2021-yil 20-sentabr kuni Rossiyaning Perm viloyatida joylashgan oliy ta’lim muassasalaridan birida qurollangan talaba universitetda tengdoshlari va o‘qituvchilariga o‘q uzdi. Hodisa oqibatida ayrim manbalar axboroti bo‘yicha 8 nafar, Rossiya tergov qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra esa 6 nafar odam halok bo‘lgan. 30 nafarga yaqin kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. “RBK” nashri so‘nggi yillarda Rossiyadagi o‘quv dargohlarida sodir bo‘lgan shunga o‘xshash boshqa qurolli hujumlarni esga oldi.

Moskva, 2014-yil

Foto: “TASS” / Artyom Geodakyan

2014-yil 3-fevral kuni Moskvadagi 263-maktabda tahsil oladigan yuqori sinf o‘quvchisi otasining karabin Kamari va miltig‘i bilan qurollangan holda binoga kirdi. Yigitcha miltiq bilan geografiya o‘qituvchisini otib tashladi, jabrlanuvchi voqea joyida halok bo‘ldi. U hodisa joyiga yetib kelgan politsiya xodimlariga ham o‘q uzgan, otishma oqibatida yana bir kishi halok bo‘ldi va bir nafar xodim yaralandi.

O‘smirga nisbatan maktabga bostirib kirish, odamlarni garovga olish, qotillik va huquq-tartibot organlari xodimlarining hayotiga xavf solish bo‘yicha ayblovlar e’lon qilindi. Ekspertizadan keyin uning jinoyatni ruhiy beqaror holatda g‘ayrishuuriy tarzda qilgan deb topishdi va u majburiy davolanishga yuborildi.

Mazkur hodisa Rossiyada “Amerika ssenariysi” bo‘yicha fuqarolik qurolidan foydalangan holda maktab hududida uyushtirilgan birinchi otishma sifatida tarixda qoldi.

Naxodka, 2016-yil

Kadr: YouTube

2016-yil 18-mart kuni 19 yoshli yigit Naxodkadagi maktab direktorining xonasida 15 yoshli qizni pichoqladi, shundan keyin o‘z joniga qasd qildi. Keyinchalik qiz va yigitning sevishganlar bo‘lgani, hodisadan ma’lum vaqt oldin janjallashib qolishgani, yigitning qiz oldiga munosabatlarga oydinlik kiritish uchun kelgani ma’lum qilindi. Yigit direktor kabinetiga bostirib kirgan, u yerda o‘quvchi qizni pichoq bilan o‘ldirgan va shundan keyin o‘z joniga qasd qilgan.

Lyubertsi, 2017-yil

Foto: Lyubertsi onlayn

2017-yil mart oyida Moskva viloyatining Lyubertsi shahridagi gimnaziyada jismoniy tarbiya darsi vaqtida o‘quvchilardan biri itlarni hurkituvchi qurilmani ishga tushirgan. Ushbu quroldan foydalanish uchun litsenziya talab etilmaydi va u olov uchquni chiqaradi, shovqini ham baland. Hodisa oqibatida to‘rt kishi yengil jarohat olgan.

Ivanteyevka, 2017-yil

Foto: “TASS” / Sergey Savostyanov

2017-yil 5-sentabrda Ivanteyevka shahridagi 1-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Mixail P. dars vaqtida oshxona boltachasi bilan informatika o‘qituvchisini urgan, shundan keyin penvmatik qurol bilan sinfdoshlariga hujum qilgan va portlovchi moddalar solingan paketlarni atrofga uloqtirgan. Mazkur tajovuzkor harakatlar oqibatida to‘rt nafar odamga jarohat yetgan.

Keyinchalik o‘quvchining bunday tajovuzkor harakatlar qilishiga ayol o‘qituvchining unga darsga uzun plash kiyib kelgani va kechikkani uchun unga tanbeh bergani, tashqi ko‘rinishi uchun kamsitgani sabab bo‘lgani aniqlangan.

O‘quvchiga odam o‘ldirishga urinish va bezorilik harakatlari uchun ayblov e’lon qilingan.

Moskva, 2017-yil

Foto: “TASS” / Anton Novoderejkin

2017-yil 1-noyabrda Moskvadagi kollejning 3-bosqich talabasi “Hayotiy faoliyat xavfsizligi asosolari” fanidan dars berayotgan 44 yoshli o‘qituvchini o‘ldirgan. U jinoyatdan keyin “VKontakte”dagi sahifasiga surat yuklagan va o‘z o‘zini o‘ldirgan. Jinoyatga talaba hamda o‘qituvchi o‘rtasida tez-tez nizolar bo‘lib turgani sabablardan bo‘lgani taxmin qilinadi.

