetiga ko‘ra kemani suv bosa boshlaganida xonasidan chiqmagan keksa juftlik darhaqiqat hayotda bo‘lgan. “Titanik”dagi yo‘lovchilar orasidan o‘rin olgan Isidor va Ida Shtraussning sevgi hikoyasi Rouz va Jekniki singari ta’sirli. Guvohlarning aytishicha, turmush qurganiga 40 yil bo‘lgan juftlikning yoshi ulug‘ ekani hisobga olinib, qutqaruv qayig‘iga tushishga birinchilardan bo‘lib ruxsat berilgan. Ammo Isidor kemadagi barcha ayol va bolalardan avval qayiqqa o‘tirishdan bosh tortgan. Rafiqasi esa umr yo‘ldoshini yolg‘iz qoldirib, tark etishni istamagan. So‘nggi bor ularni kemada, bir-birini qo‘llarini tutgan holda ko‘rishgan.

Irlandiyalik ayolning farzandlariga aytib bergan hikoyasi Tír na nog — Keltlar afsonasidagi “yoshlik oroli haqida”

Foto: Cosmopolitan

“Keyin esa ular uzoq, baxtiyor hayot kechirishibdi. Ko‘p bola-chaqa ko‘rib, 300 yildan keyin ikkovlari hayotdan ko‘z yumishibdi”. Kemada musiqachilar cholg‘u chalayotgan lahzalarda muxlislarga boshqalar qahramonlar: kapitan, konstruktor, qari juftlik hamda bolalariga ertak aytib berayotgan irlandiyalik ayol ko‘rsatilgan. Original ssenariyda bo‘lmagan ushbu hikoyani qo‘shishni irlandiyalik aktyorlar taklif qilgan.

Jekning papkasidagi Rouzning portreti va xomaki chizmalar rejissor Jeyms Kemeron tomonidan chizilgan

Foto: Cosmopolitan

“Titanik”da tomoshabinlarga yod bo‘lib ketgan bir nechta sahna bor. Jekning Rouzning rasmini chizishi shular jumlasidan. Ammo kadrda ko‘rsatilgan qalam tutgan qo‘llar Di Kaprio emas Kemeronniki. Nafaqat Rouzning portreti, balki Jekning papkasidagi barcha “fransuz ayollari”ning chizmasi ham rejissorga tegishli. Ammo bu hali hammasi emas: Di Kaprioning chapaqayligi Kemeronning e’tiboridan chetda qolmagan. Kadr shuni inobatga olgan holda tasvirga olingan.

Rouzning Kelning yuziga tupurishi ssenariyda bo‘lmagan.

Foto: Cosmopolitan

Jekning Rouzni tupurishga o‘rgatish sahnasi haqiqiy improvizatsiya bo‘lgan, Keyt buni boshqa sahnada qo‘llashga qaror qilgan. Kema cho‘kishni boshlaganida qiz Jekning oldiga qaytish uchun oilasidan uzoqlashmoqchi bo‘ladi, qo‘lidan ushlab olgan qaylig‘i Kel esa uni qo‘yib yubormaydi. Shunda Rouz uning yuziga qarata tupurib, erkinlik tomon bag‘rini beradi. Aslida ssenariyga ko‘ra, u zakolka ishlatishi kerak bo‘lgan, ammo aynan Jek o‘rgatgani uchun tupurish sahnasi ishonarliroq chiqqan. Kelni gavdalantirgan aktyor Billi Zeynning Uinsletning bu g‘oyasidan bexabar bo‘lgan. Shuning hisobiga uning hayrati va ajablanishi tabiiy ko‘ringan.

