Namanganning Norin tumanida ikki fuqaroning janjali o‘lim bilan yakun topdi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Voqea 6-avgust kuni soat 17:30 larda Norin tumani hududida joylashgan milliy taomlar oshxonasida yuz bergan. Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi 34 yoshli fuqaro mast holda o‘zining tengdoshi bo‘lgan tanishi bilan o‘zaro janjallashib, yuziga qo‘li bilan urganida u boshi bilan yerga yiqilgan. Oqibatda fuqaro shifoxonada vafot etgan.
Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, fuqaro bosh miya og‘ir yopiq shikasti, bosh miyaga keng ko‘lamda qon quyilishi, yuqori nafas yo‘llariga qusuq modda berkilishi, alkogol mastlik holati asorati, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘pka va miya shishi natijasida vafot etganligi ko‘rsatilgan.
Ushbu holat bo‘yicha Norin tuman IIB huzuridagi TB tomonidan 6-avgust kuni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.