Visokovsk, 2017-yil

Kadr: YouTube

2017-yil 29-noyabrda Visokovsk shahridagi maktablardan birida 8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida janjal sodir bo‘lgan. Oqibatda ulardan biri o‘zi bilan olib kelgan pichoq vositasida sinfdoshining bo‘yin qismiga bir nechta zarba bergan. Jabrlanuvchi omon qoldi. To‘qnashuvga jabrlangan bolaning sinfdoshi ustidan doimiy ravishda kulib yurgani, uni kamsitib kelgani sabab bo‘lgan. Pichoq bilan sherigiga zarba bergan bolaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Perm, 2018-yil

Foto: Global Look Press/ Sergey Fedoseyev / “59.ru”

2018-yil 15-yanvarda 127-maktabning ikki nafar yuqori sinf o‘quvchilari (biri 11-sinfda o‘qigan, boshqasi maktabdan haydalgan o‘quvchi) kichik sinfda o‘qiydigan maktabdoshlariga pichoq bilan hujum qilgan. Oqibatda 15 nafar odam, jumladan, janjallashayotganlarni ajratishga uringan o‘qituvchi ayol tan jarohati olgan. Uch kishi og‘ir ahvolda shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Pichoqbozlik qilgan yigitlar hisbga olingan.

Ulan-Ude, 2018-yil

Foto: “RIA Novosti”/Andrey Ogorodnik

2018-yil 19-yanvar kuni tongda 15 yoshli A.Ulan-Udedagi Sosnoviy Bor tumanida joylashgan 5-maktabda o‘quvchilarga hujum qilgan. U “Molotov kokteyli”ni dars vaqtida sinfxonaga uloqtirgan, shundan keyin bolalarni qo‘lidagi bolta bilan ura boshlagan. O‘smir hodisa vaqtida ushlangan.

Kerch, 2018-yil

Foto: “RIA Novosti”/ Yekaterina Keyzo

17-oktabrda Kerch politexnika kollejida portlash sodir bo‘lgan. Tergov-surishtiruv ishlari davomida to‘rtinchi bosqich talabasi Vladislav Roslyakov o‘quv muassasasida otishma sodir etgani va yakunda portlash yuz bergani aniqlangan. Talaba hodisadan keyin o‘z joniga qasd qilgan.

Tergov qo‘mitasi hamda Milliy aksilterrorchilik qo‘mitasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra ushbu otishma oqibatida 17 nafar odam hayotdan ko‘z yumgan, Qrim gubernatori Sergey Aksenov esa ushbu fojiada 18 nafar odamning halok bo‘lganini aytgan.

Blagoveshensk, 2019-yil

Foto: “RIA Novosti” / Yevgeniy Zemtsov

14-noyabrda Amur qurilish kollejining talabasi ov qurolidan o‘t ochib muassasa hududida otishma sodir etgan. Keyinchalik qurolning yigit nomiga rasmiylashtirilgani va ro‘yxatga olingani aniqlangan. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, uch nafar odam jarohatlangan. Tergov qo‘mitasi voqeadan keyin jinoyatchi ham o‘zini o‘zi o‘ldirganini ma’lum qilgan.

Qozon, 2021-yil

Foto: “VKontakte” / Vladislav Zagorodnya

2021-yil 11-mayda 19 yoshli Ilnaz Galyaviyev o‘zi bitirib ketgan 175-maktabga qonli hujum uyushtirdi. Yigit qurol olib yurish ruxsatnomasiga ega bo‘lgan, maktab hududiga o‘q-dorilar zaxirasi bilan kirib kelgan. Otishma oqibatida to‘qqiz nafar odam halok bo‘ldi, 23 kishi jarohatlandi, yaralanganlarning aksar qismi bolalar edi. Maktabga politsiyachilar yetib kelganidan keyin Galyaviyev taslim bo‘ldi va uni hibsga olishdi. Mergan qilgan qonli jinoyati uchun qamaldi.

Perm, 2021-yil

Foto: “RIA Novosti” / Aleksey Romanov

20-sentabr kuni tongda Perm davlat milliy tadqiqotlar universiteti talabasi oliygoh hududiga miltiq bilan kirdi va yo‘lida uchragan odamga o‘q uza boshladi. OTM matbuot xizmati talabalarni auditoriyalardan chiqmaslikka chaqirdi, boshqa darslarga ketayotganlardan ham ortga qaytishni so‘radi. Hujum oqibatida 8 nafar odam halok bo‘ldi. Tergov qo‘mitasi merganning politsiya vakillariga qarshilik ko‘rsatgani va otishma vaqtida yaralanganini xabar qildi. Shahardagi qon quyish stansiyasida ishlovchi shifokorlar aholidan hodisa oqibatida yaralanganlar uchun qon berishni iltimos qilgan.