Yaponiyada Amerikaning koronavirusga qarshi Moderna vaksinalaridan topilgan yot modda zanglamaydigan po‘lat zarralari bo‘lib chiqdi. Bu haqda Moderna kompaniyasi va vaksinani mamlakatda tarqatishga ma’sul Yaponiyaning Takeda kompaniyasi qo‘shma bayonotida aytilgan.

Foto: AP Photo

Preparat Takeda kompaniyasi tomonidan tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruv natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, “ishlab chiqarish uskunalarini yig‘ish vaqtidagi nosozlik tufayli zanglamaydigan po‘lat zarralari vaksinaga aralashib ketgan”.

Qo‘shma bayonotda ta’kidlanishicha, zanglamaydigan po‘latdan yurak klapanlari, sun’iy bo‘g‘inlar, metall choklar va biriktiruvchi qisqichda foydalaniladi, shuning uchun uning zarralarini tanaga yuborish katta xavf tug‘dirmaydi.

Ammo, shunga qaramay, Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ehtiyot chorasi sifatida mamlakatda Moderna vaksinasining bir nechta partiyasini qo‘llash to‘xtatilgan.

Avgust oyining oxirida Yaponiyada Moderna vaksinasi partiyalaridan birida yot moddalar aniqlandi — ochilmagan 39 ta ampulada kattaligi bir necha millimetrdan oshmaydigan qora zarrachalar topilgan. O‘sha vaqtga kelib, yarim milliongacha odam ushbu partiyadagi vaksinalar bilan emlangan bo‘lishi mumkin. Ulardan ikki nafari inyeksiyadan ko‘p o‘tmay vafot etdi, ammo ularning o‘limi bilan emlash o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik aniqlanmagan. Shu bilan birga rasmiy tergov davom etmoqda.

Hodisa tufayli Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi xavfsizlik yuzasidan mamlakatga Ispaniyaning Rovi SA farmatsevtika kompaniyasi korxonalaridan uchta partiyada kelib tushgan 1,63 million doza Moderna vaksinasidan foydalanishni to‘xtatdi. Uchta partiyaning barchasi bitta ishlab chiqarish liniyasida deyarli bir vaqtning o‘zida tayyorlangan. Yaponiyaga yetkazib berilgach, ular 863 ta vaksinatsiya markaziga tarqatilgan. Yot zarralar topilgani uchun ushbu markazlarga qo‘shimcha dozada vaksinalar yetkaziladi.