Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Dunyo kinosevarlari orasida “Titanik” filmini sevib tomosha qilmagani yo‘q bo‘lsa kerak. Film bugungi kungacha barcha davrlarning eng yaxshi filmi sifatida baholanib kelinadi. Ijodiy guruhning mehnati, xronologik aniqlik, muhabbatni yuksak darajada tasvirlangani va ijtimoiy tengsizlikni olib chiqishi katta natijalar olib keldi.

Bundan 23 yil oldin, 1997-yil 19-dekabrda ushbu film ilk bor katta ekranlarga chiqqan edi. “Daryo” sana munosabati bilan barchaga sevimli bo‘lgan ushbu film haqida ma’lumot beradi.

Kino haqida

“Titanik” filmi Jeyms Kemeron tomonidan suratga olingan bo‘lib, undagi voqealar 1912-yil Atlantika okeani yo‘nalishidagi Titanik kemasining falokatiga asoslanadi. Filmning asosiy voqealari Titanik kemasi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, kino o‘z e’tiborini odamlar taqdiriga qaratdi. Filmda kinorejissyor tarixiy katastrofani tragedik melodrama bilan muvaffaqiyatli qovushtira oldi va millionlab muxlislar ko‘nglini zabt etdi. Film jami uch soatdan oshiq davom etsa-da, tomoshabinlarga vaqtning og‘irligi tushmaydi.

Foto: Google Photos

Foto: Google Photos

Bunga sabab – undagi har bir kichik detallar, elementlar, va kadrlar ideal tarzda olingani hisoblanadi. Film o‘zi bilan jamiyatdagi ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni ham olib chiqqan: erkaklar va ayollarga bo‘lgan huquqiy tengsizlik; boy va kambag‘al singari ijtimoiy sinflar o‘rtasidagi yirik tafovut va ularning hayotga nisbatan qarashlaridagi farq. Filmda bosh rollarni Leonardo Di Kaprio (Jek Douson), Keyt Uinslet (Rouz Byukeyter), Billi Zeyn (Kaledon Xokli), Keti Beyts (Molli Braun), Bernard Xill (Edvart Smit) va boshqalar ijro etdi.

Syujet

1966-yil okean tubidan xazina izlovchi ilmiy guruh Titanik kemasining qoldiqlarini va undagi buyumlarni topib oldi. Ularning ichida eng ahamiyatli bo‘lib ko‘ringan “Okean yuragi” nomli ko‘k brilliant 1912-yilgi kema halokatidan tirik qolgan Rouz Byukayterga tegishli ekanini aniqladi. Rouz o‘zining brilliant tumorini ko‘rgach, Titanik kemasidagi xotiralarini eslashni boshladi.

1912-yil, 10-aprel. Titanik kemasi Sautgempton portidan Amerika tomon yo‘lga chiqdi. 17 yoshli Rouz o‘zining badavlat oila a’zolari bilan kemaning birinchi klassidan joy oldi. Bu vaqtda tayinli ishi bo‘lmagan, faqat buguni bilan yashovchi va kambag‘al hayot kechiruvchi Jek o‘z do‘stlari bilan kartadan yutib olgan chiptalari bilan kemaning pastki, uchinchi klassidan joy oldi.

Kema yo‘lga chiqqanida, Rouzning onasi Ruf o‘z qizini juda ham boy bo‘lgan Kaledonga berishni istaydi. Rufning asosiy maqsadi: oilasining qarzlaridan qutulib, boy hayot kechirish edi. Erkin hayoti va tanlovi bo‘lmagandan ko‘ra o‘limni afzal ko‘rgan Rouz, kechqurun o‘zini suvga tashlab o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Rouzni ko‘rib qolgan Jek uni bu ishdan to‘xtatadi va do‘stlashib oladi.

Jek Rouzga o‘zi chizgan rasmlarni ko‘rsatadi va ovqatlanish uchun kemaning uchinchi klass qismiga taklif qiladi. U yerdagi hayot tarzi birinchi klassnikidan ko‘ra ancha qiziqarli, zavqli va ko‘ngliga yaqin tuyulgani uchun Rouz o‘zini baxtli his qilishni boshlaydi. Ruf va Keledon Rouz va Jekning munosabatlaridan xabar topgach, Rouzni o‘z xonasiga qamab, Jekni iloji boricha undan uzoqda saqlashga kirishadi. O‘rtadagi to‘siqlarga qaramay, Jek va Rouz bir-biriga intilishni boshlaydi. Bu aloqalar sevgigacha yetib boradi va Rouz o‘zining rasmini chizishni Jekdan so‘raydi.

Foto: Google Photos

Foto: Google Photos

Rasmda Rouz o‘zining “Okean yuragi” tumori bilan tasvirlanadi, ushbu rasm va tumor esa ularning sevgi ramziga aylanadi. Bir kuni kema aysbergga uriladi. Yarim tunga yaqin sodir bo‘lgan ushbu to‘qnashuvdan faqat kemaning palubasida joylashganlar xabar topadi, ichki kayuta va salonda joylashgan yo‘lovchilar esa uzoq vaqt buni sezmaydi.

