Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida voyaga yetmagan yigit boshqaruvidagi “Volga” daraxtga urilishi oqibatida 14 yoshli yo‘lovchi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ko‘ngilsiz hodisa 27-iyul kuni soat 03:45 larda tumanning “Feruz” mahallasidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan A.J. ismli yigit mashinani yuqori tezlikda boshqarib ketayotib, yo‘l notekisligi sabab boshqaruvni yo‘qotgan va ikkita daraxtga urilgan.

Mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida mashina salonida bo‘lgan 14 yoshli yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan.

Xabarda aytilishicha, yigit otasiga tegishli mashinani uning ruxsatisiz minib chiqib ketgan. “Mashina boshqarishini bilardim, lekin o‘zim o‘rgatmaganman. Oldindan qiziqardi, do‘stlarining mashinalarini yashirincha haydab o‘rgangan”, — deydi haydovchining otasi.

Ta’kidlash kerakki, Surxondaryoda haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqarish holatlari birinchi bor qayd etilmayapti. Xususan, avvalroq Sherobodda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan yigit boshqaruvidagi “Jiguli” 11 yoshli piyodani urib yuborgani va jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgani, Boysunda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan yigit boshqaruvidagi Nexia pastlikka tushib ketishi oqibatida 17 yoshli qiz halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.