Tojikiston Chegara xizmatining MI-8 vertolyoti 4-avgust kuni rossiyalik turistlarni qutqarish uchun uchib ketib, halokatga uchradi, deb xabar bermoqda Asia-Plus ishonchli manbasiga tayanib. Oqibatda bir kishi — uchuvchi halok bo‘lib, yana to‘rt kishi turli darajada jarohatlangan.
Vertolyot Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Vanj tumanidagi Rovand jamoatida joylashgan Poyi Mozor qishlog‘i yaqinida Abdulqahhor darasidagi Xirson muzligiga qo‘nish chog‘ida halokatga uchragan.
MI-8 rusumidagi vertolyot 4-avgust kuni tog‘da qolib ketgan yetti nafar rossiyaliklarni qutqarish uchun uchib ketgan edi. Sayohatchilar Poyi Mozor darasidagi muzlikka chiqayotgan vaqtida ular bilan aloqa uzilgan. Bundan avval — 28-iyul kuni ular guruhdagi bir kishi qor ko‘chkisi ostida qolganini ma’lum qilgan.
Safar tashkilotchilari turoperatorlar uyushmasi qoshidagi tog‘-qutqaruv markaziga yordam so‘rab murojaat qilgan.
Nashr manbasiga ko‘ra, vertolyot 4-avgust kuni ertalab 08:00 da uchib chiqqan, 12:10 da esa radarlardan yo‘qolgan va u bilan aloqa uzilgan.
Hodisa haqidagi tafsilotlar rasman ma’lum qilinmayapti. Respublika Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi avvalroq nashrga chegara patruli vertolyoti uchib ketgani, ular boshqa hech narsani bilmasligini ma’lum qilgan.
Boshqa OAVlar jabrlanganlarga yordam berish uchun qutqaruvchilar yuborilgani, ular yaradorlarni xavfsizroq joyga o‘tkazishda ko‘maklashishi haqida yozmoqda. Ayni vaqtda g‘oyib bo‘lgan turistlar ham qidirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Tojikiston kuch tuzilmalari, shu jumladan, Chegara qo‘shinlari va Milliy gvardiya vertolyotlari ba’zan qutqaruv operatsiyalariga jalb qilinadi. Bu vertolyotlarning barchasi eski bo‘lib, sobiq ittifoq davridan qolgan.
Izoh (0)