Keledon seyfdan Rouzning brilliant tumor bilan tasvirlangan rasmini ko‘rib qolgach, odamlariga Jekni qamab qo‘yishni va Rouzni olib ketishni buyuradi. Jek palubada kishanlanganidan so‘ng, xona suvga to‘lishni boshlaydi. Rouz kema cho‘kayotganini ko‘rib, Jekni qutqarish uchun qaytadi. Yo‘lovchilar ichida vahima boshlanadi, kemaning yuqori qismida joylashgan boylar pastki qismdagi kambag‘allar yo‘lini to‘sib qo‘yadi.

Bu vaqtda boylar qayiqlarga o‘tkazila boshlanadi. Oldiniga ayollar, keyin farzandi bor erkaklar ketishni boshlaydi. Kema ikkiga bo‘linib, tezlik bilan cho‘kayotganda, u yerda deyarli faqat kambag‘allar qoladi. Kema cho‘kkanidan so‘ng yo‘lovchilar tirik qolish uchun suv ustidagi narsalarga osilishni boshlaydi. Jek esa joy kichikligi uchun o‘zini qurbon qilgan holda Rouzni saqlab qoladi. Rouz ekspeditsiya va oila a’zolariga tirik qolgani haqidagi o‘z hikoyasini aytib bergach, uning xayollari Okean tubiga sho‘ng‘ib ketadi...

Tahlil

Film asosan ikki qismga bo‘lingan: aysbergga urilguncha bo‘lgan, asosan sariq rang bilan boyitilgan sahnalar va undan keyingi tirik qolish uchun kurashilgan, ko‘k rang bilan tasvirlangan sahnalardan iborat. Filmning birinchi qismida qahramonlarning hayoti, yashash tarzi, qiziqishlari yuksak dramaturgiya bilan ochib berildi. Ikkinchi qismda esa voqealar markazida Titanik kemasi joy oldi.

Kema cho‘kish davomida iloji boricha ko‘plab odamlarni ko‘rsatilgani – 1 500 dan ortiq odam halok bo‘lgan fojiani aniqroq ko‘rsatishga yordam berdi. Filmda Jek va Rouz kabi qahramonlar voqeani yanada dramatik ko‘rsatish uchun qo‘shilgan bo‘lsa-da, kema halokati bilan bo‘lgan vaqtlar tarixga xronologik tarzda to‘g‘ri keldi. “Cho‘kmas” deb ta’riflangan kema halokatidan atigi 706 nafar yo‘lovchi omon qoldi, jami yo‘lovchilar soni esa 2 208 nafarni tashkil qildi.

Foto: Google Photos

Foto: Google Photos

Filmda kuchli emansipatsiya ham joy oldi. Bu bilan rejissyor ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni olib chiqdi, ayniqsa, boy va kambag‘al sinflar va ayol va erkak o‘rtasidagi tengsizliklar kuchli namoyon qilindi. Erkin hayotga intilayotgan Rouz esa XX asr ikkinchi yarmidan avj olayotgan zamonaviy feminizmni ko‘rsatib berdi.

Rouz – ayollar uchun majburiyatlar qat’iy o‘rnatilgan mutlaq patriarxat jamiyatga qarshi chiquvchi progressiv qarashlarga ega qahramon qilib tasvirlandi. Shu yo‘l bilan u o‘z hayotida alternativ – mustaqil hayotni barpo etdi. Rouz o‘z sevgilisidan ayrilsa-da, yangi hayot boshlagani ko‘rsatildi. Filmdan olish kerak bo‘lgan dars esa hattoki eng sevimli odamlar vafot etsa ham umidsizlikka tushmaslik, yashashdan to‘xtamaslik va hayot uchun doimiy kurashish kerakligi bo‘ldi.

Ijtimoiy sinflar holatida filmdagi qahramonlar uch guruhga bo‘lib ko‘rsatiladi: kemaning hashamatli joyidagi boylar, kema bortidagi kambag‘allar va kemani boshqarish xonasidagi dengizchilar jamoasi. Bu o‘ziga xos tarzda boy, kambag‘al, va o‘rta (ishchi) sinflarni anglatadi. Filmdagi musiqalar ham ijtimoiy tafovutni ko‘rsatib turadi: oddiy havaskorlar chalayotgan folk musiqa va professionallarning orkestrdagi ijrolari.

Turli ijtimoiy-iqtisodiy sinfdagi yo‘lovchilarning kemadagi hayoti esa allegorik tarzda jamiyatga bog‘lanadi. Titanik kemasi bilan jamiyatdagi barcha odamlar bir kemada ekani, u cho‘kishni boshlasa hamma birdek jabr ko‘rishini, bundan zarar ko‘rmaydiganlar yo‘qligi ko‘rsatiladi. Kema cho‘kish davomidagi Kaledonning pullari ham uning hayotini saqlab qolishga yordam bera olmasligi jamiyat inqirozi vaqtida boylarning pullari katta ahamiyat kasb etmasligidan dalolat edi.

