Vaksinadan keyin har 1000 ta emlangandan 4 tasida nojo‘ya ta’sirlar bo‘lishi ehtimoli me’yor sifatida tan olingan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
– Aholidan vaksinalarning sifatsizligi, ularning nojo‘ya ta’sirlari yuzasidan shikoyatlar ham bo‘lib turibdimi?
“Vaksinalardan keyin nojo‘ya ta’sirlar bo‘lishi ehtimoli bor. Bular nimalar bo‘lishi mumkin? Bu – qon bosimi, tana harorati ko‘tarilishi, emlangan joyda og‘riq, qichishish paydo bo‘lishi, toshma toshishi va holsizlanish kabi belgilar paydo bo‘lishi mumkin.
Shu bois ham koronavirusga qarshi emlash shtabi qoshida maxsus ishchi guruh tuzilgan va u har bitta nojo‘ya ta’sirlar bo‘yicha axborotlarni joylardan olib, ularni monitoring qilib boradi. Har 1000 ta emlangandan 4 tasida nojo‘ya ta’sirlar bo‘lishi ehtimoli me’yor sifatida tan olingan, negaki biz organizmga begona oqsilni kiritayotgan ekanmiz, albatta, organizm unga munosabat bildirishi kerak bo‘ladi”, – deydi Nurmat Otabekov.
Bundan avval O‘zbekistonda so‘rovnoma o‘tkazilib, fuqarolarning qanchasi koronavirusga qarshi vaksina olishni xohlamasligi aniqlangani, SSV O‘zbekistonda “Sputnik V” vaksinasining ikkinchi dozasi qolmaganiga munosabat bildirgani hamda JSST qayta emlashga moratoriy talab qilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)