9-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi qurultoyida ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 6-sentabr, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ta’kidladi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
6-sentabr kuni farmatsevtika sanoatida va Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, hafta davomida strategik sohalardagi investitsiya loyihalari, “1 million dasturchi” loyihasining ijrosi, Prezident maktablari va ixtisoslashgan maktablar faoliyati bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, davlat rahbari Paralimpiya o‘yinlari sovrindorlari bilan uchrashishi ham mo‘ljallanmoqda.
“9-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi qurultoyida ishtirok etadi”, — deydi Sherzod Asadov.
Eslatib o‘tamiz, 12-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashgan, 20-avgust kuni esa Toshkent shahridagi O‘zbekiston xalqaro anjumanlar saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tgandi.
Izoh (0)