Suratga olish maydonchasidagi suvning sovuqligidan Keyt Uinslet muzlab qolgan

Foto: Cosmopolitan

Kema g‘arq bo‘lganidan keyin Jek va Rouz muzdek suvning ichida turgan. Filmda Rouzning sovuqdan qaltirashi bu shunchaki rol emas. Keyt Uinsletning shunchalik muzlaganidan u hatto pnevmoniya orttirib olgani haqida mish-mish tarqalgan. Ammo The Late Night Show ko‘rsatuvida aktrisaning o‘zi pnevmoniyagacha bormagani, ammo shu bilan haddan ortiq sovqotganini ma’lum qilgan. Aktyorlarni bunday qiynashning nima keragi bo‘lgan, degan savolga Uinslet suv shunchalik ko‘pligidan isitishni iloji bo‘lmaganini ta’kidlagan.

G‘arq bo‘lgan “Titanik”ning suv ostidagi tasviri haqiqiy, Kemeron uni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun suv ostiga sho‘ng‘igan

Foto: Cosmopolitan

Jeyms Kemeronga “Titanik”ni suratga olish g‘oyasi unga mashhur laynerning qoldiqlarini topgan ekipaj lideri Rober Ballard bilan uchrashganidan keyin kelgan. Jarayon 1995-yilda boshlangan va rejissor shu yilning o‘zida haqiqiy kemani ko‘rish uchun suv ostiga sho‘ng‘igan. Jami 12 marta suv ostiga tushishga muvaffaq bo‘lgan Jeyms o‘rganish va suratga olish uchun “Titanik”da 15-17 soat vaqt o‘tkazgan. U tomonidan olingan kadrlardan foydalanilgani hisobiga film muvaffaqiyatli va ishonarli chiqqan. Tomoshabinni bu navbatdagi drama emas, haqiqiy odamlar bilan sodir bo‘lgan haqiqiy fojia ekanini his qilishini istagan Kemeron buning uddasidan chiqa olgan.

Filmdagi gilamlar haqiqiy “Titanik” uchun gilam taqdim qilgan kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan

Foto: Cosmopolitan

Suratga olish maydonchasidagi dekoratsiyalarning aksariyati maksimal darajada aslidan farq qilmasligi uchun astoydil harakat qilingan. Kemeron detallarning tarixiy aniqligiga alohida e’tibor bergan. Shuningdek, u haqiqiy gulqog‘ozlar, qandillar ishlatilishi, mustahkam oynalar o‘rnatilishi hamda White Star Line’s logotipi tushirilgan buyumlardan foydalanishni talab qilgan. Bundan tashqari, haqiqiy “Titanik” uchun gilam ishlab chiqargan Angliyaning BMK-Stoddard firmasini film uchun ham gilam tayyorlab berishga ko‘ndirgan. Ishlab chiqaruvchilarda asosiy salon, zinapoyaning pastki qismi va lyuks nomer yo‘laklarida ko‘rish mumkin bo‘lgan naqshlar saqlanib qolgan.

Rejissor asosiy zinapoyaning suv bosishini bir urinishda tasvirga olishi kerak bo‘lgan

Foto: Cosmopolitan

Suratga olish maydonchasidagi asosiy zinapoya xuddi haqiqiy kemadagidek ko‘rinishda bo‘lgan. Avvaldanoq u yo‘q qilish maqsadida qurilgan. Kema cho‘kishni boshlaganida zinapoyali xona suv bilan to‘la boshlaydi. Maksimal darajada fojiaviy ko‘rinishi uchun zinaga 90 000 gallon (340 ming litrga yaqin) suv quyilgan. Prodyuserlar guruhi bunday katta miqdordagi suv quyilishining oqibati dekoratsiyaning yakson bo‘lishi bilan tugashini oldindan bilgan.

Kemeron filmida hech qanday qo‘shiqdan foydalanishni istamagan, ammo “My heart will go on” fikridan qaytishiga sabab bo‘lgan

Foto: Cosmopolitan

Jeyms filmda so‘zlardan iborat qo‘shiq yangrashini istamagan, pop-musiqani-ku xayoliga ham keltirmagan. Avvaliga partitura yozishi uchun Enyaga murojaat qilgan. U bosh tortganidan keyin Jeyms Xornerga yuzlangan. Kemeronning nima xohlayotganini bilganiga qaramay Xorner Selin Dion bilan “My heart will go on” qo‘shig‘ini yozish borasida kelishib qo‘ygan. Tinglab ko‘rganidan keyin rejissorning fikri avvalgisidan o‘zgargan. Natijada qo‘shiq nafaqat Dion, balki “Titanik”dagi eng esda qolarli o‘ziga xosliklardan biri bo‘lgan.

