Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Ayni paytda tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tayotgan ochiq muloqotda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda inflyatsiya darajasini 2021-yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirish reja qilinganini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Daryo”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Bundan buyon, hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablag‘lar hisobidan banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi. Ushbu masala yechimiga Qo‘chqorov, Ishmetov, Nurmuratov shaxsan mas’ul bo‘ladi.

2021-yil 1-oktabrdan boshlab, ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan, milliy valyutaga o‘tkazib beriladi. Umuman, yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobiga, tijorat banklarida har yili o‘rtacha 30-40 trillion so‘mlik milliy valyutadagi, uzoq muddatli qo‘shimcha resurslar shakllanadi.

Bular hisobiga, tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan, kamida 5 foiz arzon olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Men o‘ylaymanki, bu yangi imkoniyatlar mamlakatimizda tadbirkorlik rivojiga katta turtki beradi”, —  deydi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, endilikda iqtisodiyotga arzon kredit beriladi.

“Men yaxshi tushunaman, hamma arzon kredit olishni xohlaydi. Lekin kredit foiz stavkalarini sun’iy pasaytirsak, pul bozoridagi muvozanat buziladi. Shuning uchun, iqtisodiyotga arzon kredit beramiz deb, makroiqtisodiy barqarorlikni unutib qo‘ymasligimiz lozim. Barqarorlik bo‘lmasa, iqtisodiy o‘sish bo‘yicha ko‘zlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz.

Bu borada foiz stavkalariga bevosita ta’sir etadigan inflyatsiyani va yana takror aytaman, inflyatsiyani pasaytirish hamda bank orqali kreditlash jarayonini to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazishga qaratilgan ishlarni, izchil davom ettiramiz.

Zamonaviy bozor tamoyillarida ishlash uchun hududlarda banklar loyiha fabrikalari va tadbirkorlikka o‘qitish markazlarini tashkil etib, xorijiy mutaxassislarni jalb qilmoqda. Ushbu markazlar tadbirkorlarga, ayniqsa, yoshlarga o‘z g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish, biznes rejalarni ishlab chiqish, mablag‘lar jalb qilishga yordamlashadi, hamda ularga biznes jarayonining barcha zanjirida ko‘makdosh bo‘ladi.

Umuman, inflyatsiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz. Bu esa tabiiy ravishda kredit stavkalarini ham maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini beradi”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq O‘zbekistonda endilikda tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – so‘mda va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi, O‘zbekiston tijorat banklariga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan yana 600 mln dollar ajratilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
Korrupsiya darajasi, iqtisodiy erkinlik indeksi: O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni qanday o‘zgarmoqda?
Dunyo
AQSH Yelsinning Ukraina haqidagi bayonotini maxfiylikdan chiqardi
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda frilanserlik: ular qancha maosh oladi va nega ko‘paymoqda?