Buyuk Britaniyaning Afg‘onistondagi elchisi Lori Bristou “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritgandan keyin mamlakatni tark etishi kerak edi, lekin u britaniyaliklarga va Britaniya hukumati bilan aloqasi bor afg‘onlarga yordam berish uchun qoldi. 15-avgust kuni Bristou Britaniya elchixonasi ko‘chirib kelingan Kobul aeroportida afg‘onlarga shaxsan o‘zi viza berdi, deb yozmoqda Daily Mail.

Lori Bristou

Foto: “RBK”

“Bizning elchimiz Kobulda qoladi, Britaniya hukumati vakillari Britaniya fuqarolariga va afg‘onistonlik xodimlarimizga yordam berishda davom etmoqda”, — dedi Britaniya Tashqi ishlar vazirligi nashrga.

Buyuk Britaniya “Tolibon” Kobulni egallashidan bir necha kun oldin o‘z elchixonasini qisqartirib, Afg‘onistonga 600 askar yuborayotganini ma’lum qilgandi. Harbiylar Britaniya fuqarolarini va G‘arb bilan hamkorlik qilgan, endilikda “Tolibon” tahdidi ostida qolayotgan Afg‘oniston fuqarolarini evakuatsiya qilishni ta’minlashi kerak. Daily Mail nashrining yozishicha, gap Britaniya pasportiga ega 3 ming kishi, oilalari bilan hisoblaganda 3 ming afg‘onistonlik tarjimonlar va u yoki bu tarzda Britaniyaga aloqador yana 2 ming afg‘on haqida ketmoqda.

“Tolibon” Kobul aeroportidagi evakuatsiya ishlariga aralashmaslikka va’da bergan. Ammo amerikaliklar va ularning ittifoqchilari bilan hamkorlik qilgan afg‘onistonliklar “Tolibon” ularning ketishiga to‘sqinlik qilishidan qo‘rqmoqda. Britaniya askarlari va diplomatlari uchun tarjimonlik qilgan afg‘onistonlik Telegraph’ga bergan intervyusida aytishicha, “vaqt tugadi”, yaqinda “Tolibon” xorijiy hukumatlar bilan ishlaganlarni ta’qib qilishni boshlaydi.

The Telegraph xabariga ko‘ra, Buyuk Britaniya elchisi Lori Bristou Afg‘onistonni Kobul qo‘lga olingandan keyingi kun — 16-avgust kuni kechgacha tark etishi kerak edi. Ammo manbaning aytishicha, Bristou avgust oyining oxirigacha davom etishi mumkin bo‘lgan evakuatsiya jarayonini nazorat qilish uchun Afg‘onistonda qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda Bristouni qahramon deb atashmoqda.

57 yoshli Lori Bristou — Kembrij universiteti bitiruvchisi, adabiyot fanlari doktori. U 1990-yillarning boshlarida Britaniya Tashqi ishlar vazirligida ish boshlagan va Ruminiya, Turkiya, Ozarbayjonda faoliyat olib borgan. 2016—2020-yillarda Bristou Buyuk Britaniyaning Rossiyadagi elchisi bo‘lgan. Bu davrda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar, asosan, Skripallarning zaharlanishi bilan bog‘liq holda keskinlashgan edi.

Zaharlanish voqeasidan bir yil o‘tib, 2019-yil mart oyida Bristou o‘z intervyusida “Rossiya davlati o‘z atrofidagilarni xavf ostiga qo‘ymoqda”, deb aytgan va Moskvani “beqarorlik, ehtiyotsizlik” qilmaslikka chaqirgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova bu intervyuni “o‘zini halokatga olib boruvchi” hamda “g‘ayrioddiy va keskin tajovuzkoronaligi bilan hayratga soluvchi” deb atagan.

“U o‘ta og‘ir siyosiy vaziyatni ham juda professional tarzda hal qilgan”, — dedi Bristou bilan ishlagan britaniyalik diplomat The Telegraph nashriga. “Menimcha, shundan keyin u Vashington yoki Nyu-Yorkdagi jiddiy pozitsiyalardan biriga umid qilishi mumkin edi. Ammo ular boshqalarga nasib qildi”.

Bristou 2021-yilning iyun oyida Afg‘onistondagi elchi etib tayinlandi. “U Afg‘onistonda bunchalik kam qolishini kutmagan bo‘lsa kerak”, — dedi manba The Telegraph nashriga. “Kobulda katta mas’uliyat talab qiladigan ishlar bor edi, fikrimcha, u o‘z vazifasini juda yaxshi uddalamoqda”.