Suv bosish jarayonida Rouz va Jekning yonida sharob ichgan oshpaz — real qahramon

Foto: Cosmopolitan

Anglo-amerikalik Charlz Jon Joufin muzdek suvda ikki soat vaqt o‘tkazganidan keyin ham yashab qolishga muvaffaq bo‘lgan. “Titanik”dagi omon qolgan sanoqli insonlardan biri hisoblangan erkak spirtli ichimlik sabab sovuq haroratni his qilmaganini ta’kidlagan.

Film boshida kemaga ko‘tarilgan avtomobil 1912-yilda ishlab chiqarilgan Renault Type CB Coupe de Ville bo‘lgan

Foto: Cosmopolitan

“Titanik” bortida darhaqiqat shunday modeldagi mashina bo‘lgan. Qizig‘i, kemaga undan boshqa avtomobil olib chiqilmagan. Amerikalik Uilyam Karter uni oilasi bilan Yevropa bo‘ylab sayohati davomida sotib olgan. 1985-yil Robert Ballard “Titanik” qismlarini topganida qutqaruvchilar avtomobil qoldiqlarini qidirgan, ammo urinishlar natijasiz yakun topgan. “Titanik”dagi tushlik taomnomasining 25 ming dollarga sotilganidan kelib chiqilsa, avtomobil auksionda million dollarga sotilgan bo‘lardi, deb taxmin qilish mumkin.

Jekning Rouzni tupurishga o‘rgatgan sahnasi to‘laqonli improvizatsiya bo‘lgan

Foto: Cosmopolitan

Rejissor filmda aktyorlarga improvizatsiya qilishni taqiqlamagan. Jek Rouzga hayotida bo‘lgan qiziq voqealarni aytib berganidan keyingi sahna deyarli butkul aktyorlar tomonidan improvizatsiya qilingan: Rouz yigitga hech qachon erkaklar singari tupura olmaganini aytgan, Jek esa javob tariqasida tupurishni ko‘rsatib bergan.

Rouz ustiga chiqib olgan eshikning shakli haqiqiy “Titanik”dagi eshiklardan biridek ko‘rinishga ega

Foto: Cosmopolitan

Haqiqiy eshik bo‘laklaridan birini Yangi Shotlandiyaning Galifaks shahrida joylashgan Atlantika dengizi muzeyida ko‘rish mumkin. Ushbu artefaktning shakli halokatdan keyin Rouz chiqib olgan eshik bo‘lagini esga soladi.

Keksa Rouzning iti fojiadan keyin tirik qolgan haqiqiy itlarga ishora

Foto: Cosmopolitan

Filmda Keksa Rouz pomeran zotli baroq itni olib yuradi. Bu shunchaki tasodifiy detal emas, rejissor shu tariqa kema cho‘kkanidan keyin tirik qolgan itlarni esga olgan. Aynan shu zotdagi it ham bejiz tanlanmagan. Tirik qolgan uch nafar itning ikkitasi pomeran shpitsi bo‘lgan. Haqiqiy kema cho‘kayotganida egalari itlarni ozodlikka qo‘yib yuborgan. Kemeron tasvirga olgan ushbu sahna montajning so‘nggisida chiqarib yuborilgan.

Kechki ovqat dasturxonida aktyorlarga haqiqiy beluga ikrasi tortilgan

Jek va Rouz birinchi klass restoranidagi kechki ovqatga kirganida, ularning ikra keltirilgan. Asliga muvofiq bo‘lish uchun shtatlarda qadog‘i 3500-5000 dollar turadigan haqiqiy beluga ikrasi olib kelingan.