So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ipoteka dasturlari doirasida 140 mingdan ortiq uy-joylar barpo etildi. Bu haqda ayni paytda O‘zLiDePning X qurultoyida nutq so‘zlayotgan Shavkat Mirziyoyev qayd etdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, har qanday islohot quruq raqamlarda emas, balki eng avvalo, aholining kundalik hayotida, uning dasturxoni va ro‘zg‘orida o‘z aksini topishi zarur.
“Barcha orzu-niyatlarimiz, mashaqqatli mehnatimiz, kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimiz — hamma-hammasi bizga katta umid va ishonch bilan qarab turgan xalqimiz uchundir. Biz ushbu yo‘nalishdagi ezgu ishlarimizni davom ettirib, ijtimoiy adolat tamoyili asosidagi barqaror rivojlanish dasturini ishlab chiqdik va mazkur sohadagi faoliyatimizni davlat siyosati darajasiga ko‘tardik.
O‘zbekiston tarixida ijtimoiy soha bo‘yicha bunday keng ko‘lamli ishlar ilgari hech qachon bo‘lmagan.
Yurtimizda yashayotgan oilalar hayotini shu nuqtayi nazardan tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘tgan davrda qanday katta natijalarga erishganimiz ayon bo‘ladi. Misol uchun, hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi har 100 ta oilaga 162 ta televizor, 107 ta muzlatkich, 287 ta mobil telefon, 49 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelmoqda. Boshqacha aytganda, mamlakatimizdagi oilalarning qariyb yarmi o‘zining shaxsiy avtomobiliga ega.
Yoki so‘nggi yillarda yurtimizda ipoteka dasturlari doirasida 140 mingdan ortiq uy-joylar barpo etildi. Bu raqamni oldingi yillarga solishtirganda, 11-martadan ham ko‘p demakdir”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Asakadagi avtomobil zavodi hech qachon O‘zbekiston xalqiga foyda keltirmaganini aytgani, UzAuto Motors’ning sof foydasi qariyb 70 foizga o‘sgani to‘g‘risida xabar berilgandi.