Navoiy shahrida joylashgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarining birida Labo rusumli avtomobil yonib ketdi, deb xabar beradi FVV matbuot xizmati.

Foto: FVV matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 6-avgust kuni soat 09:21 da shaharning “Kimyogar” MFY Amir Temur ko‘chasida joylashgan “Zarafshon Fayz Oil” MJChga qarashli shoxobchada yonilg‘i quyib chiqish vaqtida Labo rusumli avtomobilda yong‘in sodir bo‘lgan.

Yong‘inni o‘chirishga 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan. Yong‘in soat 09:23 da o‘rab olinib, soat 09:25 da batamom o‘chirilgan. Yong‘in natijasida avtomobilning motor, salon, kuzov qismlari va avtomobil shinalari yongan.

Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Hozirda mutaxassislar tomonidan yong‘in sababi va moddiy zarari aniqlanmoqda.

Avvalroq Surxondaryodagi metan zapravkada “UAZ”ga o‘rnatilgan gaz balloni portlab ketgani, Samarqandda metan zapravkada turgan Nexia’ning gaz balloni portlab ketgani, Farg‘onadagi gaz zapravkada “Jiguli” portlagani hamda Qashqadaryoda harakatlanayotgan Nexia’ning gaz balloni portlashi oqibati ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.