Microsoft kompaniyasining asoschisi Bill Geyts Melinda Geyts bilan ajrashishi yuzasidan izoh berdi. CNN’ga bergan intervyusida milliarder rafiqasi bilan ayrilishini hayotidagi eng “noxush davr” deb atagan.
“Melinda — ajoyib inson. Mavjud hamkorligimizni yakuniga yetishi katta qayg‘u, albatta. Biz avvalgidek muloqot qilishda va Bill & Melinda Gates Foundation fondida ishlashda davom etamiz hamda ushbu hamkorlikni saqlab qolishga urinamiz”, — degan Geyts.
Juftlikning ajrashishini ehtimoliy sababi Bill va Microsoft xodimi o‘rtasidagi munosabat bilan bog‘liqligi aytilmoqda. Geyts bunga izoh bermagan, ammo sodir bo‘lgan hodisadan afsusdaligini tan olgan. “Bu mulohaza qilish vaqti va bu davrda men olg‘a harakat qilishim kerak. Ishim men uchun juda ham muhim”, — degan u.
2020-yilda milliarder Microsoft direktorlar kengashini tark etgan. U o‘z xohishiga binoan ketayotganini ma’lum qilgan, ammo The New York Times’da yozilishicha mazkur qaror mojarodan qochish uchun qabul qilingan. Qayd qilinishicha Bill Melinda bilan ajrashishga qaror qilishidan avvalroq Microsoft yoki xayriya fondida ishlaydigan ayollarni uchrashuvga taklif qilgan.
Ajrashishga Geytsning jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan moliyachi Jeffi Epshteyn bilan do‘stligi ham sabab bo‘lgan, degan taxmin bor. Mish-mishlarga qaraganda Melindaga Billning ayblovlarga qaramay Epshteyn bilan muloqot qilishda davom etgani yoqmagan. Geyts bergan intervyusida Jeffi bilan do‘stlashganidan afsusda ekanini ta’kidlagan. “Milliardlarni uning aloqalari orqali global sog‘liqni saqlash sohasidagi xayriyalarga yo‘naltirishni umid qilgan holda u bilan bir necha marta ovqatlandim. Bu sodir bo‘lmasligini his qilganimdan keyin munosabatlarimiz yakuniga yetdi. U bilan vaqt o‘tkazish katta xato edi”, — degan milliarder.
Ma’lumot uchun, 56 yashar Melinda va 65 yoshli Billning ajrashmoqchiligi 2021-yilning mayida ma’lum bo‘lgan. 27 yil birga yashagan juftlikning turmushi davomida uch nafar farzand dunyoga kelgan. Ayni vaqtda to‘ng‘ich farzandi Jennifer 25, o‘rtancha o‘g‘li Rori 22 hamda kenja qizi Fibi 19 yoshda. Juftlik rasman 2-avgust kuni munosabatlariga nuqta qo‘ygan. Melinda ajrimdan keyin familiyasini o‘zgartirmagan. Sud tomonidan e’lon qilingan hujjatlarda mulkni taqsimlash haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Forbes ma’lumotiga ko‘ra, moliyaviy ahvoli 130 milliard dollarga baholanadigan Geytsning ismi Sayyoraning eng badavlat kishilari ro‘yxatida to‘rtinchi bo‘lib turadi. Ajrashguniga qadar Geytslar Sietldan uzoq bo‘lmagan sohil bo‘yidagi 125 million dollarlik uyda yashagan. Shuningdek, juftlik Kaliforniya shtatidagi 43 million dollarlik uyga, Floridadagi 59 million dollarlik rancho va Vayomingdagi turar joyga egalik qiladi.
Ularning ko‘chmas mulkdan tashqari, shaxsiy samolyot hamda Leonardo da Vinchining ishlarini o‘z ichiga oladigan 30 million dollarlik badiiy to‘plamni ham bo‘lishishiga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq Billning Bodrumda do‘stlari bilan birga dam olayotgani haqida xabar berilgandi.
Mavzuga doir:
- “Ishdagi ishq” va 1 million dollarlik to‘y: 27 yillik turmushdan so‘ng ajrashayotgan Bill va Melinda Geytsning muhabbat tarixi (foto)
- Bill Geyts, Mark Sukerberg va pullarini farzandlariga qoldirishni xohlamaydigan boshqa mashhurlar (foto)
- Bill Geytsdan Arnold Shvarseneggergacha: koronavirusga qarshi emlangan mashhurlar (foto)