O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan 150 nafar Afg‘oniston fuqarosi vataniga qaytarib yuborilgan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, shu keskin kunlarda O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan Afg‘oniston fuqarolarining xavfsizlik kafolatlarini olish uchun “Tolibon” harakati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilgan.
“Tolibon” rahbariyati vakillari bilan ushbu toifadagi shaxslarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik va ta’qiblarning oldini olish bo‘yicha kelishuvlar natijasida 150 nafar Afg‘oniston fuqarosi o‘z xohishi bilan vataniga qaytarildi.
Afg‘onistonga qaytgan fuqarolardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ularga nisbatan rasmiy protsessual choralar ko‘rilgandan so‘ng, uylariga qo‘yib yuborilgan va hozirda ular o‘z oilalari bilan birga.
Bundan avval o‘zbek-afg‘on chegarasiga eltuvchi yo‘lda avtomobillar harakati yana jonlangani, afg‘onlar O‘zbekiston hududiga baklajkalardan yasalgan sollar yordamida suzib o‘tayotgani hamda O‘zbekiston afg‘on qochqinlarini qabul qilib, Surxondaryodagi chodirli shaharchaga joylashtirgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)