Kelgusi besh yilda O‘zbekiston sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat unumdorligi esa kamida 2 marta oshiriladi. Bu haqda ayni paytda O‘zLiDePning X qurultoyida nutq so‘zlayotgan Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Mavjud zaxira va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish vazifasi oldimizda turibdi.Shuningdek, davlat rahbari tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 8 foizdan 20 foizga oshirish orqali kimyo sanoatida 2 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishini ta’kidlagan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida yana 5 ta kimyo texnologik klaster tashkil etiladi va ularda umumiy qiymati qariyb 7 milliard dollarlik 40 dan ziyod istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi.Shu tariqa 2030-yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirib, daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishga puxta zamin yaratgan bo‘lamiz.
Albatta, bu oson vazifa emas. Bunga erishish uchun, avvalo, iqtisodiyotda ilm va innovatsiyalarga asoslangan rivojlanish hisobidan yangi texnologiyalar va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini ko‘paytirish orqali mehnat samaradorligida tub o‘zgarishlar qilishimiz shart.
Shu maqsadda, birinchidan, kelgusi besh yilda sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat unumdorligi esa kamida 2 marta oshiriladi.
Buni, avvalo, drayver sohalarda, xomashyodan tayyor mahsulotgacha degan tamoyil asosida, sanoat klasteri tizimini rivojlantirish orqali yo‘lga qo‘yamiz.
Misol uchun, mis sanoati klasterini tashkil etish bilan kelgusi besh yilda mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2 martaga ko‘payadi hamda 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarishga asos yaratiladi.
Navoiy, Olmaliq va Bekobod metallurgiya korxonalarida qator yirik loyihalarni amalga oshirish hisobiga, qo‘shimcha 10 milliard dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarish ta’minlanadi.
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti
Ushbu loyihalar uchun yosh, zamonaviy bilimlarga ega kadrlar va olimlarni tayyorlash maqsadida Toshkentdagi Ulug‘bek shaharchasida kimyo sohasida ilmiy va ta’lim klasteri tashkil etiladi. Sanoatni resurs bazasi bilan ta’minlash uchun geologiya-qidiruv ishlari hajmi keskin oshiriladi, sohaga xususiy investorlar va ilg‘or xorijiy kompaniyalar keng jalb qilinadi.
“Bunda, yerosti boyliklaridan foydalanish uchun soliq stavkalari noruda qazilmalar bo‘yicha – 2 martaga, tabiiy gaz bo‘yicha – 3 martaga, neft bo‘yicha – 2 martaga kamaytiriladi. Shuningdek, ushbu soliq mis va oltin bo‘yicha 7 foizgacha pasaytiriladi. Ilm-fanni rivojlantirish orqali sanoat tarmoqlariga eng zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish dasturlari ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi har 100 ta oilaga 49 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelayotganini ma’lum qilgandi.