Tojikistonda COVID-19 infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha epidemiyaga qarshi choralarni kuchaytirish respublika shtabi mamlakatning 18 yoshdan oshgan aholisi uchun koronavirusga qarshi majburiy emlanish joriy etilganini e’lon qildi, deb yozadi “Xovar” agentligi.

Foto: “Abdmch.tj”

“Shtab qaroriga ko‘ra, … koronavirusga qarshi vaksinatsiya 18 yoshdan oshgan fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi”, — deyiladi bayonotda.

Vaksinatsiya bepul asosda amalga oshiriladi. Emlanmagan fuqarolar tibbiy yordam so‘rab oilaviy shifokorga yoki mahalliy tibbiyot muassasasiga murojaat qilishi kerak.

Shuningdek, qo‘shimcha qilinishicha, boshqa mamlakatga safar qilib, so‘ng Tojikiston hududiga kirayotgan fuqarolarga PZR-test bor-yo‘qligidan qat’i nazar COVID-19’ga qarshi diagnostikadan o‘tish va o‘n kun davomida o‘z-o‘zini yakkalash rejimida bo‘lish tavsiya etilgan.

Bundan tashqari, koronavirus tarqalishining yuqori xavfi tufayli, hukumat aholiga to‘y va tantanalarni eng kam sonli mehmonlar bilan o‘tkazishni tavsiya qilmoqda.

18 yoshdan oshgan fuqarolarni COVID-19’ga qarshi emlash kampaniyasi Dushanbeda 25-iyun kuni boshlandi. Ayni vaqtda mamlakatda Hindistonda ishlab chiqarilgan AstraZeneca vaksinasi hamda Sinovac kompaniyasining CoronaVac vaksinasi qo‘llanilmoqda.

Tojikistonda 2021-yilning 11-yanvaridan buyon koronavirusga chalinish bo‘yicha biror-bir rasmiy holat qayd etilmagan. 26-yanvar kuni prezident Emomali Rahmon mamlakat koronavirus ustidan g‘alaba qozonganini e’lon qilgan, shu bilan birga, aholini niqob rejimiga rioya qilish va masofa saqlashni unutmaslikka chaqirgan.

Iyun oyi boshida OAVda Tojikistonda koronavirus qaytadan avj olgani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa buni qat’iyan rad etdi va xabarlarni faqatgina mish-mish deb atadi.

Keyinroq Tojikistonda koronavirusga chalinish holatlari haqida rasman ma’lum qilindi. Shu munosabat bilan, mamlakatning har bir fuqarosidan ushbu sohadagi mutaxassislarning tavsiyalariga qat’iy amal qilish, zarurat bo‘lmagan joyga bormaslik, jamoat joylarida niqobdan va boshqa dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanish talab etiladi.