Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan tungi reyd davomida YPX inspektorining to‘xtash ishorasiga amal qilmay, harakatlanishni davom ettirgan Lacetti avtomobilini 14 yoshli o‘smir boshqargani aniqlandi, deb xabar beradi IIV YHXBB axborot xizmati.

Kadr: Telegram

Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan tungi reyd davomida Lacetti rusumli avtomobil haydovchisiga YPX xodimi tomonidan to‘xtash ishorasi berilganda u to‘xtamasdan, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib harakatda davom etgan. Ko‘rilgan choralar natijasida haydovchi to‘xtatilgan.

Tekshiruv davomida avtomobil boshqaruvida 2007-yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan bola bo‘lganligi aniqlangan. Holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.

“Barcha ota-onalardan voyaga yetmagan, haydovchilik guvohnomasini olmagan farzandlariga avtomobil boshqarishga ruxsat bermasliklarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Surxondaryoda YPX xodimining talabiga bo‘ysunmay, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan Damas’ni 9-sinf o‘quvchisi boshqargani aniqlangandi.