Ayni paytda O‘zLiDePning X qurultoyida nutq so‘zlayotgan Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yilda xalqaro magistral internet tezligi va tumanlararo tarmoqlar tezligi oshirilishini aytdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
“Kelgusi besh yilda raqamli iqtisodiyotni asosiy drayver sohaga aylantiramiz. Uning hajmi kamida 2,5 barobarga oshirilib, 4 milliard dollarga yetkaziladi. Har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi internetga ulanadi, magistral avtomobil yo‘llari 100 foiz mobil aloqa va internet bilan qamrab olinadi”, — deydi davlat rahbari.
Shuningdek, xalqaro magistral internet tezligi – 5 barobarga, tumanlararo tarmoqlar tezligi – 8 barobarga oshiriladi.
“Kelgusi yil yakuniga qadar fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi tamoyili asosida barcha davlat organlarida ish yuritish, aholi bilan hujjat almashish to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi”, — deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tashqi internet kanalining tezligi soniyasiga 1800 Gbitga yetkazilishi ma’lum qilingandi. Loyihaning texnik-iqtisodiy parametrlari Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-apreldagi qarori bilan qabul qilingan, ammo hujjatda loyihani amalga oshirish muddati ko‘rsatilmagan.