Filmning markaziy e’tibori – Jek va Rouzning sevgi qissasiga qaratilgan bo‘lib, ularning taqdiri ayriliq bilan yakunlanishi filmga yanada tragedik tus berdi, o‘lmas sevgi tuyg‘ularini ko‘rsatdi.

Foto: Google Photos

Foto: Google Photos

Suratga olish ishlari

“Titanik” filmi Jeyms Kemeronning eng muvaffaqiyatli filmlaridan hisoblanadi. Rejissyor ungacha “Terminator” va “O‘zga sayyoralik” filmlari bilan ko‘pchilikka tanish edi. Ushbu filmlardagi vizual effektlar bilan bo‘lgan tajriba “Titanik” uchun poydevor vazifasini bajarib berdi. “Titanik” haqida Kemeron “bu shunchaki hikoya bo‘lishi kerak emas, film drama bilan cheklanmagan.

Titanik haqida allaqachon hujjatli filmlar suratga olingan, bizni u filmlar oldida ham mas’uliyatimiz bor: tarixiy aniqlikni buzmagan holda, emotsional xabarlarni tomoshabinlarga yetkazib bera olishimiz shart” – deb aytadi. Filmdagi Rouzning brilliant taqinchoq bilan rasmini esa Kemeronning o‘zi chizgan edi.

Ushbu filmni suratga olishni rejissyor 1987-yil National Geographic Channel tomonidan Titanik kemasi haqida suratga olingan hujjatli film sabab rejalashtirdi. Hali unchalik mashhurlikka erishmagan Di Kaprio va Uinslet juftligini Kemeron mukammal deb topdi, filmdan so‘ng esa bu juftlik ulkan mashhurliklarga erishdi. Filmni suratga olinishida vizual effektlar katta rol o‘ynaydi, kemaning tashqi tomoni tasvirlangan deyarli barcha sahnalar ushbu effektlar yordamida yaratildi.

Filmning asosiy qismi basseynda olingan bo‘lsa-da, boshlanish sahnalardagi Atlantika okeaniga tushish haqiqiy okeanda olingan edi. Filmni suratga olish uchun jami 200 million dollar sarflandi. Taqqoslash uchun – Titanik kemasini qurishga o‘sha davrda 7,5 million dollar sarflangan yoki hozirgi davrdagi 400 million dollarga to‘g‘ri kelar edi.

Kino muvaffaqiyati

Filmning yuksak muvaffaqiyatga erishishiga, shubhasiz, Jek va Rouzning sevgi qissasi sabab bo‘ldi. Film katta ekranlarga chiqqanida bir milliard dollar – barcha davrlarning eng ko‘p daromad topgan filmiga aylandi. Bu rekordni esa 12 yil – 2009-yil Jeyms Kemeronning “Avatar” filmi chiqqunicha saqlab qoldi. “Titanik” filmi 2012-yil 3D ko‘rinishida katta ekranlarga qayta chiqarilganidan so‘ng, umumiy daromadi 2 ikki milliard dollardan oshib ketdi. 2020-yil yakuniga ko‘ra, “Qasoskorlar: Intiho” va “Avatar” filmlaridan so‘ng 3-o‘rinda barcha davrlarning eng ko‘p daromad topgan filmi bo‘lib turibdi.

Foto: Google Photos

Foto: Google Photos

Ushbu daromadlari bilan birga, Oskar tarixidagi eng ko‘p haykalchalarni qo‘lga kiritgan filmlardan biri ham hisoblanadi. Jami 14 yo‘nalishda Oskarga nomzodini qo‘yib, yakunda 11 haykalchani qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, film kino muxlislarining eng sevimli filmlari qatoridan ham joy oldi. 2017-yilga kelib, filmning 20 yilligiga “Titanik” AQSh milliy filmlar boyligi sifatida National Film Registry’dan joy oldi.

Xulosa

“Titanik” filmi ko‘p sabablar bilan barcha davrlarning eng yaxshi filmlari qatoridan joy oldi. Kino ushbu tarixiy natijalarga ijodiy guruhning qattiq faoliyati, tarixga nisbatan xronologik aniqlik, sevgi rishtalarini yuksak darajada ko‘rsatgan dramaturgiya va ijtimoiy tengsizlikni olib chiqishi bilan erisha oldi. Film katta ekranlarga chiqqaniga 23 yil to‘lgan bo‘lsa-da, hanuzgacha ko‘plab muxlislar tomonidan qayta ko‘rib kelinadi. O‘z davrida esa deyarli barcha kinotanqidchilar tomonidan ijobiy baholanib, mutlaq rekordlar o‘rnatdi. Film ko‘p daromad topishi bilan birga, 125 ta xalqaro sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Qisqa qilib esa “Titanik” filmini abadiyatga ko‘chgan afsonaviy ishq qissasi deb ayta olamiz.

Farrux Adhamjonov tayyorladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Turkiya va Suriyadagi zilzila nega halokatli oqibatlarga olib keldi?
Mahalliy
“Qardoshlarimizga hamdardmiz”. O‘zbek jamoatchiligi Turkiyadagi zilzilaga munosabat bildirdi
Mahalliy
Shavkat Mirziyoyev harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv bo‘yicha qarorni imzoladi