AQSh maxsus xizmatlari Uxandagi Xitoy virusologiya instituti laboratoriyasi tadqiq qilgan viruslar haqidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritdi, COVID-19 birinchi marta aynan Uxan shahrida avj olgan edi. Bu haqda CNN o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Foto: AP Photo

Bunda gap genetik tadqiqotlar haqida bormoqda. Amerika harbiylari qo‘liga bunday fayllar qayerdan kelib tushgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Odatda bunday axborot ustida bulutli serverlarda ishlanadi, shuning uchun ma’lumotlar xakerlik hujumi orqali qo‘lga kiritilgan bo‘lishi mumkin.

CNN manbasiga ko‘ra, AQSh ulkan ma’lumotlar katalogini qo‘lga kiritgan, u viruslarning “genetik chizmalaridan iborat. Ularni ko‘rib chiqish uchun katta hisoblash quvvatlari kerak bo‘ladi, shu sababli tahlil uchun maxsus xizmatlar AQSh Energetika vazirligi ixtiyoridagi superkompyuterlarni jalb qilgan. Yana bir qiyinchilik kadrlar bilan bog‘liq. Fayllarda xitoy tilidan foydalanilgan va ko‘plab professional atamalar bor. Amerika maxsus xizmatlariga ushbu tilni biladigan va tashkilot tekshiruvidan o‘ta oladigan olimlar kerak.

CNN’ning maxsus xizmatlardagi manbalari aytishicha, olingan ma’lumot koronavirusning kelib chiqishini o‘rganishda yordam beradi, xususan, pandemiya Uxan laboratoriyasidan virus sizib chiqishi oqibatida yuzaga kelgan-kelmagani haqidagi savolga javob beradi.

Eslatib o‘tamiz, JSSTning xalqaro mutaxassislar jamoasi Xitoyning Uxan shahrida to‘rt hafta mobaynida koronavirusning paydo bo‘lish sabablarini o‘rgangan edi. Ushbu safar natijalari to‘g‘risidagi hisobot JSST tomonidan 30-mart kuni e’lon qilindi. Hisobotda infeksiyaning kelib chiqishi to‘g‘risida to‘rtta ehtimoliy versiya bayon qilingan. Uxan virusologiya institutiga tashrif buyurgan mutaxassislar natijalar to‘g‘risidagi hisobotda koronavirusning institut laboratoriyasidan tarqatilganining “ehtimoli juda kam” degan xulosaga keldi.

Ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adanom Gebreyesus COVID-19 Xitoyning Uxan shahridagi laboratoriyada paydo bo‘lgan va sizib chiqishi tufayli tarqalib ketgan, degan versiyani istisno qilishga hali erta ekanini aytdi. “Mening o‘zim laborant bo‘lganman, men immunologman, laboratoriyada ishlab ko‘rganman va laboratoriyalarda kutilmagan hodisalar bo‘lishidan xabarim bor. Shunday bo‘lib turadi”, — deya aniqlik kiritdi JSST rahbari. Gebreyesus qayd etishicha, pandemiya qandaydir tarzda laboratoriyalar bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligini tushunish uchun bo‘lib o‘tgan hodisani tekshirish juda muhim.

May va iyun oylarida Amerika ommaviy axborot vositalarida koronavirus Uxan shahridagi laboratoriyada yaratilganidan dalolat beruvchi belgilar haqida materiallar paydo bo‘la boshladi. Xabarlarga ko‘ra, olimlar SARS-CoV-2 koronavirusidan tabiiy paydo bo‘ladigan koronavirusda qayd etilmagan genetik izlarni topgan.

Shuningdek, britaniyalik va norvegiyalik olimlar COVID-19 odamlar tomonidan yaratilganiga oid dalillar borligini aytgan. Ularning fikriga ko‘ra, COVID-19 laboratoriyada yaratilgan, shundan so‘ng xitoylik olimlar “izlarni yashirish uchun” virusning ko‘rshapalaklardan kelib chiqqani to‘g‘risidagi versiyani ilgari surgan.

Iyun oyida JSST rahbari Tedros Gebreyesus tashkilot COVID-19 kelib chiqishi bo‘yicha tekshiruvning ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgandi. Gebreyesus buning uchun Xitoydan oshkoralik va hamkorlik talab etilishini aytgan. Tekshiruvning birinchi bosqichida Uxan virusologiya institutiga tashrif buyurgan mutaxassislar koronavirusning institut laboratoriyasidan tarqatilgani “ehtimoli juda kam” degan xulosaga kelgandi.

COVID-19 ning sun’iy kelib chiqishi versiyasi AQShda bir necha bor ilgari surilgan. Xususan, sobiq prezident Donald Tramp razvedka xizmatlarida virus Uxandagi laboratoriyadan sizib chiqqani to‘g‘risida yetarli dalillar mavjudligini ta’kidlagan. Biroq maxsus xizmatlar bunga bevosita dalillari yo‘qligini bildirgan.