Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 226 445 291 kishiga yetdi, shularning 4 661 153 nafari vafot etgan. Shuningdek, butun dunyo bo‘yicha qo‘llanilgan vaksinalar dozasi 5,7 milliarddan oshdi.

Kasallanganlar soni bo‘yicha AQSh (41,5 million), Hindiston (33,3 million), Braziliya (21 million), Buyuk Britaniya (7,3 million) va Rossiya (7,1 million) eng oldinda bormoqda.

Nepal

Foto: “TASS”

Tojikistonda tez orada bolalarni koronavirusga qarshi ommaviy emlash boshlanishi haqida mish-mishlar tarqaldi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Navro‘z Jafarov ushbu ma’lumotni tasdiqladi.

Jafarovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarni koronavirusga qarshi emlash masalasini faol muhokama qilmoqda. Ammo u vaksinatsiya aynan qachon boshlanishini aytmadi. Shuningdek, necha yoshli bolalarning emlanishi va jarayonda qaysi turdagi vaksinadan foydalanish rejalashtirilganiga ham aniqlik kiritilmagan.

Yaqinda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bolalar va o‘smirlarni koronavirusga qarshi emlash mumkinligini e’lon qilgandi.

Avvalroq, “aholining mazkur guruhi uchun COVID-19 ga qarshi vaksinalarni qo‘llash to‘g‘risida hali yetarli ma’lumotlar yo‘qligi” xabar berilgan, lekin JSSTning yangilangan tavsiyalarida quyidagilar qayd etilgan: “Bolalar va o‘smirlar kattalarga qaraganda COVID-19 ni osonroq yenib o‘tadi. Shuning uchun, agar xavf guruhiga kiritilmagan bo‘lsa, ularni emlash keksalar va tibbiyot xodimlariga qaraganda tezroq olib boriladi. Yuqori xavf guruhiga kiritilgan 12—15 yoshli bolalar esa shunday guruhdagi boshqa fuqarolar qatorida Pfizer va BionTech bilan emlanishi mumkin”.

JSST Rossiyaning koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini tasdiqlash jarayonini to‘xtatdi. Bu haqda Panamerika sog‘liqni saqlash tashkiloti (PAHO) rahbarining o‘rinbosari Jarbas Barboza ma’lum qildi.

Barbozaning ta’kidlashicha, JSSTning koronavirusga qarshi vaksinalarni favqulodda foydalanish uchun tasdiqlash tartibiga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi kompaniya vaksina ishlab chiqariladigan obyektlar zarur standartlarga javob berishini isbotlashi kerak.

“Sputnik V” ni favqulodda holatlarda ishlatishga ruxsat berish jarayoniga kelsak, jarayon to‘xtatildi, chunki vaksina ishlab chiqariladigan zavodlardan birida tekshiruv o‘tkazilganda, bu zavod talabdagi ishlab chiqarish amaliyotiga rioya qilmasligi aniqlandi”, — dedi Barboza. Uning qo‘shimcha qilishicha, endi JSST zavodning qoidabuzarliklarni tuzatgani haqida xabar kutmoqda. Shundan so‘ng u yerda yangi tekshiruv o‘tkaziladi.

Iyun oyida JSST komissiyasi Ufada “Sputnik V” ishlab chiqaradigan Rossiyaning “Farmstandard –UfaVITA” korxonasida qonunbuzarliklarni aniqlagan. Vaksinalarni idishga quyish liniyalaridagi aseptik sharoitlar ustidan nazorat bo‘yicha ham mutaxassislar tanqidga uchragan.

Yevropa Ittifoqi bo‘lajak pandemiyalarga yaxshiroq javob qaytarish uchun yangi organ tuzishga qaror qildi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenning aytishicha, yangi agentlik sog‘liqni saqlash bo‘yicha favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish va javob qaytarish boshqarmasi (HERA) deb nomlangan. Qayd etilishicha, agentlik shu tariqa COVID-19 ga qarshi kurashni ertaroq boshlashga to‘sqinlik qilgan xatolarni takrorlamaslikka harakat qiladi.

Yangi organ AQSh Ilg‘or biotibbiyot tadqiqot va rivojlanish agentligining yoki vaksinalarni ishlab chiqaruvchi va pandemiyaga tayyorgarlikni ta’minlaydigan federal sog‘liqni saqlash agentligi BARDA’ning Yevropadagi ekvivalentiga aylanishi kerak. 2027-yilgacha agentlik 50 milliard yevro miqdorida mablag‘ oladi va Yevropa Ittifoqining mavjud sog‘liqni saqlash muassasalari, Kasalliklarni nazorat qilish bo‘yicha Yevropa markazi va Yevropa dori agentligi bilan hamkorlik qiladi.

Shuningdek:

  • COVID-19 ga qarshi Moderna vaksinasi sinovidan olingan yangi ma’lumotlarga ko‘ra, preparatning himoya qobiliyati vaqt o‘tishi bilan kamayadi. Bu esa takroriy dozalarga ehtiyoj tug‘ilishini tasdiqlaydi. “Bu bir taxmin xolos, lekin kuz va qish yaqinlashganda, immunitetning zaiflashishi tufayli yana kamida 600 ming kishining COVID-19 bilan kasallanishi kutilmoqda”, — dedi Moderna kompaniyasi rahbari Stiven Xoge. Xoge kasallanish holatlarining qanchasi og‘ir bo‘lishi haqidagi prognozlarni aytmadi, lekin ayrim bemorlarni kasalxonaga yotqizishga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi. Uning aniqlik kiritishicha, Moderna kompaniyasi 1-sentabr kuni AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasiga qayta emlash bo‘yicha ruxsat so‘rab ariza bergan.