O‘zbekiston Prezidentlik saylovida Xalq demokratik partiyasi tomonidan Maqsuda Vorisova nomzod sifatida qatnashadi. Bu haqda 7-avgust kuni XDP markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Maqsuda Vorisova

Foto: “Daryo”

Maksuda Vorisova Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari hisoblanadi.

U 1961-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan, mutaxassisligi bo‘yicha shifokor. 2018-yilda I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan muokofotlangan.

Qonunchilikka ko‘ra, partiya yuqori organi uning nomzodini ma’qullashi, Respublikadagi jami saylovchilarning kamida 1 foizi nomzodni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasiga 23-iyul kuni start berilgan. Mazkur saylovlarda 5 ta partiya – “Adolat” SDP, “Milliy tiklanish” DP, O‘zLiDeP, XDP va O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega. Hozirgacha O‘zbekiston Prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun Ekopartiyadan partiya raisi Narzullo Oblomurodov, “Adolat” SDPdan partiya yetakchisi Bahrom Abduhalimov va MTDPdan esa partiya raisi Alisher Qodirov nomzodi ilgari surildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Prezidentligi uchun saylov 24-oktabr kuni o‘tkaziladi. Saylov jarayonlariga 300 milliard so‘m va shundan har bir nomzodga 3 milliard so‘mdan pul mablag‘i ajratilishi belgilab qo‘yilgan.